Nimaga yil 12 oy yoki 365 kundan iborat?
Oʻrta
5 min
15.01.2024
Fizika va astronomiya

Vaqtni o‘lchash va taqvim yaratish uchun odamlar vaqti-vaqti bilan takrorlanadigan tabiat hodisalaridan foydalangan. Yer taxminan 365 kun ichida Quyosh atrofida toʻliq bitta aylanishni amalga oshiradi. Bu vaqt yil deb ataladi. Biroq biz Yer sayyorasining Quyosh atrofida aylanish davrini sayyoraning o‘z o‘qi atrofida aylanish davriga ajratsak, aniq 365 kun chiqmaydi.

Astronomiyada yilning bir necha turlari mavjud. Yulduzli yil yoki yulduz yili 365,2564 o‘rtacha Quyosh sutkasiga teng. Bu osmon sferasida turgan yulduzlarga nisbatan Quyoshning bir marta aylanishiga to‘g‘ri keladi. Kalendar yili 365 kunga teng. Ammo bu ko‘rsatkich astronomik ma’lumotlarga mos kelmagani sababli mavjud taqvimni Yerning haqiqiy harakat vaqti bilan moslashtirish uchun 366 kundan iborat kabisa yili joriy etilgan.


Yil uzunligi o‘zgarib turadi

Olimlar Quyosh tizimidagi boshqa obyektlarning Yerga ta’siri tufayli yil uzunligi o‘zgarishini isbotladi. Yer kunining uzunligi ham o‘zgaruvchan. To‘lqinlar Yerni sekinlashtiradi va kunning uzunligi har 100 yilda 0,0023 soniyaga oshadi. Suv va havo massasining mavsumiy qayta taqsimlanishi tufayli kunning uzunligi ham yiliga ±0,001 soniya ichida o‘zgarib turadi. Shuningdek, kun uzunligining bir necha oyda bir marta sodir bo‘ladigan soniyaning mingdan bir qismiga keskin o‘zgarishi va og‘ir tabiiy ofatlar — zilzila, sunamilar tufayli kun uzunligi o‘zgaradi.


Yildagi kunlar soni doimiy emas

Bunday o‘zgarishlar Yer o‘z o‘qi atrofida aylanishining doimiy ravishda qisqarishiga olib keladi va shunga mos ravishda kelajakda kunlar soni o‘zgarishi mumkin. Shunday qilib, olimlar qazilma marjonlarning kunlik va yillik o‘sish halqalarini o‘rgandi va 380 million yil oldin bir yil 400 kundan iborat boʻlganini aniqladi.


Boshqa sayyoralarda bir yil necha kun?

Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralarda yildagi kunlar soni Yerdagi kunlar sonidan sezilarli darajada farq qiladi. Merkuriy eng qisqa yilga ega, bu — 88 Yer kuniga teng. Venerada yiliga 224,7 Yer kuni bor. Marsda bir yil 687 Yer kuniga teng. Yupiterda bu — 11,86, Saturnda — 29.45, Uranda — 89, Neptundagi eng uzun yil — 164,79 Yer yiliga teng.


Nimaga bir yil 12 oydan iborat?

Qadim zamonda odamlar vaqtni hisoblash uchun tabiat hodisa va jarayonlari takrorlanishidan foydalangan. Masalan, bir yil suv toshqinidan daryoning toshishigacha boʻlgan vaqt. Oy esa yangi oydan yangi oygacha boʻlgan vaqt oralig‘i, ya’ni taxminan 29,5 quyosh kuni. Yiliga taxminan 12 ta bunday interval mavjud, shuning uchun bir yil 12 oy deb hisoblangan. Bu holda qamariy yil quyosh yilidan qisqaroq boʻladi. Qadimgi misrliklarning quyosh taqvimi 365 kundan iborat bo‘lgan: 30 kundan iborat 12 oy va yil oxirida hech qanday oyga kirmagan besh kun.

Quyosh soati

U Quyosh, Oy, sayyoralarning koʻrinma harakati, kun bilan tun almashinuvi, Oy fazalari va yil fasllarining davriy ravishda takrorlanib turishiga asoslanadi. Taqvimning paydo boʻlishi odamning xoʻjalik faoliyatini yuritish ehtiyoji bilan bogʻliq. Odamlar Quyoshning chiqib botishini kuzatib, kun, oy o‘rog‘ining avval kattalashib, soʻng kichrayishiga qarab — oy, yil fasllarining davomida quyoshning ufqdan qanchalik koʻtarilishini kuzatib, yil tushunchalariga kelgan. Asta-sekin vaqtni yana ham aniqroq hisoblash ehtiyoji bilan soat, daqiqa birliklari, mifologik anʼanalar asosida hafta tushunchasi kiritilgan. Vaqt hisobini toʻgʻri yuritish uchun dastlabki rasadxonalar qurilgan, quyosh soati oʻylab topilgan.

Nimaga yil 12 oy yoki 365 kundan iborat?
pexels.com

Shamsiy-qamariy taqvim

Taqvim hisobining asosiy birligi — yil. Yil esa oy, oy esa kunlarga boʻlingan. Bu 3 tushuncha 3 xil astronomik hodisa — mos tartibda Yerning Quyosh atrofida aylanishi, Oyning Yer atrofida aylanishi va Yerning oʻz oʻqi atrofida aylanishi bilan bogʻliq. Bu 3 hodisaning davomiyligi ancha murakkabligi yilni oylarga, oyni kunlarga boʻlishni murakkablashtiradi. Bu masala turli xalqlarda turli usulda hal etilgan va shu tarzda quyosh taqvimi (shamsiy taqvim), oy taqvimi (qamariy taqvim) hamda oy-quyosh taqvimi (shamsiy-qamariy taqvim) ishlab chiqilgan. Oy taqvimida asosiy birlik vazifasini sinodik oy oʻtaydi. Oy Yer atrofida aylanishi davomida Quyoshning toʻgʻrisiga kelishi oy boshi deyiladi. Bu vaqtda Oy koʻzga koʻrinmaydi, 1–2 kundan keyin u gʻarbda kechqurun oʻtkir oʻroq (“yangi oy”) shaklida koʻrinadi. Oy taqvimida 12 oy bir yilni tashkil etadi. Sinodik oy 29,5306 sutka, yaʼni 29 kun-u 12 soat 44 daqiqa 3 soniya boʻlgani uchun bir yil taxminan 354 kunga teng boʻladi.


Manbalar: elementy.ru, po4emu.ru, vokrugsveta.ru, wikipedia.org
Muqova surat: midjourney.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!