1-qism. Sigan va Dezik: tarixdagi birinchi “suborbital sayyohlar”
8 min
14.04.2023
Fizika va astronomiya

1951-yil 22-iyulda Sigan va Dezik tarixda birinchi marta suborbital parvozdan sog‘-salomat qaytib keldi. Kosmonavtika tarixchisi Pavel Shubin sovet arxiv hujjatlarini o‘rganib chiqib, “koinot itlari” tarixini aytib beradi, parvozlarni tasvirlaydi va nima uchun kimlardir Sigan va Dezikni “astronavt” deb hisoblay olmasligini tushuntiradi.

Koinotga sayyohlik parvozlari biz uchun odatiy voqelik toifasiga o‘tishga jiddiy tayyorlanmoqda. 2021-yil 11-iyulda olti o‘rindiqli VSS Unity raketaplani 86 km balandlikka muvaffaqiyatli uchdi, shu oyning 20-kunida esa New Shepard yo‘lovchilari astronavtlarga aylandi.

Suborbital parvozlar davri roppa-rosa 70 yil oldin – 1951-yil 22-iyulda boshlangan. Shu kuni tarixda birinchi bor sovet itlari — Sigan va Dezik koinotdan qaytdi.

Jahon miqyosidagi bunday muhim voqea bir oddiy sababga ko‘ra e’tibordan chetda qoldi — u maxfiy edi. O‘n yil o‘tgach, Gagarinning parvozi paytida, birinchi fazoviy sayyohlar esga olindi, lekin bo‘lgan voqeani bayon qilish bilan cheklandi. Yaqin vaqtgacha ushbu parvozlar haqidagi barcha ma’lumotlar Vladimir Yazdovskiyning 90-yillarda nashr etilgan xotiralariga asoslangan edi. Afsuski, bugungi kunda aniq bo‘lishicha, o‘sha paytda katta xatoga yo‘l qo‘yilgan.

Ushbu maqola o‘tgan asrning 50-yillarida qizg‘in izlanishlar asosida yozilgan asl hisobotlar tahliliga asoslangan. Ishonch bilan taxmin qilishimiz mumkinki, bu 70 yil ichida birinchi tirik mavjudotlarning atmosferadan tashqariga, koinotga qanday chiqib ketgani va undan muvaffaqiyatli qaytgani haqidagi hikoyani to‘g‘ri, haqqoniy tasvirlaydigan birinchi nashrdir. Buning uchun 1951-yildagi quyidagi hujjatlar o‘rganildi:

— “Kichik germetik kabinada hayvonlar uchun fiziologik va gigiyenik sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha eksperimental tadqiqotlar”;

— “1-RB raketasida parvoz paytida hayvonlarning omon qolishi va hayotiy faoliyat imkoniyatlarini o‘rganish”;

— “Yuqori atmosfera qatlamiga parvozlar paytida hayvonlarning omon qolishi va hayotiy faoliyat imkoniyatlarini o‘rganish”.

Hozirda ular Rossiya davlat ilmiy-texnik hujjatlar arxivida saqlanmoqda.

70 yil oldin hech kim birinchi fazoviy sayyohlarni qanday xavf-xatarlar kutayotganini va ular parvoz oldidan qanday holatda bo‘lsalar xuddi shunday holatda qaytishini ayta olmasdi.

O‘sha vaqtdayoq olimlar fazoviy nurlanish va uning asosan atmosfera bosqichida so‘ndirilishi haqida bilgan. Ammo koinotdagi intensivlik, shuningdek, insonga ta’siri haqidagi taxminlar butunlay xayoliy edi. Birinchi raketa parvozlari paytida fazoviy zarralarning fotografik plastinkadagi izlari ba’zan bir necha santimetrga yetgandi. Bunday zarrachaning ta’siri juda nozik steril ignani odamga sanchish bilan solishtirilgan. Ignaning qo‘l yoki oyoqqa sanchilishi, ehtimol, odamda og‘riqsiz bo‘lishi mumkindir, ammo u miyaga sanchilsa-chi?

Yana bir katta masala — vaznsizlik muammosi edi. Biz butun hayotimizni Yerning tortishish kuchi ta’sirida o‘tkazamiz. Aynan shu sharoitda bizning organlarimiz shakllanadi va XX asrning o‘rtalarida hech kim organlar vaznsizlik holatida qanday bo‘lishini ishonch bilan aytolmasdi. To‘liq miqyosli tajribasiz esa bu savolga javob berish mumkin emas edi.


Nimada uchishgan?

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dastlab faqat urush uchun ishlab chiqilgan juda jiddiy vosita – nemislarning “Fau-2” ballistik raketasi olimlar qo‘liga tushib qoldi. O‘sha vaqtda samolyotlar 17 kilometr balandlikka, stratostatlar esa 22 kilometrgacha ko‘tarila olardi. Lekin London tomon uchirilgan standart “Fau-2” jangovar raketasi trayektoriyasining eng baland nuqtasi 80–90 kilometrni tashkil etgandi. 1944-yilda amalga oshirilgan vertikal parvozlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bunday parvozlar paytida raketa 180–190 kilometr balandlikka qadar uchgan.

Shunday qilib, 40-yillarning ikkinchi yarmida nemis raketalari o‘zining ilmiy faoliyatini boshladi. AQShda bu maqsad yo‘lida qo‘lga kiritilgan “Fau-2” lardan foydalanilgan va SSSRda esa birinchi bo‘lib R-1 indeksi ostida raketaning nusxasini va u asosida 1-RA, 1-RB, 1-RV indeksli akademik raketalarini ishlab chiqarish boshlandi. 1-RB va 1-RV raketalari hayvonlarni koinotga jo‘natish uchun maxsus yaratilgan edi.

1-RB raketasi parvozdan oldin. RGANTD

Rasmiy ravishda ular ustida ishlar 1949-yil 30-dekabrda SSSR Vazirlar kengashining qarori bilan boshlandi. Tajriba uchun 5–6 ta uchuvchi va bitta zaxira raketa ajratildi. Aviatsiya tibbiyoti ilmiy-tadqiqot institutining o‘sha paytdagi kafedra mudiri, professor Yazdovskiyning xotiralariga ko‘ra, ishlar bir yil oldin muhokama qilingan:

“Bir kuni kechqurun uyimdagi telefon jiringladi. Erkak kishi jiddiy ovoz bilan qisqacha o‘zini Korolyev deb tanishtirdi va bir-ikki daqiqa suhbatning o‘zida men u bilan ertaga kechki ovqatdan keyin Jukovskiy akademiyasidan unchalik uzoq bo‘lmagan Petrovskiy-Razumovskiy bog‘ida uchrashishga rozi bo‘ldim. Hozir aniq sanani eslay olmayman, lekin 1948-yil, kech kuz edi. Daraxtlarning barglari atrofga to‘kilar va kunning ikkinchi yarmida odatda yomg‘ir yog‘ishni boshlardi. G‘ira-shira yorug‘likda oldimda kutilmaganda qop-qora palto va shlyapa kiygan, baquvvat, gavdali kishi paydo bo‘ldi. Kuchli qo‘l siqish holati bo‘ldi. Bundan tashqari, Korolyev to‘g‘ridan to‘g‘ri, ochiqchasiga ularda 500 kilogrammdan ortiq og‘irlikdagi yukni 100 kilometr balandlikkacha ko‘tarishga qodir raketalari borligini aytdi (u mening hayratimni ko‘rganmikin?). Shuningdek, geofizik balandlikka doir tadqiqotlar allaqachon olib borilayotganini, lekin u odamlarga yo‘l ochadigan hayvonlar ustida tajribalarni boshlash vaqti kelgan deb hisoblashini ta’kidladi”.


Fazoviy itlar otryadi

Sinov obyekti sifatida “dvornyajka” itlari tanlangan edi. Tanlov akademik Pavlovdan boshlab, buyuk mahalliy an’ana bilan izohlandi. Shuningdek, “dvornyajka” lar qiyin sharoitlarga ko‘proq moslashgan deb hisoblangan. Bu fazoviy itlarning birinchi otryadi tarixining boshlanishi edi.

Dastlab, bu otryadda faqat beshta it bor edi: Mishka, Chijik, Kutsiy, Dezik va Lisa. Ularning sog‘lig‘i batafsil o‘rganilmagan, asosiy tanlov mezoni ularning vazni edi. Ularning vazni beshdan sakkiz kilogrammgacha bo‘lishi kerak edi.

Ilm-fan uchun birinchi bo‘lib Mishka va Chijik azobga duchor bo‘ldi. Ular raketada ishlatilishi rejalashtirilgan o‘lchamlarga o‘xshash bosimli kabinaga joylashtirildi. Tajribaning maqsadi, kuchuklar chiqaradigan karbonat angidrid va namlik miqdorini aniqlash edi. Ushbu ma’lumot maxsus adabiyotlarda mavjud emasdi.

2 soat 10 daqiqa davom etgan tajriba hayvonlarning og‘ir ahvoli tufayli to‘xtatildi. Itlarning nafasi sayoz va shu qadar tez ediki, hatto uni sanash qiyin kechdi. Ular stressga tushib qolgandi. Ammo asosiysi, natijaga erishildi. Kichkina kabinalardagi itlar bir soat davomida tana vaznining har kilogrammi uchun 0,795 litrgacha karbonat angidrid va 9,3 gramm namlik ajratib chiqarishi aniq bo‘ldi. Aynan shu ma’lumotlar hayvonlar hayotini qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqishga asos bo‘lgan.

Hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish va ishlab chiqish bilan bir vaqtda itlarni kabinaga ko‘nikishga o‘rgatish boshlandi. Bu borada Pavlov usuli qo‘llandi.

Kuchuklardan biri erkin holatda germetik kabinaning maketiga joylashtirildi va 2–3 daqiqadan so‘ng unga shartli ogohlantiruvchi – chaqiruv signali berildi, keyin yegulik bilan siylandi. 8–12 takrordan so‘ng kuchuk signalni eshitiboq, mustaqil ravishda germetik kabinaning modeliga kirdi va u yerdagi shirinlikni yedi. Shundan so‘ng olimlar uni maxsus uskunaga mahkamlab, kabinada qoldirdi.

Bu holatda itlar yarim soatdan ikki soatgacha bo‘lgan (kabinada o‘tkaziladigan vaqt asta-sekin o‘sib bordi) kabinada qoldi. Tajribadan oldin va keyin hayvonlarning vazni o‘lchandi, ularning nafas olish tezligi va yurak qisqarishi baholandi hamda signalga avvalroq shakllangan shartli refleksning saqlanib qolgani tekshirildi.

Nafas olish haqida ma’lumot olish uchun ko‘krak harakatlarini tahlil qiladigan, nisbatan ixcham qurilma ishlab chiqilgandi. Kabina havosining kimyoviy tarkibini o‘rganish uchun maxsus uskuna orqali itlarning nafas olish maydonidan havo namunalari olindi.

Barcha itlar bilan kabinaga ko‘nikish va ularning qulay joylashishini tahlil qilish uchun hammasi bo‘lib 39 ta tajriba o‘tkazildi.

Qizig‘i shundaki, hayvonlar o‘zini turlicha tutdi. Chijik va Mishka qo‘ng‘iroqqa javoban kameraga yugurar, o‘sha yerda ovqatning bir qismini olar va darhol uni yerdi. Kutsiy kameraga kirmasdi, lekin boshini kameraning lyukiga tiqib, shirinlikni olardi va bir chetga qochib ketardi. Dezik goh kamerada ovqatlanar, gohida Kutsiy kabi harakat qilardi. Liza esa sheriklaridan tubdan farq qilardi. Qo‘ng‘iroqqa javoban u kameraga yugurardi, lekin ichkariga kirmasdi. Faqat mehr bilan uni silashsa, juda ehtiyotkorlik bilan kameraga kirardi va ba’zida ovqatdan bosh tortardi.


Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13667


Muallif: Pavel Shubin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Цыган и Дезик: первые суборбитальные туристы в истории” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!