Hindistonning birinchi Mars zondi ilmiy dasturni yakunladi
3 min
30.03.2023
Fizika va astronomiya

Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti “Mangalyan” Mars avtomatik stansiyasi faoliyatini tiklashga urinishlarni toʻxtatdi va uning ilmiy dasturini yakunladi. ISRO sayti maʼlumotlariga koʻra, qurilma Mars atrofidagi orbitada 8 yil davomida ishlagan va sayyora yuzasining koʻplab suratlarini, atmosferasi haqida koʻpgina maʼlumotlarni olgan.

“Mangalyan” (yoki Mars Orbiter Mission) Hindistonning birinchi sayyoralararo stansiyasi va Qizil sayyorani oʻrganish boʻyicha eng arzon loyiha boʻldi. Missiyaning umumiy qiymati 73 million dollarni tashkil etdi. Qurilma 2013-yilda koinotga uchirilgan va 2014-yil sentabrda Mars yaqinidagi yuqori elliptik orbitaga muvaffaqiyatli chiqqan. Stansiya beshta ilmiy asboblar — rangli kamera, infraqizil spektrometr, metan sensori, neytral zarrachalar analizatori va Layman alfa fotometri bilan jihozlangan.

2022-yil oktabr oyi boshida Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti stansiya ishini tiklay olmagani uchun missiya yakunlanganini eʼlon qildi. Qurilma shu yilning aprel oyida Marsdagi uzoq tutilish vaqtida Yer bilan aloqani yoʻqotgan va stansiya hamda undagi Quyosh batareyalarining toʻgʻri yoʻnalishini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan barcha quvvat zaxiralarini sarf etib boʻlgan. Shunday qilib, “Mangalyan” 6 oy deb rejalashtirilgan dastlabki xizmat muddatidan bir necha barobar koʻproq vaqt ishladi.

2016-yil yanvar oyida Mars Orbiter Mission nomli Mars zondi tomonidan olingan Qizil sayyoraning surati. ISRO, ISSDC, Emili Lakdavalla

Stansiya faoliyati davomida koʻplab ilmiy natijalarga erishdi, xususan, Mars yuzasining rangli atlasi tuzildi va Mars ekzosferasida atmosfera yoʻqotishlarining ehtimoliy mexanizmlaridan birini tavsiflashga yordam beradigan oʻta qaynoq argon atomlari topildi. Bundan tashqari, kislorod miqdori Mars atmosferasidagi karbonat angidrid miqdoridan ortiq boʻlgan mintaqa aniqlandi, Deymos tabiiy yoʻldoshining olis tomoni birinchi marta suratga olindi, qutb qatlamlari harakati va chang boʻronlari ustidan kuzatuvlar oʻtkazildi, Mariner vodiysi kanyon tizimining janubiy devori ustida shamolosti bulutlari topildi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Первый индийский марсианский зонд завершил научную программу” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA, ISRO, Robert Li

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!