20.02.2024
Deyarli barcha momaqaldiroq va kuchli shamol bilan kelgan, oddiy boʻron ostida qolgan bo‘lsa kerak. Ammo bir vaqtning oʻzida minglab kvadrat kilometr maydonni qamrab oladigan boʻronlar ham boʻlib turadi. Bunday boʻron turlaridan biri siklon deb ataladi. Siklon paytida shamol har tomondan past bosimli maydon joylashgan boʻron markaziga qarab esadi.
Qizigʻi shundaki, bu shamollar Yerning janubiy yarimsharida soat yoʻnalishi boʻyicha, shimoliy yarimsharda esa aksincha “aylanadigan” ulkan havo spiralini hosil qiladi. Quyun (tornado) — siklonning oʻziga xos turi. U ham oddiy boʻronlar bilan bir xil sabablarga koʻra yuzaga keladi, lekin gʻayrioddiy kuch bilan namoyon boʻladi. Dastlab, biron bir sharoit tufayli havoning kuchli vertikal tortilishi paydo boʻladi. U tez koʻtarila boshlaydi va bu gorizontal havo oqimlari — vertikal oqim atrofida qarama-qarshi yoʻnalishlarda esadigan shamollar paydo boʻlishiga olib keladi.
Natijada, uyurma — spiral boʻylab yuqoriga buralib koʻtariladigan va yer yuzasi boʻylab tez harakatlanadigan ingichka havo ustuni paydo boʻladi. Bu sodir boʻlganda, markazdan qochirma kuch havoni girdobning tashqi “devorlariga” uloqtiradi, uning markazida esa past bosimli hudud hosil boʻladi. Bosim farqi shunchalik katta boʻladiki, bu hudud vakuum nasosiga oʻxshash xususiyatlar kasb etadi. Mana shu quyunlarning asosiy xavflaridan biridir. U shunday kuch bilan uylarning devorlarini “yulib olib”, ularni osmonga “soʻrib oladiki”, uylarni kartondan yasalgandek vayron qiladi. Uyurmani hosil qiluvchi shamollar ham bundan kam boʻlmagan halokatli kuchga ega. Baʼzan ular deyarli 500 km/soat tezlikka erishadi va ularga hech narsa dosh berolmaydi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.