Atom bombasining yadroviy bombadan nima farqi bor?
Oʻrta
4 min
23.10.2023
Fizika va astronomiya

Yadro quroli bu — ommaviy qirgʻin quroli bo‘lib, uning harakati yadro yoki termoyadro portlashining zararli omillariga asoslangan.

Rasman yadro quroli 1945-yilda AQSHda yaratilgan va sinovdan oʻtkazilgan. Insoniyat esa bu xavfli oʻlim quroli nimalarga qodirligini 1945-yilda AQSH Yaponiyaga atom bombasi tashlaganida bilib oldi. Xirosima va Nagasakiga “Little boy” (Kichik bola) va “Fat man” (Semiz odam) atom bombalari tashlangan. Ushbu qurilmalarning portlash radiusi taxminan 1,6 km ni tashkil etib, jami 160-200 ming kishini halok qilgan. Bu hozirga qadar urushlarda yadro qurolidan foydalanilgan yagona holat bo‘lib qolmoqda. 

Xirosima (chapda) va Nagasakida (oʻngda) portlagan atom bombalari / wikipedia.org

Atom bombasining yadro bombasidan nima farqi bor?

“Atom” va “yadro bombasi” tushunchalari aksariyat hollarda bir-birini almashtiradi va bizning kontekstimizda bir xil narsani anglatadi: ularning portlashi uchun uran yoki plutoniy kabi ogʻir elementlar yadrolarining boʻlinish reaksiyasi qoʻllanadi.


Yadro bombasi nima?

“Yadro bombasi” atamasi keng tushuncha bo‘lib, u atom bombalarini ham, vodorod bombalarini ham (termoyadro bombalari) o‘z ichiga oladi. Undan yadro zanjiri reaksiyasi natijasida ajralib chiqadigan energiyani bo‘linishi (atom yadrolarining bo‘linishi) yoki termoyadroviy sintez (atom yadrolarini birlashtirish) orqali juda katta portlash hosil qilish uchun foydalaniladi.

Yadro bombalarining ikkita asosiy turi mavjud: atom bombasi va vodorod bombasi.

Atom bombasi. Atom bombasi yadroviy bo‘linish jarayonida kuchli portlash yuzaga keltirish uchun mo‘ljallangan yadro qurolidir. Bo‘linishga asoslangan bombalar bir nechta uran yoki plutoniy yadrolarini portlatish orqali ishlaydi. Uran-235 yoki plutoniy-239 kabi o‘ta beqaror yadroviy materiallar odatda atom bombalari uchun yoqilg‘i sifatida ishlatiladi. Bu izotoplar beqaror, chunki ularda bir xil elementning barqaror izotoplari bilan solishtirganda neytronlar ko‘proq. 

Portlashni amalga oshirishda yadroviy material tezda qisqarishi uchun bomba yoqilishi kerak. Buni bir necha usul bilan amalga oshirish mumkin, lekin eng keng tarqalganlardan biri bomba markazida yuqori bosim va harorat hosil qilish uchun an’anaviy portlovchi moddalarni (masalan, trinitrotoluol) ishlatishdir.

Atom bombasidagi portlashdan so‘ng yadro parchalanishining kuchli zanjirli reaksiyasi boshlanadi. Ushbu reaksiya jarayonida uran yoki plutoniy atomlarining yadrolari kichikroq yadrolarga bo‘linib, katta miqdorda energiya chiqaradi. Bo‘linish mahsulotlari deb ataladigan bu kichikroq yadrolar boshqa yadrolarning bo‘linishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha neytronlarni chiqaradi va bu reaksiyani yanada kuchaytiradi. Portlashdan tashqari, atom bombalari odamlarga va atrof-muhitga uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfli ionlashtiruvchi nurlanish ham chiqaradi. Bu radiatsiya saraton kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi va uzoq davom etadigan genetik ta’sirga ega bo‘lishi mumkin.

Vodorod bombasi. Termoyadro bombasi yoki H-bomba deb ham ataladigan vodorod bombalari atom bombalaridan kuchliroqdir. Ularning portlashi uchun yadroviy parchalanish va yadro sintezini birlashtirgan ikki bosqichli jarayondan foydalaniladi. Atom bombasiga o‘xshash bo‘linishning boshlang‘ich bosqichi sintez sodir bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Birlashish reaksiyasi esa vodorod izotoplarini (odatda deyteriy va tritiyni o‘z ichiga oladi) geliy hosil qilish uchun birlashtiradi va yolg‘iz bo‘linishdan ko‘ra ko‘proq energiya chiqaradi. Ushbu birlashish reaksiyasi bo‘linish reaksiyasidan yuzlab, hatto minglab marta kuchliroq bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, vodorod bombalarini loyihalash ancha murakkab va ilg‘or texnologiyani talab qiladi. Bu turdagi bombalarni yaratish qobiliyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar soni atom bombasini yaratish qobiliyatiga ega bo‘lgan mamlakatlarga qaraganda sezilarli darajada kamroq.

Vodorod bombalari faqat sinov paytida ishlatilgan. 1961-yilda Sobiq Sovet Ittifoqi “Tsar bomba”sini sinovdan o‘tkazadi, bu hozirgacha portlatilgan eng katta yadroviy qurol hisoblanadi.

Tsar bomba portlashi / wikipedia.org

Keyingi maqolamizda tarixdagi eng kuchli portlashlar haqida maʼlumot beramiz.


Manbalar: lanl.gov, lifehacker.ru, wikipedia.org
Muqova surat: forward.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!