20.02.2024
Lord Goratsio Nelson — Britaniya harbiy-dengiz floti tarixidagi eng mashhur qoʻmondon. U 1758-yilda tugʻilgan va shunchalik nimjon, kasalmand boʻlganki, atrofdagilar uni bir necha yildan koʻp yashamaydi deb oʻylagan. Goratsio kambagʻal ruhoniy oilasidan kelib chiqqan. U 12 yoshida uyini tark etishga va harbiy kemada yunga (kemada shogird bola, kichik matros) boʻlib ishlashga majbur boʻlgan.
Goratsio 21 yoshida fregat kapitani boʻlgan va dengizchilarga nisbatan shafqatsiz munosabatda boʻlish ularni qoʻrqoqqa aylantiradi, degan fikr bilan oʻz kemasida oʻsha davr uchun misli koʻrilmagan tartiblarni oʻrnatgan. Nelsonning zafari 1793-yilda Fransiya bilan urush paytida, “Agamemnon” kemasi rahbarligi topshirilganda boshlangan.
Keyingi uch yil ichida u oʻzini sovuqqon, jasur va aqlli kapitan sifatida koʻrsatgan. Bu davrda u Kalvi yaqinidagi jangda oʻng koʻzidan, Kanar orollari yaqinidagi jangda esa qoʻlidan ayrilgan. Tinchlik tuzilgandan soʻng uning qahramonligi saxiy nafaqa, zodagonlik unvoni va kontr-admiral unvoni bilan taqdirlangan. Ammo tinchlik uzoq davom etmagan va Fransiyada hokimiyat tepasiga Napoleon kelgach, urush yangi kuch bilan alanga olgan. Nelsonga Angliyani Misr va Hindistondan uzib qoʻyish bilan tahdid solayotgan Napoleon flotini topib, yakson qilish vazifasi yuklatilgan. Nelson jangda ajoyib gʻalaba qozonib, butun Angliyaning mashhur kishisiga aylangan.
U 1805-yil 21-oktabrda toʻsatdan vafot etadi. Angliyani Napoleon tajovuzi tahdididan himoya qilish uchun oʻz qarorgohidan chaqirib olingan lord Nelson Oʻrta dengiz flotining yakka qoʻmondonligini qabul qiladi. Nelson Trafalgar burunida boʻlib oʻtgan fransuz va ispan flotlariga qarshi dengiz jangida fransuz kemasidan otilgan mushket oʻqidan qattiq yaralanadi va admiral bir necha soatdan soʻng, jangda gʻalabaga erishilgan paytda vafot etadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.