Amazonkalar kim?
Amazonkalar haqida ma'lumot.
2 min
Tarix

Insoniyat devqomat odamlar va gʻayritabiiy kuchga ega mavjudotlar haqida koʻplab afsona, rivoyatlarni yaratgan. Ayol jangchilar qabilasi — amazonkalar haqida hikoya qiluvchi afsonalar ham keng tarqalgan. Amazonkalar jasur, urushni yoqtiradigan ayollar hisoblangan.

Afsonalarga koʻra, ular Kavkaz togʻ tizmalaridan pastga tushib, Kichik Osiyoga joylashgan. Ularni malika boshqargan, davlatdagi boshqa barcha ishlarni ham ayollar olib borgan. Ular oʻzi jang qilib, oʻz shaharlarini qurgan. Amazonkalar oraga tushib qolgan erkaklarni quvib yuborgan yoki oʻldirgan. Ammo ular Afinani zabt etishga uringanda, magʻlubiyatga uchrab, qoʻshinlari yakson qilingan.

Rafiqalari sokin, uy sharoitidagi turmush tarzini olib borgan qadimgi yunonlar yovvoyi, jasur ayollar haqidagi hikoyalardan zavqlangan. Amazonkalar qadimgi yunon sanʼatining sevimli qahramonlariga aylangan. Odatda amazonkalar ot ustida nayza, kamon va qalqon bilan qurollangan koʻrinishda tasvirlangan.

1541-yilda tadqiqotchi Fransisko de Orelana oq tanlilar orasida birinchi boʻlib Braziliya va Peru hududidan oqib oʻtadigan, ulkan daryo boʻylab boshidan oxirigacha sayohat qilgan. U yoʻlda uzun sochli hindu jangchilarni uchratgan va ularni ayollar deb oʻylagan. Shuning uchun ham u bu daryoni qadimgi yunon afsonalaridagi qahramonlar xotirasiga Amazonka deb atagan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!