DART zondi bilan Dimorfga zarba berish samarali ekani isbotlandi. Asteroidning orbital davri 32 daqiqaga o‘zgargan
3 min
30.03.2023
Fizika va astronomiya

DART zondining Dimorf asteroidi bilan toʻqnashuvi uning kattaroq Didim asteroidi atrofida aylanish davrini 32 daqiqaga oʻzgartirdi. NASA veb-saytiga koʻra, yerdagi teleskoplar yordamida oʻtkazilgan kuzatuvlar natijasida olingan bu qiymat modellarda koʻrsatilgan qiymatlardan yuqori boʻlib, kinetik zarba berish usulining samaradorligini tasdiqlaydi. 

DART loyihasi Yerni xavfli fazoviy jismlardan himoya qilish uchun kinetik zarba usulining birinchi amaliy sinovi boʻldi. Dastur asteroidlar orbitasini fazoviy kemalar yordamida boshqariladigan toʻqnashuv orqali oʻzgartirishdan iborat. Ogʻirligi 550 kilogramm boʻlgan zond uchun diametri taxminan 170 metr, Yerga xavf tugʻdirmaydigan, Didim asteroidi bilan ikkilik tizim hosil qiladigan Dimorf asteroidi nishon sifatida tanlab olindi.

To‘qnashuv 2022-yil 27-sentabrda boʻlib oʻtdi. Uni LICIACube kubsati, shuningdek, Dimorf yuzasidan materiyaning katta miqdorda ajratib chiqarilishi, uzun changli kometaga oʻxshash dum shakllanishini qayd etgan bir qator yerdagi va yerga yaqin teleskoplar kuzatib turdi. 

Dastlab kompyuter modellari Dimorfning Didim atrofida aylanish davrini 4–7 daqiqaga oʻzgarishini taxmin qildi. Ruxsat etilgan minimal qiymat esa 73 soniyaga teng edi (agar raqamlar pastroq boʻlganda, missiya muvaffaqiyatsiz yakunlangan deb hisoblanardi). Biroq 11-oktabr kungi matbuot anjumanida NASA maʼmuri Bill Nelson yerdagi optik va radio teleskoplardan olingan maʼlumotlar Dimorf orbital davri 32 daqiqaga qisqarganini aniqlagani, bu modellarda erishish mumkin boʻlgan yuqori chegara boʻlganini aytdi. Shunday qilib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, Dimorf holatida kinetik zarba usuli juda samarali boʻlib chiqdi.

Joriy kuzatuvlarning yana bir muhim natijasi toʻqnashuvdan keyingi Dimorf impulsining zond impuls nisbatiga teng boʻlgan β koeffitsientining dastlabki bahosi boʻldi. Natija birdan kattaroq boʻlib chiqdi, yaʼni Dimorfning orbital davri o‘zgarishida toʻqnashuv paytida uning yuzasidan katta miqdordagi materiyaning otilib chiqishi muhim rol oʻynadi. Keyinchalik aniqroq qiymat maʼlum qilinadi.

DART muvaffaqiyatini sharhlar ekan, Italiya kosmik agentligi DART bilan Dimorfga zarba berilgandan keyingi LICIACube kubsati tomonidan olingan yangi suratlarni nashr etdi. Ularda asteroiddan otilib chiqqan moddaning yorqin nurlari bilan oʻralgan texnogen zarba krateri koʻrinib turardi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Таран Диморфа зондом DART оказался очень эффективен. Орбитальный период астероида изменился на 32 минуты” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Hubble teleskopi tomonidan 2022-yil 8-oktabrda olingan Dimorf surati. NASA, ESA, STSCI, Hubble

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!