“Yunona” stansiyasi Yevropaning eng batafsil suratini oldi
2 min
30.03.2023
Fizika va astronomiya

“Yunona” sayyoralararo avtomatik stansiyasi Yerga Yupiterning Yevropa yoʻldoshiga tegishli muzli yuzaning eng batafsil tasvirini uzatdi. Unda joʻyaksimon izlar va qoʻsh tizmalar, shuningdek, gʻayrioddiy shakldagi katta chuqurlik, geyzer otilishidan qolgan izlarni koʻrish mumkin deyiladi NASA saytida.

“Yunona” sayyoralararo stansiyasi shu yilning sentabr oyi oxirida Yupiterning muzli yoʻldoshi — Yevropa yuzasiga ikkinchi eng yaqin parvozni amalga oshirdi. Yoʻldoshgacha boʻlgan minimal masofa 352 kilometrni tashkil etdi. Stansiya Yevropaning bir qator batafsil tasvirlarini, shuningdek, uning yuzasi va ekzosfera haqidagi maʼlumotlarni oldi. Bundan tashqari parvoz stansiyaning Yupiter atrofida aylanish davrini qisqartirishga imkon berdi.

Oktabr oyi boshida stansiya jamoasi aʼzolari Yunona tomonidan parvoz paytida 412 kilometr masofadan SRU yulduz sensori yordamida olingan Yevropa yuzasining eng batafsil tasvirini eʼlon qildi. U Yevropaning tungi tomonida, Yupiter aks ettirgan Quyosh nuri bilan yoritilgan muzli qobiqning 150 dan 200 kilometrgacha boʻlgan qismini tasvirlaydi. Rasm oʻlchamlari bir piksel uchun 256 dan 340 metrgacha ekani aytilgan.

Tasvirda koʻplab egatsifat izlar, shuningdek, chuqurlik bilan ajratilgan qoʻshtizmalar koʻrsatilgan. Olimlar ularni suvning yerosti suv havzalari muzlashi natijasida hosil boʻlgan quruqlikdagi qoʻsh tizmalarga oʻxshashini aytmoqda. Qora dogʻlar geyzer otilishining qoldiqlari boʻlishi mumkin. 67 ga 37 kilometr oʻlchamga ega boʻlgan gʻayrioddiy chuqurlikka hali hech qanday izoh yoʻq. Tasvirdagi koʻplab oq nuqtalar Yupiter magnitosferasidagi yuqori energiyali zarralar tufayli yuzaga kelgan.

“Yunona” tomonidan olingan Ganimed yoʻldoshining batafsil tasvirlarini bu yerda koʻrishingiz mumkin.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Юнона» получила самый подробный снимок Европы” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA / JPL-Caltech / SwRI

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!