Lamantin nima?

Lamantin kichik kitga oʻxshaydi va u baliqlarga emas, balki sutemizuvchilarga mansub. Amerika lamantini Florida, Meksika, Markaziy Amerika va Gʻarbiy Hindiston daryolarida yashaydi. Uning uzunligi 2,5–4 metrga yetadi. Tana tuzilishiga koʻra u biroz baliqqa oʻxshaydi, lekin dumi baliqniki kabi emas, balki keng va belkurak shaklida boʻlib, qirralari yumaloq. Yuqori labi ustidagi moʻylovlarini hisobga olmaganda, qalin terisi umuman tuksiz.

Lamantin koʻrfaz, qoʻltiq va katta daryolarda yashaydi, ochiq dengizga umuman chiqmaydi. Ular odatda sayoz suvni afzal koʻradi. Bolasini ovqatlantirmaganida suvning tubiga yaqin joyda yotadi. Chuqurroq suvda koʻpincha dumaloq orqa qismini suvning ustiga chiqarib, boshi, suzgichlari va dumini suvga botirib, yuzaga yaqin joyda suzib yuradi. Lamantin sayozlikdagi oʻsimliklar bilan oziqlanadi. Ozuqani suzgichlari yordamida ogʻziga olib boradi va bitta lamantin kuniga 27 dan 45 kilogrammgacha ovqatni iste’mol qila oladi. Voyaga yetgan lamantinning vazni deyarli 700 kilogrammgacha yetishi mumkin.

Lamantinlar koʻpincha dengiz sigirlari deb ataladi, chunki ular sayoz suvlarda sigirlar kabi oʻtlaydi va tez-tez kichik podalarga toʻplanadi. Lamantinlar odatda bitta bola koʻradi, ammo baʼzida egizaklarni ham dunyoga keltirishi mumkin. Bolasini ovqatlantirish uchun ona lamantin suv yuzasiga koʻtarilib, boshi va yelkasini suvdan chiqarib, bolasini suzgichlari bilan “bagʻriga bosadi”.

Lamantinlar juda sekin harakatlanadi va mutlaqo bezarar. Ammo bugungi kunda ham ular qayerlardadir goʻshti, terisi va yogʻi uchun ovlanadi.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!