20.02.2024
Biz har doim ham qaroqchini qahramon deb hisoblamaymiz, lekin Robin Gud bunga bir misoldir. Bosqinchilik yomon ekanini hamma biladi, ammo shunday boʻlishiga qaramay Robin Gudga qoyil qoladi. Bunday munosabatning sababi oddiy: u boylarni talon-taroj qilib, tortib olingan narsalarni kambagʻallarga bergan. Robin Gud haqiqatan ham boʻlganmi? U XIV–XV asrlarda ingliz ballada va rivoyatlaridagi eng mashhur shaxs boʻlgan. U XII asrda yashagan deb hisoblanadi.
1521-yilda lotin tilida yozilgan yilnomada ushbu qahramon haqida quyidagilar bitilgan: “Richard I davrida oʻrmonlarda Robin Gud va Kichik Jon boshchiligidagi qaroqchilar toʻdasi bekinib, ular faqat boy odamlarni talon-taroj qiladi va qarshilik koʻrsatganlarni yoki ularga hujum qilganlarni oʻldiradi. Bosqinchilik vaqtida Robin Gudga yuzga yaqin, yaxshi oʻrgatilgan kamonchilar hamrohlik qiladi va hatto 400 kishining ham ularga qarshi jang qilishga yuragi dov bermaydi. Butun Angliya Robin Gudning ishlari haqida kuylaydi. U hech qachon ayollarni xafa qilmagan va kambagʻallar mulkini tortib olmagan, aksincha ularni abbatlardan tortib olingan boyliklar bilan taʼminlagan”.
Tabiiyki, bunday odam ritsarlik axloqi va harbiy jasoratni, ayniqsa kamondan oʻq otishni qadrlagan oʻsha davrdagi odamlarning tasavvurini egallab olgani aniq.
Robin Gud haqidagi afsonalar birin-ketin paydo boʻla boshlagan. U barcha davrlarning eng buyuk kamonchisiga, zaif va kambagʻallarning himoyachisiga aylangan. Robin Gud kim boʻlgani haqida koʻplab taxminlar mavjud. Ulardan biriga koʻra, u norman istilosiga qarshilik koʻrsatgan soʻnggi anglo-sakslardan biri boʻlgan. Bundan tashqari, u haqidagi koʻplab hikoyalar boshqa afsona va rivoyatlardan olingan boʻlishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.