TESS teleskopi Qizil pakana orqali ekzogigantning juda chuqur tranzit holati guvohi bo‘ldi
TESS kosmik teleskopi Qizil pakana yulduz turi atrofida aylanib yuruvchi yangi ulkan gaz gigantini topdi. Uning astronomik parametrlari qanday?
Oʻrta
4 min
01.04.2023
Fizika va astronomiya

TESS fazoviy teleskopi Qizil pakana atrofida aylanib yuruvchi yangi ekzogigant TOI-5205bʼni qidirib topdi. Bu kashfiyot gʻayrioddiy, chunki nazariy jihatdan ulkan gaz gigantlari kam massali pakanalar atrofida hosil boʻlmasligi kerak. Bundan tashqari, ekzogigantning asosiy yulduzi qisman va toʻliq konvektiv qizil pakanalar orasidagi oʻtish makoni yaqinida joylashgan. Tadqiqotning dastlabki nashri arXiv.org saytida mavjud.

“Massa-radius” diagrammasida TOI-5205b va boshqa ekzosayyoralarning Qizil pakanalar atrofidagi joylashish holati. Ranglar “ota yulduz”ning massasini koʻrsatadi. Shubham Kanodia va boshqalar / arXiv.org sayti, 2022-yil

Qizil pakanalar Somon yoʻlidagi eng keng tarqalgan yulduz turi boʻlib, F, G va K yulduzlariga qaraganda koʻproq sayyoralarga ega. Bunday yulduzlarning ogʻirligi kamligi va sayyora shakllanishining uzoq davomiyligi tufayli gaz gigantlari Qizil pakanalar atrofida kamdan kam uchrashi kerak deb taxmin qilinadi va massasi 0,5 Quyosh massasidan kam boʻlgan yulduzlar atrofida esa deyarli katta sayyoralar boʻlmasligi kerak edi. Ammo bu xulosalar haligacha tasdiqlangani yoʻq. Qizil pakanalar atrofida aniq belgilangan massaga ega, tasdiqlangan ekzogigantlar hozirda taxminan 10 tacha sayyoradan iborat. Bu jismlarning barchasi metallarga boy, qadimiy turdagi Qizil pakanalar atrofida aylanadi.

Ilk spektrli Qizil pakanalardan oraliq spektral tipdagi Qizil pakanalarga oʻtilganda, yulduzlarning ichki tuzilishi oʻzgaradi. Yulduz massasining qiymati 0,35 Quyosh ogʻirligiga teng boʻlganda u konvektiv pakanalar (konvektiv yadro, radiatsiyaviy oʻtish hududi, konvektiv tashqi qobiq) va toʻliq konvektiv pakanalar (radiatsiyaviy oʻtish hududi boʻlmaydi) oʻrtasidagi chegarani belgilaydi. Bu esa yulduzlar atrofidagi sayyoralarning orbital rivojlanishiga, ularning xususiyatlariga taʼsir qilishi mumkin.

Karnegi instituti xodimi Shubham Kanodia boshchiligidagi astronomlar guruhi TOI-5205b deb nomlangan Qizil pakana atrofida yangi ekzogigant topilganini eʼlon qildi. Dastlab, u TESS kosmik teleskopi tomonidan tranzit fotometriya usulidan foydalangan holda aniqlangan, keyinchalik Yerda joylashgan HPF spektrografidan foydalangan holda radial tezlik usuli bilan tasdiqlangan. Olimlar Yerda joylashgan bir nechta teleskoplarning fotometrik maʼlumotlaridan, shuningdek, LRS2 spektrografining past aniqlikdagi optik spektrlaridan va WIYN observatoriyasidan yulduz orqasidagi, yuqori kontrastli dogʻlarni tasvirlashda foydalangan.

Ekzosayyoraning asosiy yulduzi ayniqsa qiziqish uygʻotadi, chunki u qisman va toʻliq konvektiv Qizil pakanalar oʻrtasidagi oʻtish hududi yaqinida joylashgan. U M4 spektral turiga mansub boʻlib, uning massasi 0,392 Quyosh ogʻirligiga va radiusi 0,394 Quyosh radiusiga teng. Uning yorqinligi Quyoshning atigi 0,0194 qiymatiga teng va TOI-5205 yulduzimizdan taxminan 280 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan.

TOI-5205bʼning orbital davri esa 1,63 Yer kuni, massasi 1,08 Yupiter ogʻirligi va radiusi 1,03 Yupiter radiusiga teng boʻlib, har bir kubometr uchun oʻrtacha hajm zichligi 1,21 grammni tashkil qiladi. Ekzogigant orbitasining ekssentrisiteti 0,02 ga teng boʻlib, bu aylana orbita nazariyasiga toʻgʻri keladi va sayyoraning muvozanat harorati 737 Kelvinni tashkil qiladi. TOI-5205bʼning katta ogʻirligi juda katta protoplanetar disk yoki juda uzoq davriylikdagi sayyora hosil boʻlish vaqtini talab qiluvchi bugungi kundagi sayyora shakllanishi nazariyalariga mos kelmaydi, shuning uchun uning hosil boʻlish mexanizmi haligacha toʻliq tushunilmagan.

Ushbu kashfiyotning muhim xususiyati shundaki, TOI-5205b yulduz diskidan oʻtganda, uning yorqinligi 7 foizga pasayadi, bu asosiy ketma-ketlikdagi yulduzlar atrofida aylanadigan ekzosayyoralar uchun eng chuqur tranzit hodisalaridan biridir. Bunday hodisa esa yangi kashf etilgan ekzogigant atmosferasini oʻrganish uchun kelajakda qoʻshimcha spektroskopik kuzatishlar olib borishga undaydi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “TESS увидел очень глубокий транзит экзогиганта по красному карлику” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NASA

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!