Shvetsiyadan 1000 ta mashina o‘g‘irlagan Shimoliy Koreya
Shvetsiyadan 1000 ta mashina o‘g‘irlagan Shimoliy Koreya
5 min
15.12.2023
Iqtisodiyot

Shimoliy Koreya yoʻllarida harakatlanayotgan xitoy, sovet va koreys-sovet avtomobillaridan tashqari Shvetsiyaning Volvo 144 rusumli ulovlarini ham uchratish mumkin. Ular bu mamlakatga qanday kelib qolgan? Ushbu 1000 ta avtomobil uchun pul haligacha toʻlanmagani tostmi?


Amerikalik jurnalist Urban Lehner 1989-yilda Shimoliy Koreyaga xizmat safariga boradi va safar taassurotlarini quyidagicha tasvirlaydi: 

“1973-yilda chiqqan Volvo besh chiziqli katta yoʻlning u yogʻidan bu yogʻiga katta tezlikda ketardi. Boshqa davlatda birinchi chiziqdan beshinchisiga bunday keskin oʻtish suiqasdga teng boʻlardi, ammo Shimoliy Koreyada mashinalar shunchalik kamligidan butun yoʻlni oʻzingniki deb oʻylash mumkin”. 

Urban Lehner ikki haftalik safarini shu Volvoda oʻtkazganini, unga biriktirilgan haydovchi va tarjimon bilan xuddi bir oiladek boʻlib ketganini ham eslab oʻtadi. Shuningdek, u deyarli “oʻgʻirlangan” mashinada yurganidan ham xabardor edi. Shimoliy Koreyada “oʻgʻirlangan” mashinada yurish tarixini bir boshidan soʻzlab beramiz.

Shvetsiyadan 1000 ta mashina o‘g‘irlagan Shimoliy Koreya
Pxenyan koʻchalari, 2010-yil / Roman Harak / flickr.com

Oʻtgan asrning 70-yillarida Shimoliy Koreya investorlar uchun yangi va shu sababdan ham qulay bozor kabi koʻrilar edi. Buning sababi u paytlar bu davlat hozirgidek emas, balki gullab yashnayotgan mamlakat kabi koʻrinardi. Oʻshanda uning Sovet Ittifoqi va Xitoy bilan aloqalari yaxshi boʻlib, ular koʻmagida koʻp sohalarni rivojlantira boshlagandi. Ayni shu jihatlari shved tadbirkorlarini jalb qilgani uchun ham shvedlar Shimoliy Koreya bozori bilan qiziqqan ilk gʻarb davlatlaridan boʻldi. Shvedlar Shimoliy Koreya hukumatiga murojaat qilib, iqtisodiy ahvoli rivojlanib borayotgan davlatga oʻz mahsulotlarini taklif qiladi. Hukumat esa bu taklifni bajonidil qabul qiladi. Eksport kompaniyalari katta hajmdagi tijorat shartnomalarini imzolaydi va shu tariqa Shvetsiyadan Shimoliy Koreyaga texnologik jihozlar, togʻ-kon sanoati texnikasi va 1000 dona Volvo avtomobili keltiriladi. Shved eksport mutaxassislari rivojlanib borayotgan davlat bozoridan yaxshi foyda olishni koʻzlagan edi. Urushdan keyin tiklangan iqtisodiyot va sanoatlashgan davlatchilikning tashkil qilinishi ularga umid bergandi.

Shvedlar Shimoliy Koreyaga 70 million dollarlik mahsulot yetkazib beradi, bunday katta hamkorlikdan soʻng investorlar oʻz hukumatiga Shimoliy Koreyada elchixona ochish bilan murojaat qiladi. Shu tariqa Shvetsiya 1975-yilda mamlakat poytaxti Pxenyanda elchixona ochgan birinchi gʻarb davlatiga aylanadi.

Shvetsiyadan 1000 ta mashina o‘g‘irlagan Shimoliy Koreya
Shvetsiyaning Pxenyandagi elchixonasi / wikipedia.org

Birinchi shved elchisi Erik Kornell 1975-yil qish oyidan boshlab vazifasini bajarishga kirishadi. U Shimoliy Koreya haqida shunday taassurotlar bilan boʻlishadi: 

“Bu juda zerikarli davlat edi, havosi sovuq, qorli va shamolli edi. Bu yerda hammasini noldan boshlash kerakligini tushungandim”. 

Kornell 1977-yilgacha elchilik vazifasini bajaradi. Poytaxtda deyarli ish ham boʻlmasdi. “Shunchaki kafe yoki restoranga kiray desang, bunday narsaning oʻzi ham yoʻq edi”, — deydi u. Kornell mamlakatdagi iqtisodiy holatni oʻrganishi lozim edi va u tezda holat yaxshi emasligini anglab yetadi. Pxenyanda elchixona ochilishi bilan Gʻarb bilan savdo aloqalari negadir toʻxtab qoladi. Shimoliy Koreya import qilingan mahsulotlar uchun toʻlov ham qilmaydi. Toʻlov muddati yetib keladi, qarz boʻyicha foizlar ham oshib boradi va Shimoliy Koreya bunday investitsiyalarga tayyor emasligi yuzaga chiqadi. 

Kornellning 2002-yilda yozgan “Shimoliy Koreya kommunizm davrida: jannatga yoʻl olgan elchining bayonoti”da Shimoliy Koreya oʻz imkoniyatlariga ortiqcha baho berib yuborgani aytiladi. Bu mamlakat boshqa sanoatlashgan mamlakatlarga yetib olishni koʻzlagan boʻladi, ammo Kornellning qayd etishicha, ular kommunizm qopqonidan tashqarida qanday qilib biznes olib borish mumkinligidan xabardor boʻlmagan va iqtisodiyot ogʻir ahvolga tushib qolgan. Olib kelingan sanoat qurilmalari esa katta ehtimol bilan ishlatilmasdan, omborlarda zanglashga mahkum qilingan.

Ammo Volvo avtomobillari koreyaliklarga juda yoqib qoladi va ulardan hanuz chet ellik mehmonlarni kutib olish hamda mamlakat ichida olib yurishda foydalaniladi. Avtomobillarni Shimoliy Koreyaga olib kirishda tuzilgan shartnoma 3 million dollarni tashkil qilgan boʻlsa, hozirga kelib qarz 330 million dollarga yetgan va bu Shvetsiyaning boshqa davlatlarga bergan qarzining 45 foizini tashkil qiladi. Shvetsiya yiliga ikki marta Shimoliy Koreyaga qarz haqida eslatib turadi, ammo Shimoliy Koreya hukumati bunga hech qanday javob qaytarmaydi. 

“Oʻgʻirlangan Volvo”lar tarixini ochiqlashga qaror qilgan Newsweek jurnali maxsus izlanishdan soʻng, 1970-yillarning boshida chindan ham Shimoliy Koreya iqtisodiyotida birmuncha oʻsish kuzatilganini qayd etadi. Mamlakatga investitsiya kiritishga qaror qilib, oqibatda pulsiz qolganlar qatorida Rolex kompaniyasi ham borligi va Shimoliy Koreyaga taxminan 6 million dollarlik soat yuborgani qayd etiladi.

Shunday boʻlsa ham, Shimoliy Koreyada ochilgan shved elchixonasi qaysidir maʼnoda bu kommunistik hukumatga biroz ishonch tuygʻusini uygʻotgan. Shvetsiya hanuz Pxenyanda oʻz elchixonasiga ega va Shimoliy Koreya hamda tashqi dunyo orasidagi bogʻlovchilik vazifasini kengaytirib, insoniylik yordami bilan ham xizmat qilmoqda.


Manbalar: techinsider.ru, npr.org
Muqova surat: Pxenyan koʻchalari, 2012-yil / Tanya Prokishyun / flickr.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!