Uzuntumshuq nima?

Atrofimizda odam va hasharotlar oʻrtasidagi urush toʻxtovsiz davom etmoqda. Ayrim hasharotlar shunchaki infeksiyalarni tarqatadigan parazitdir, baʼzilari esa odam yetishtirmoqchi boʻlgan narsani yoʻq qilish bilan shugʻullanadi. Insoniyat uzuntumshuqlar oilasi yordamisiz ham hayot kechira oladi. Uzuntumshuqlar faqat hasharotlarning kichik sinfini tashkil qilishiga qaramay, ularning oilasi hayvonot dunyosidagi eng koʻp sonli boʻlib, 35 000 dan ortiq turga ega va, katta ehtimol bilan, uzuntumshuqlarning koʻpchilik turi hali kashf etilib, olimlar tomonidan tavsiflanmagan.

Uzuntumshuqlar bir-biridan shakli, kattaligi va rangi bilan juda farq qiladi. Odatda bu kichik hasharotlarni boshidagi xartumsimon yoki pichoq tigʻiga oʻxshash boʻrtiqlari yordamida osongina tanib olish mumkin. Bu boʻrtiqlarning uchida ogʻzi joylashgan. Urgʻochilari xartumdan tuxum qoʻyish uchun teshiklarni burgʻilash maqsadida foydalanadi. Uzuntumshuq lichinkalari odatda qalin oq qurtlarga oʻxshaydi va kattalar singari turli xil oʻsimliklarni yaxshi ishtaha bilan paqqos tushiradi.

Uzuntumshuqlarning zararkunanda deb hisoblanishiga sabab ularning benihoya darajadagi ishtahasi yoki koloniyada jonzotlar soni koʻp boʻlishi emas. Gap shundaki, ular oʻsimliklarning hayotiy va eng nozik qismlari — kurtak, meva, urugʻ, yosh novda va boshqalariga zarar yetkazadi. Shunday qilib, uzuntumshuq tashrifidan soʻng oʻsimlik oʻlimga mahkum. Turli xil don ekinlarini yakson qiladigan ombor uzuntumshugʻi oʻz oilasining eng zararkunanda vakillaridan biridir. Guruch uzuntumshugʻi esa nafaqat guruchni, balki boshqa quruq oziq-ovqat mahsulotlarini ham yoʻq qiladi.

Paxta ekinlarining eng xavfli dushmani — butun hosilni qirib tashlashga qodir paxta uzuntumshugʻi. Shunday qilib, uzuntumshuqlar odamlar uchun qanchalik zararli ekaniga oʻzingiz ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!