20.02.2024
“Jeyms Uebb” (inglizchada James Webb) infraqizil kosmik teleskopi muz giganti Neptun, uning baʼzi yoʻldoshlari va sayyora halqalari tizimining ilk suratlarini olishga muvaffaq boʻldi. Bundan tashqari, suratlarda olisdagi galaktikalar va Somon yoʻlining noyob yulduzlari ham aks etgan deyiladi rasadxona saytida.
Muz gigantlari toifasiga kiruvchi Neptun eng uzoq (Pluton sayyoralar toifasidan chiqarilgandan keyin) va Quyosh tizimidagi eng kam oʻrganilgan sayyoralardan biri hisoblanadi. Unga faqat “Voyajer 2” fazoviy kemasi yetib borgan. Sayyora va uning sunʼiy yoʻldoshlarining boshqa barcha kuzatuvlari Yerdan turib yoki Yerga yaqin joylashgan yirik teleskoplar yordamida amalga oshiriladi.
“Voyajer 2” (inglizchada Voyager 2) — 1977-yil 20-avgustda NASA tomonidan Quyosh geliosferasidan tashqaridagi tashqi sayyoralar va yulduzlararo fazoni oʻrganish uchun uchirilgan kosmik zond.
2022-yilning sentabr oyida “Jeyms Uebb” NIRCam kamerasi infraqizil nur yordamida Neptun sayyorasining suratlarini oldi. Suratlarda sayyoraning oʻzidan tashqari uning yupqa chang halqalari, shuningdek, olis galaktikalar, Somon yoʻlidagi bir juft yulduz va Neptunning 14 sunʼiy yoʻldoshidan 7 tasi aniq koʻrinadi. Ulardan eng yorqini Neptunning eng katta sunʼiy yoʻldoshi Triton boʻlib, yoʻldoshning muzli qobigʻi yorugʻlikni yaxshi aks ettiradi. Bu samoviy jism kriovulkanizm nuqtai nazaridan sayyorashunoslarda katta qiziqish uygʻotadi. Bundan tashqari, Triton dastlab uzoq oʻtmishda Neptun tortishish kuchi bilan “qoʻlga olingan” Koyper belbogʻining tarkibiy qismi boʻlishi ham mumkin.
Koyper belbog‘i (inglizchada Kuiper Belt) bu — Quyosh tizimining Neptun orbitasidan (Quyoshdan 30 astronomik birlik) boshlab Quyoshdan 55 astronomik birlikkacha bo‘lgan hudud.
Suratlarda Neptun odatiy koʻk rangda emas, juda xira koʻrinadi. Bu atmosfera tomonidan metan va infraqizil nurlanishning kuchli yutilishi bilan bogʻliq. Yorugʻlikni yaxshi aks ettiruvchi metan muzining baland bulutlari bundan mustasno. Birinchi marta kashf etilgan baland bulutlar toʻplami bilan oʻralgan gigantning janubiy qutbi yaqinida dovul boʻlayotgani ham koʻrinib turibdi. Bundan tashqari, olimlar Neptun ekvatori yaqinida global atmosfera aylanishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan nozik yorqin chiziqni ham payqashdi.
Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ESA, CSA, STScI / Jozef DePaskal
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.