20.02.2024
Biz oilalarga boʻlingan jamiyatda yashaymiz. Oilamiz va qarindoshlarimiz bizning sulolamizni tashkil qiladi. Ammo uzoq ajdodlarimiz hozirgi vaqtda ham sivilizatsiyaning quyi pogʻonasida turgan baʼzi xalqlar singari biznikidan biroz boshqacha tarzda birlashgan. Bu xalqlar qabila boʻlib yashaydi va qabilaning barcha aʼzolari bir-biri bilan qarindoshlik rishtalari orqali bogʻlangan deb hisoblanadi. Bu bogʻliqlik haqiqiy yoki xayoliy ham boʻlishi mumkin. Odatda bunday qabilalar qadimgi ajdod — qabila asoschisiga ega va u harakatlari koʻp asrlar davomida qadrlanadigan, afsonaviy odam yoki hayvon, oʻsimlik, hatto jonsiz tabiat obyekti ham boʻlishi mumkin.
Odatda qabila aʼzolari oʻzini maʼlum bir hayvonga oʻziga xos mehr bergan qadimgi ajdoddan yoki shu hayvonning oʻzidan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Bunday hollarda qabila oʻzini shu hayvonning nomi bilan ataydi va uning ramziy tasviri qabilaning belgisi yoki totemiga aylanadi. Bunday qabila totem qabilasi deb ataladi. Koʻpgina qabilalar oʻz totemiga oʻymakor naqshli va bezatilgan totem ustunlari shaklini beradi. Bu ustunlarga totem hayvoni yoki ajdodning, shuningdek, qabila hayotida muhim ahamiyatga ega boshqa mavjudotlarning siymosi oʻyib tushiriladi.
Totem ustuni odatda qabilaning yashash joyidagi koʻrinarli joyga oʻrnatiladi. Qabila shu tarzda hurmat qozonishga va ajdodi bilan gʻururlanishini namoyish etishga harakat qiladi. Dunyoning turli burchaklarida bunday qabila shaklida yashaydigan xalqlar turli xil urf-odatlarga ega.
Juda keng tarqalgan (ayniqsa, Shimoliy Amerika hindulari orasida) odatga koʻra, bir qabila aʼzolari bir-biri bilan turmush qura olmaydi va oʻziga juftni boshqa qabiladan qidirishi kerak. Bunday nikohlar natijasida tugʻilgan bolalar ota qabilasiga emas, balki ona qabilasiga tegishli hisoblanadi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.