20.02.2024
Daraxtlar yashil oʻsimliklar ichida eng koʻhnasidir. АQSh shimoli-gʻarbidagi ayrim sekvoyyalarning yoshi 4000 yildan oshadi. Bu ular Kolumb Аmerikani kashf etganda ham xuddi shu koʻrinishda boʻlganini anglatadi. Daraxtlar yashil oʻsimliklar ichida ham eng kattasidir.
Ma’lumki, AQShning Kaliforniya shtatidagi ulkan sekvoyyalar Yer yuzidagi eng baland daraxtlar sanaladi. Gumboldt milliy oʻrmonida dunyodagi eng baland daraxt oʻsadi. U “Аsoschi daraxti” deb atalib, boʻyi 110 metrdan oshadi.
Аyrim yirik mutaxassislar koʻp yillar avval Аvstraliyadagi evkalipt daraxti ham Kaliforniya sekvoyyalari singari baland daraxt boʻlgan deb hisoblashadi, ammo ular ayni paytda sekvoyyalardan oʻrtacha 15 metrga pastroq. Yana bir sekvoyya bilan boʻylashadigan daraxt bu — aksariyatining boʻyi 91 metrdan oshadigan Duglas oqqaragʻayidir.
Daraxt ildizlari tuproqdan suv va mineral moddalar yutishi bilan birga daraxtlarni yerda tutib turadi. Katta daraxtni tutib turish uchun kuchli ildiz tizimi kerak. Siz daraxtning ildiz tizimi daraxt tepasidagi shox-shabbasi qancha joyni egallagan boʻlsa, u ham yer ostida shuncha joy egallashini eshitganmisiz?
Olimlar daraxt yoshini tanasidagi halqalar soni yordamida hisoblashni oʻrganib olishdi. Koʻp daraxt turlari koʻndalang kesilganda, ularda halqalar borligini koʻrish mumkin. Har yili poʻstloq ostidagi yogʻoch qatlam ustida yangisi paydo boʻladi. Bu qatlam halqa hosil qiladi. Daraxt tanasidagi har bir halqa uning yoshidan dalolat beradi. Yangi qatlam yoki halqa qoʻshilgani sari tana yoʻgʻonlashib boraveradi. Daraxtlarda halqa nafaqat tanaga, balki shoxlarga ham qoʻshiladi, ular esa har yili boʻyiga oʻsadi.
Demak eng baland daraxt unvoniga, shubhasiz, sekvoyya daraxt turlari ega ekan. 🌳
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.