20.02.2024
Dunyodagi birinchi teleskopni gollandiyalik optik mutaxassis Xans Lippertey yasagan. Biroq undan oldin ham XIII asrdan boshlab, turli olimlar kattalashtiruvchi linzalar bilan tajribalar oʻtkazgan. Oʻta qashshoqlikda yashagan Lipperteyning ixtirosi eʼtiborga olinmagan va bir yildan soʻng oʻzining birinchi teleskopini yaratgan italiyalik astronom Galileo Galiley bu qurilmaning yaratuvchisi deb hisoblana boshlangan. Bu juda qoʻpol va sodda qurilma boʻlgan: Galiley teleskoplarining eng kuchlisi atigi 33 baravar kattalashtirishga qodir boʻlgan va u orqali osmonning juda kichik qismini (Oyning chorak qismi kattaligida) kuzatish mumkin boʻlgan.
Shunga qaramay, uning yordamida Galiley olamshumul kashfiyotlar qilishga muvaffaq boʻlgan: u birinchi boʻlib Saturn halqalari va Yupiterning toʻrtta yoʻldoshini topgan, Oydagi togʻ hamda kraterlarni koʻrgan. Bugungi kunda Galiley oʻz ixtirosida foydalangan tamoyil teatr durbinlarida qoʻllaniladi, chunki ulardan yirik kattalashtirish va keng maydonni qamrab olish talab qilinmaydi. Ammo teleskoplarning oʻzi Galiley davridan beri juda ham oʻzgargan. Elektronika asri kirib kelishi bilan tubdan yangi qurilma — radioteleskopni yaratish imkoni paydo boʻldi.
Birinchi radioteleskop Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin koʻp oʻtmay yaratildi va shu vaqtdan beri doimiy ravishda takomillashtirilib kelinmoqda. Bu qurilma xuddi koʻzimiz yulduzlardan chiqayotgan yorugʻlik toʻlqinlarini koʻrgani kabi ular chiqaradigan radio toʻlqinlarni “koʻradigan” ulkan koʻzga oʻxshaydi. Teleskop koʻzgusi likopcha shaklidagi ulkan, katta diametrli radio toʻlqinlar qaytargichidir. Uning oddiy teleskopga nisbatan katta afzalligi shundaki, u hatto eng ilgʻor optik asboblar yordamida aniqlash imkoni boʻlmagan, juda kam yorugʻlik chiqaradigan yoki umuman chiqarmaydigan yulduz va galaktikalarni aniqlay oladi.
Shuningdek, radioteleskop kosmosdagi ulkan boʻshliqlarni toʻldirgan gaz yoki kosmik chang birikmalari orqasidagi obyektlarni koʻra oladi. Bundan tashqari, undan har qanday ob-havoda foydalanish mumkin, chunki radio toʻlqinlar Yer atmosferasidagi bulutlar orqali oson oʻtadi. Diametri 300 m boʻlgan dunyodagi eng katta radioteleskoplardan biri amerikalik olim tomonidan Puerto Rikodagi soʻngan vulqon kraterida qurilgan. Diametri 600 m boʻlgan, aylana boʻylab joylashtirilgan sobit elementlardan iborat oʻziga xos radioteleskop 1976-yilda SSSRda, Shimoliy Kavkazda oʻrnatilgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.