20.02.2024
Boshqa uy hayvonlariga qaraganda itlar koʻp asrlardan beri, uzoq vaqt davomida insonning doʻsti boʻlib kelgan. Ular odam bilan birinchi marta bundan yuz minglab yillar oldin — ulkan paxmoq mamontlar hali ham yer yuzida aylanib yurganida va odamlar gʻorlarda yashaganida doʻstlashgan. It qadim zamonlardan beri uy hayvoni boʻlsa-da, uning ayrim gʻaroyib odatlarini u hali qoʻlga oʻrgatilmagan uzoq oʻtmishiga qaytib izohlash mumkin. Olimlar itning kelib chiqishini aniqlay olmasligi juda gʻalati.
Baʼzilarning fikriga koʻra, itlar boʻri va shoqollarning chatishishi natijasida paydo boʻlgan. Bu borada ayrimlar baʼzi itlar boʻridan, ayrimlari shoqoldan, yana birisi koyotdan, toʻrtinchisi tulkidan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Haqiqatga eng yaqin nazariyaga koʻra, zamonaviy it va boʻri juda uzoq, umumiy ajdodga ega. Hayvonlarning aksariyati bizning davrimizda mutlaqo foydasiz, ammo qadimda oʻzi uchun juda zarur boʻlgan odatlarini saqlab qolgan. Bu odatlar yoki boshqacha aytganda instinktlar, hatto yuz minglab yil oʻtgandan keyin ham saqlanib qolgan.
Itlarning yovvoyi hayvonlardan kelib chiqqanligini eslasak, unda ularning baʼzi odatlari tushunarli boʻladi.
It haligacha suyakni zaxira uchun koʻmib qoʻyadi, chunki uning yovvoyi ajdodlari odamlardan muntazam ravishda ovqat olish imkoniga ega boʻlmagan va kelajakda foydalanish uchun ozuqa gʻamlashga majbur boʻlgan. It kechasi uyquga yotishdan oldin oʻz atrofida uch marta aylanib oladi. Balki uning junglidagi ajdodlari shu tarzda barg yoki oʻtlar ustida yotish uchun qulay uya tayyorlagandir. It hurishi ularning boʻrilar singari gala boʻlib yashagan davrlaridan xotira boʻlishi mumkin.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.