20.02.2024
Koʻllar bu — dengizdan uzoqda joylashgan, yer yuzidagi botiqlarni toʻldirgan suv havzalari. Bu botiqlar havzalar deb ataladi. Koʻllar suvning quyi joylarga oqib kelishi natijasida hosil boʻlgan. Ular asosan yomgʻir va qor erishi hisobiga toʻladi. Suv havzaga soy, kichik va katta daryolar, yerosti buloqlari va yerosti suvlari orqali kelib tushadi. Koʻl havzalari bir necha usulda hosil boʻladi. Masalan, ba’zi koʻllar yer qobigʻining yorilishi va deformatsiyasi natijasida paydo boʻlgan.
Shimoliy Аmerikadagi Yuqori koʻl bu turdagi koʻlga misol boʻla oladi. Ba’zida koʻllarning paydo boʻlishiga vulqonlar sababchi boʻladi — lava oqimi vodiylarda suv oqimini toʻsishi va havza hosil qilishi mumkin. Ba’zida soʻngan vulqon krateri suv bilan toʻladi. AQShning Oregon shtati janubidagi krater koʻli ana shunday koʻllardan biridir. Koʻp koʻllar muzlik eroziyasi natijasida hosil boʻlgan havzalarni egallaydi. Kanadadagi Yuqori va Vinnipeg koʻlidan tashqari barcha Buyuk koʻllar bu turdagi koʻllarga misol boʻladi. Sohillarda toʻlqinlar va qirgʻoq oqimlari ba’zan dengizdan tor dengiz koʻrfazlarini ajratib qoʻyadi, vaqt oʻtishi bilan koʻrfaz va daryo etagidan koʻllar hosil bo‘ladi.
Ba’zan daryoning asosiy oqimi toshqin paytida choʻkindi (loy va tuproq) yigʻib, oʻziga vodiy qurishi mumkin. Natijada irmoq vodiylari toʻlib, koʻl hosil qiladi. Tuproq ostida ohaktosh bor joylarda yerosti suvlari uni eritib, olib ketadi, natijada hosil boʻlgan katta yerosti boʻshliqlarining oʻrnida koʻl hovuzlari paydo boʻladi.
AQShning Florida shtatida bu kabi koʻllar koʻp. Bundan tashqari, koʻllar sun’iy ravishda ham yaratilishi mumkin. Аgar daryoda toʻgʻon qurilsa, u suv oqimini toʻsib qoʻyadi va oqibatda koʻl hosil boʻladi. Masalan, Mid koʻli Kolorado daryosida Guver toʻgʻoni qurilganida paydo boʻlgan.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.