Sovuq Qizil pakana atrofidagi yashash uchun qulay muhitda super Yer topildi
Sovuq Qizil pakana yulduzlari yaqinida ikkita super Yer topildi. Yangi yerlar yashash uchun qanchalik yaroqli? Maqolada batafsil ma'lumot o'qing.
Oʻrta
4 min
27.03.2023
Fizika va astronomiya

Yerda joylashgan va kosmik teleskoplardan foydalangan holda astronomlar Quyoshga yaqin boʻlgan sovuq Qizil pakana yaqinida ikkita super Yerni topdi. Shu bilan birga, sayyoralardan biri yashash hududida joylashgan, ammo uning ichki chegarasi va sayyoraning oʻlchami hali aniqlanmagan. Shunga qaramay, bu “Jeyms Uebb” teleskopi uchun ajoyib nishon boʻlib, teleskop undagi atmosferani topa oladi. Maqola Astronomy&Astrophysics jurnalida chop etilgan.

“Yulduzlarning effektiv harorati — ulardan sayyoralarga nurlanish oqimi” diagrammasida yangi kashf etilgan ekzosayyoralar va boshqa maʼlum ekzosayyoralarning sovuq Pakanalar atrofidagi, shuningdek, Quyosh tizimidagi sayyoralar holati tasvirlangan. Belgilarning oʻlchami sayyoralar radiusiga mutanosib boʻlib, rangli chiziqlar yashasa boʻladigan hududlar chegarasini belgilaydi. Letitsiya Delrez va boshqalar / Astronomy&Astrophysics jurnali, 2022-yil

Zamonaviy sayyorashunoslik fanining asosiy vazifalaridan biri, ekzosayyoralarning atmosferalarini, ayniqsa “ota-ona yulduz”larining yashash zonalariga kiradigan atmosferalarni aniqlash va oʻrganish boʻlib qolmoqda. Bu bizga ularda hayot mavjud boʻlishi uchun ehtimoliy muvofiqlikni baholash imkonini beradi. Ushbu muammoni hal qilishning asosiy tadqiqot usullaridan biri, sayyoraning yulduz diskidan oʻtishi (tranzit) yoki yulduz tomonidan sayyora tutilishi paytida tashqi qatlamlar harorati, sayyoraning kecha va kunduzgi davrlari, shuningdek, atmosfera tarkibi va tuzilishini baholash, xususan, biomarkerlarni topish haqida maʼlumot beradigan spektroskopik kuzatishlarni olib borishdir. Sovuq Qizil pakanalar Quyoshga nisbatan yaqin orbitada aylanib yuruvchi, tranzit ekzosayyoralar bu usulni amalga oshirish uchun eng qulay ravishda mos keladi. Bunday tizimning eng yorqin va o‘rganilgan namunasi TRAPPIST-1 bo‘lib, u M8V spektrli mitti va Yerga o‘xshash yettita ekzosayyorani o‘z ichiga oladi. Ulardan uchtasi yashashga yaroqli hududda joylashgan.

Lyej universiteti xodimi Letitsiya Delrez boshchiligidagi astronomlar guruhi Quyoshdan yuz yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan M6V spektri tipidagi, past faollikdagi Pakana — LP 890-9 atrofida ikkita yangi ekzosayyoralar topilganini e’lon qildi. LP 890-9b sayyorasi dastlab TESS kosmik teleskopi bilan tranzit usulida, LP 890-9c sayyorasi esa Yerga asoslangan SPECULOOS tizimi tomonidan kashf etilgan. Bu kashfiyotlar Yerda joylashgan MuSCAT3, ExTrA, TRAPPIST — Janubiy va SAINT-EX teleskoplarining fotometrik kuzatuvlari, shuningdek, “Subaru” teleskopi tomonidan olingan yulduz radial tezligining tebranishlari haqidagi arxiv maʼlumotlari va Janubiy “Jemini” teleskopining bevosita kuzatishlari bilan tasdiqlangan.

LP 890-9ʼning ogʻirligi 0,118 Quyosh massasiga, radiusi 0,1556 Quyosh radiusiga va samarali harorati 2850 Kelvinga teng boʻlib, bu xususiyatlar uni TRAPPIST-1’dan keyin ikkinchi eng sovuq yulduzga aylantiradi. Unga eng yaqin boʻlgan LP 890-9b sayyorasi orbital davri 2,73 Yer kuni, radiusi 1,32 Yer radiusiga teng boʻlib, u yulduzdan Yer Quyoshdan oladigan miqdordan 4,09 marta koʻproq nurlanish oladi. LP 890-9cʼning orbital davri 8,46 Yer kuni, radiusi esa 1,367 Yer radiusidan iborat boʻlib, unga yulduzdan yetib kelgan nurlanish oqimi Yerning 0,906 miqdoriga tengdir.

Sayyoralarning ogʻirligiga kelsak, olimlar faqat 2 sigma statistik ahamiyatiga ega boʻlgan, yuqori chegaralar massalarini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Bunda ichki sayyora 13,2 Yer ogʻirligidan va tashqi sayyora esa 25,3 Yer ogʻirligidan iboratligi bilindi. Olimlarning taxminiga koʻra, super Yerlar qatoriga kiradigan LP 890-9b va c modellari ularning ogʻirligi mos ravishda 2,3 va 2,5 Yer massasini tashkil etishini koʻrsatdi. Massani aniq baholash uchun kuchliroq teleskoplar yordamida yulduzning radial tezligidagi tebranishlarni uzoqroq muddat kuzatish kerak.

LP 890-9c tadqiqotchilarda alohida qiziqish uygʻotmoqda, chunki u yashashga yaroqli hudud chegarasida joylashgan boʻlib, hududning ichki chegarasiga juda yaqin, bu yerda esa nazoratsiz issiqxona effekti yuzaga kelib, sayyora yuzasidan suvning bugʻlanishiga sabab boʻladi. Bunday hodisa sayyorani suv bugʻiga boy boʻlgan atmosferani qidirishga ixtisoslashgan “Jeyms Uebb” kosmik teleskopi yordamida spektroskopik tadqiqotlar uchun juda qulay obyektga aylantiradi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы отыскали суперземлю в обитаемой зоне близкого холодного красного карлика” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Jeremy Müller / pexels.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!