2 min
Infuzoriya qanday hayvon?

Odamga eng oʻxshash hayvon bu — odamsimon maymun. U odamnikiga oʻxshash skelet tuzilishiga ega, bosh barmogʻi ham chetga qaragan va u bilan qolgan barmoqlarning uchiga teginishi mumkin. Bu esa maymunga qoʻli bilan turli xil narsalarni ushlash va daraxtlarga tirmashish imkonini beradi. Odamning bosh barmogʻi mehnat qurollaridan foydalanishga imkon beradi. Baʼzilar maymunni odamning ajdodi deb hisoblaydi, ammo bu notoʻgʻri fikr!
Evolyutsiya nazariyasiga koʻra, maymun va odam uzoq yillar avval bitta umumiy ajdoddan kelib chiqqan, ammo turli avlodlarga boʻlinib rivojlangan. Antropoidlarning yoki odamsimon maymunlarning toʻrt turi mavjud. Ularning eng katta va kuchlisi — gorilla.
Oʻlcham boʻyicha keyingi oʻrinda orangutan, soʻngra shimpanze va nihoyat eng kichigi — gibbon turadi. Gibbon odamsimon maymunlarning eng kam oʻrganilgan vakili, ammo aynan u odam bilan koʻproq oʻxshashlikka ega. Gibbon old oyog‘iga suyanib, kalovlanib yurmasdan, odam kabi tik turib yura oladi.
Ammo gibbon yerda koʻp ham yurmaydi. U uzun qoʻli yordamida shoxdan shoxga oʻtib, yerga faqat toʻkilgan barg yoki mevalarni olish uchun tushib, umrini asosan daraxtlarda oʻtkazadi. Gibbon ovqatlanish paytida odam kabi tik oʻtiradi. U oʻrgimchak, qush va tuxumlarni ham isteʼmol qilishi mumkin.
Gibbon oilasi juda ahil. Ota-ona va bola kecha-yu kunduz ajralmaydi, yosh gibbon ota-onasi bilan taxminan 6 yoshgacha birga yashagani tufayli gibbonlar oilasi 8—9 aʼzodan iborat boʻlishi mumkin. Yovvoyi junglida gibbon juda keksaygancha — 30 yoshgacha yashashi mumkin.