Suqrot kim?

Garchi Suqrotning oʻzi haqiqiy donolik hech narsaga arzimasligini anglaganini taʼkidlagan boʻlsa ham, u haqli ravishda dono odamning ideali hisoblanadi. U miloddan avvalgi 470-yilda Yunonistonning Afina shahrida tugʻilgan. Uning bolaligi va ota-onasi haqida juda kam narsa maʼlum. U hech qanday asar qoldirmagan. Biroq uning shogirdi, qadimgi buyuk yunon faylasufi Aflotun Suqrotning taʼlimoti va gʻoyalarini ustozi hayotidagi sahnalar bilan birlashtirib, dialog shaklida bayon qilgan.

Aflotunning taʼkidlashicha, Suqrot butun vaqtini Afinadagi bozorda, uni tinglashga rozi boʻlgan har qanday kishi bilan suhbat qurib oʻtkazgan. Ayniqsa, u biron-bir mavzuda qatʼiy eʼtiqodga ega boʻlganlar bilan suhbatlashishni yoqtirgan. Suqrot bunday odamlarni gapga solib, yordamchi savollar bergan, keyin esa ularning bunday ishonch bilan muhokama qilayotgan mavzusi to‘g‘risida nodon ekanligini koʻrsatib bergan.

Savollar yordamida mana shunday bahslashish “Suqrot usuli” deb nomlana boshlandi. Uning asosiy hayotiy prinsipi “Oʻzingni angla” tamoyili boʻlgan. Afinaliklar uni yoqtirmagan, chunki Suqrot ular dunyoqarashining asosiy gʻoyalarini rad etgan. Ular esa Suqrotga uning xudo, haqiqat va adolatga ishonmasligini aytgan. Miloddan avvalgi 399-yilda dushmanlari Suqrotni Afina yoshlarini axloqsizlikka oʻrgatishda va diniy majburiyatlarga eʼtiborsizlikda ayblab sudga chaqirgan.

Hech kim bu ayblovlarga ishonmagan va buni Suqrotning oʻzi ham juda yaxshi bilgan. Keyinchalik Aflotun tomonidan bayon qilingan uning suddagi himoya nutqi dadil va hazilomuz boʻlganini koʻrish mumkin. Oʻlimga hukm qilinishini bilgan holda Suqrot oʻzini haqiqatni izlashga bagʻishlab, avvalgi turmush tarzini davom ettirishini aytgan. U soʻnggi kunini qamoqda, doʻstlari bilan ruhning boqiyligi masalasini muhokama qilib oʻtkazgan. U taklif qilingan zahar solingan idishni hech ikkilanmasdan olib simirgan. Koʻz yosh toʻka boshlagan doʻstlaridan sukut saqlashni iltimos qilgan Suqrot labida tabassum bilan jon bergan.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!