20.02.2024
InSight avtomatlashtirilgan Mars stansiyasi jamoasi kuchli chang boʻroni boshlanishi tufayli SEIS seysmografini ikki haftaga oʻchirib qoʻydi. Boʻron qurilmaning quyosh panellari tomonidan energiya ishlab chiqarish darajasini keskin pasaytirib yuboradi. Agar stansiya boʻrondan omon chiqsa, kuzatuvlar yana davom etadi deyiladi NASA saytida.
InSight deyarli toʻrt yil davomida Qizil sayyorada geofizik tadqiqotlar bilan shugʻullanadi (dastlab stansiyaning ishlash muddati koʻpi bilan ikki yil deb hisoblangan). Shu vaqt ichida uskuna uning ichki tuzilishi va iqlimi, shuningdek, seysmik faolligi haqida katta hajmdagi maʼlumotlarni olgan. Quyosh panellarini changdan tozalash bilan bogʻliq hal etilmagan muammolar tufayli hozirda stansiya faoliyatini toʻxtatishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Panellardagi chang natijasida kameralar va SEIS seysmografidan tashqari barcha ilmiy asboblar ishlamay qolgan. Shuning uchun stansiya nosozlikdan himoyalanish tizimini oʻchirib qoʻygan.
Avvalroq olimlar stansiya kuzgacha ishlamasligi mumkin, degan xulosaga kelgan edi, ammo chang boʻroni mavsumining gʻayrioddiy sokin boshlanishi tufayli uskuna dekabrgacha yoki hatto kelasi yilning yanvarigacha ishlashiga umid qilindi. Biroq 2022-yil 21-sentabrda sayyoradagi Mars Reconnaissance Orbiter zondi InSightʼdan 3500 kilometr uzoqlikda kuchli va yirik chang boʻroni boshlanganini qayd etdi. 3-oktabrga kelib, boʻron atmosferada shunchalik koʻp chang koʻtardiki, tuman zichligi deyarli 40 foizga oshdi. Bu Insight panellarida quyosh energiyasini ishlab chiqarishning bir sol (davomiyligi 24 soat 39 daqiqa 35,244 soniyaga teng Mars kuni) uchun 425 dan 275 vatt soatgacha pasayishiga olib keldi.
Atmosferadagi changning yanada ortib ketishidan xavfsiragan olimlar yanada koʻproq energiya tejash rejimiga oʻtishga va seysmografni ikki haftaga oʻchirishga qaror qildi. Batareya quvvatsizlanishining hozirgi tezligida stansiya yana bir necha hafta ishlashi mumkin boʻladi. Orbital zondlarning maʼlumotlari shuni koʻrsatmoqdaki, boʻronning oʻsishi sekinlashgan va u oʻz faolligining eng yuqori choʻqqisini bosib oʻtib, soʻna boshlagan boʻlishi mumkin. Shuning uchun stansiya boʻrondan omon chiqish va ilmiy ishlarni davom ettirish imkoniyatiga ega.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Сейсмограф станции InSight приостановил работу из-за пылевой бури на Марсе” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: 2022-yil 29-sentabrda MRO zondi tomonidan suratga olingan Marsdagi chang boʻroni va sayyoradagi NASAʼga tegishli faol transport vositalari oʻrini. NASA/JPL- Caltech /MSSS
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.