Havo nima?

Havo bizni har tomondan o‘rab turadi. Har bir yoriq, tuynuk, umuman boshqa biron narsa egallamagan har qanday bo‘shliq havo bilan to‘ldirilgan. Har safar nafas olganda o‘pkamizni havo bilan to‘ldiramiz. Garchi havoni ko‘ra olmasak ham, uni tatib yoki his qila olmasak (shamolsiz, sokin ob-havoda) ham, havo hech ham bo‘shliq emasdir. Havo bizni o‘rab turgan materiyaning bir qismidir. Materiya qattiq, suyuq yoki gazsimon bo‘lishi mumkin. Havo deyarli har doim gaz holatida bo‘ladi. Biroq havoni gaz deb atab bo‘lmaydi, chunki u muayyan gazlar aralashmasidan iborat. Bundan tashqari, ularning ikkitasi umumiy havo hajmining 99 foizini tashkil qiladi. Yerning istalgan joyidagi havo 78 foiz azot va 21 foiz kisloroddan iborat.

Bundan tashqari, unda har doim tirik mavjudotlar, shu jumladan, odamlar tomonidan nafas olish paytida chiqariladigan oz miqdordagi karbonat angidrid ham bo‘ladi. Qolgan bir foizi kam uchraydigan gazlar — argon, geliy, kripton, ksenon va boshqalardan iborat. Ulkan havo okeani yer yuzasidan bir necha o‘n kilometr yuqoriga cho‘zilgan. Havo materiya bo‘lgani tufayli tortishish kuchi uni yer yuzasi yaqinida ushlab turadi va kosmosda g‘oyib bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shunday qilib, biz buni sezmasak ham, havoning og‘irligi bor. Bu havoning tanamizga har tomondan taʼsir qiladigan bosimida namoyon bo‘ladi.

Xuddi shu holat dengiz tubiga tushsak ham sodir bo‘lardi, faqat bizga havo emas, balki suv bosim o‘tkazardi. Agar Yer yuzasidan yuqoriga ko‘tarilsak, masalan, baland toqqa chiqsak yoki samolyotda uchsak, undan uzoqlashgan sari havo bosimi kamayishini kuzatish mumkin. Taxminan 13 km balandlikda bosim dengiz sathidagiga nisbatan 8 baravar kam, 30 km dan ortiq balandlikda esa u deyarli yo‘q.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!