20.02.2024
Fillarga xartum nima uchun kerakligi xususida biror taxminlaringiz bormi? Ehtimol, agar fil so‘zlay olganida edi, bu savolga: “Mening xartumim — qo‘llarimdir”, — deya javob bergan bo‘lar edi. Haqiqatan, bizning qo‘llarimiz vazifasini fillarda ularning xartumi bajaradi. Uning yordami bilan ular hamma narsani bajara oladi: fil o‘zining xartumi yordamida ehtiyotkorlik bilan bir dasta o‘tni olishi, 270–350 kg gacha bo‘lgan yukni ko‘tarishi mumkin; fillar suvni nasos kabi xartumiga tortib, ustiga quyadi; yo‘llarini bo‘shatadi, baland daraxtlarning shoxlarini yulib, og‘ziga soladi; shuningdek, xartumi bilan karnay chaladi.
Fil xartumida suyak bormi?
Eng qiziq jihati shundaki, fillar xartumida suyaklar mavjud emas. Bir tomondan bu yaxshi, sababi — agar ichkarida mustahkam suyak tayog‘i bo‘lmasa, bu fillarga ko‘proq erkinlik beradi — xartumni istalgan joyga aylantirish mumkin. Ammo suyak nafaqat harakatni cheklaydi, balki mushaklarni qo‘llab-quvvatlaydi ham. Tasavvur qiling-a, qo‘limiz suyaksiz bo‘lganida, u bilan nima qila olishimiz mumkin bo‘lar edi?
Xartum vazifalari nimalardan iborat?
Ovqatlanish va suv ichish uchun. Filning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki, u ovqatni boshqa sutemizuvchilar singari og‘zi bilan emas, balki burni bilan oladi va isteʼmol qiladi! Xartum yordamida fil asosan o‘simlik, sabzavot va mevalar bilan oziqlanadi. Bu hayvon suvni xartum bilan ichadi. Fillar bir kunda o‘rtacha 150 litr suv ichishi mumkin. Haddan tashqari issiqlik va qurg‘oqchilik paytida esa ular yerosti suvlarini qazib oladi: ular tishlari yordamida yerni qazib, suvni xartumi orqali oladi. Qiziq bir fakt — fillar xartumiga 8 litr suv sig‘ar ekan!
Fil xartumi — aloqa uchun vosita. Olimlar fillar bir-biri bilan bir necha usul orqali aloqa qilishi mumkinligini aniqladi. Birinchisi — infratovush yordamida, ikkinchisi — xartum bilan. Masalan, urg‘ochi filning xartumi kichik fillarning harakatlanishiga yordam beradi va ularni yurishga o‘rgatadi. Bundan tashqari, kattalar o‘z bolalarini aynan shu xartum bilan jazolaydi. Yaʼni kichik filning onasi yoki otasi bolani noto‘g‘ri xatti-harakati uchun yengilgina “urishi” mumkin ekan. Shuningdek, xartum yordamida bu hayvonlar o‘z hissiyotlarini bildirishi — masalan, inson yelkasini muloyimlik bilan silab qo‘yish orqali o‘z minnatdorchiligini izhor etishi mumkin.
Dushmanlardan himoya vositasi. Fillar tishlaridan tashqari o‘z xartumini ham dushmanlardan himoya qilish uchun ishlatadi, sababi — bu organ juda kuchli va o‘ta moslashuvchan. Voyaga yetgan filning xartumi taxminan 140 kilogrammni tashkil qiladi, ko‘p sonli mushaklarni o‘z ichiga olgan bu xartum yordamida fil yirtqichning hujumini har ikki tomondan qaytarishga qodir.
Xartum — sezgi organi sifatida. Fil xartumidagi burun teshiklari unga hidlarni ajoyib aniqlik bilan ajratib olishga yordam beradi, chunki bu organ bir vaqtning o‘zida 40 000 retseptorga ega. Shunday qilib, fil o‘zining “uzun burni” yordamida bolasini boshqa fillar orasidan topib olishi va bir necha kilometr masofadan hidni aniqlay olishi mumkin.
“Dush o‘rniga fil xartumi”. Xartumi yordamida fil hatto yuvinishga qodir. U buni quyidagicha amalga oshiradi: avval u o‘z ustidan suv quyadi, so‘ngra zararli hasharotlar va boshqa noxush taʼsirlardan himoya qobig‘ini yaratish maqsadida tanasini qum yoki tuproq bilan qoplaydi.
Xartum qanday harakatlanadi?
Fil xartumining mushaklari qo‘l mushaklaridan farq qiladi va ular biroz boshqacha ishlaydi. Biroq Jeneva universiteti xodimlari Current Biology jurnalida yozganidek, xartum harakatlarida bizning qo‘llarimiz bo‘ysunadigan baʼzi jihatlarni ko‘rish mumkin. Tadqiqotchilar ikki afrikalik filning xartumini harakatni o‘qiydigan maxsus sensorlar bilan taʼminladi; aslida, bu yerda ular fantastik filmlarni suratga olishda ishlatiladigan harakatni suratga olish usulidan (inglizchada motion capture) foydalangan: “motion capture” usulining mohiyati shundan iboratki, aktyor qandaydir ajoyib mavjudot sifatida rol o‘ynaydi — bu usulda insonning barcha harakatlari, barcha plastika raqamlashtiriladi va harakatlanuvchi virtual portretga aylanadi. Bundan tashqari, tajribalarda fil xartumining mushak anatomiyasini yaxshiroq tasvirlash uchun tomografiyaning turli xil variantlaridan foydalanilgan; anatomiya nafaqat Afrika, balki Osiyo fillarida ham o‘rganilgan. Xartumning eng murakkab boshqaruvini ham yigirmaga yaqin bo‘lgan bir nechta oddiy harakatlarga bo‘lish mumkinligi maʼlum bo‘ldi. Yaʼni fillar oddiy harakatlarni bir-biri bilan birlashtirish natijasida xartumni mohirona boshqarishga erishadi.
Kelajakda yumshoq robotlarni ishlab chiqaruvchilar uchun fillar xartumi harakatlarini o‘rganish samarali foyda berishi mumkin: bunday robotlar juda moslashuvchan bo‘lishi, kerak bo‘lganda qisqarishi, kerak vaqtda esa uzunlashish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak, shu bilan birga kuchli ham bo‘lishi zarur — bu vazifalarni qanday “uddalash”ni esa fillar xartumi vositasida o‘rganish mumkin.
Manbalar: nkj.ru, techinsider.ru
Muqova surat: pexels.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.