Eng yengil neytron yulduz kvarklikda gumon qilinmoqda
Astronomlar tomonidan eng yengil neytron yulduz kashf qilindi. Bu qanday yulduz? Yulduz og'irligi Quyosh og'irligining atigi 0,77 qismiga teng.
Oʻrta
3 min
01.04.2023
Fizika va astronomiya

Uning ogʻirligi Quyosh ogʻirligining atigi 0,77 qismiga teng. Astronomlar tomonidan eng yengil neytron yulduz kashf qilindi. Ushbu HESS J1731-347 nomli yangi yulduz qoldigʻidagi markaziy obyektning ogʻirligi 0,77 Quyosh ogʻirligini tashkil etadi. Olimlarning fikricha, bu yulduzni kvark yulduziga (kvark materiya deb ataladigan moddadan tashkil topgan faraziy, fazoviy jism) nomzod deb hisoblash mumkin. Ammo ushbu taxmin keyingi kuzatuvlar jarayonida tekshirilishi kerak. Maqola Nature Astronomy jurnalida chop etilgan.

Markaziy ixcham obyektlar radio diapazonlarda kam koʻzga tashlanadigan, atrof-muhitdan oʻziga materiya toʻplamaydigan va yangi yulduz qoldiqlari markazlarida joylashgan, issiqlik rentgen nurlari yordamida aniqlanishi mumkin boʻlgan yakka neytron yulduzlaridir. Ushbu nurlanish yosh, zaif magnitlangan neytron yulduzlarining sovish jarayonlari bilan bogʻliq va ularning atmosferasidan kelib chiqadi deb ishoniladi.

Ushbu turdagi neytron yulduzlar astrofiziklarni sovuq zich materiya holatining modellarini sinab koʻrishda muhim obyektlar sifatida juda qiziqtiradi. Biroq ularni oʻrganish qiyin va bu nurlanish maydoni oʻlchamlari hamda neytron yulduzining radiusini baholashda katta noaniqliklarga olib keladi. Xususan, agar yulduzda vodorod atmosferasi bor deb faraz qilinsa, uning radiusi noodatiy darajada kichik boʻladi, ogʻirroq elementlarning atmosferasi haqidagi farazlar esa kuzatuv maʼlumotlariga mos kelmaydi. Biroq nurlanish neytron yulduz yuzasining bir qismidan chiqadi yoki yulduz bir xil radiusli uglerod atmosferasiga ega deb taxmin qilish orqali noodatiy kichik radiusli modellarni chetlab oʻtish mumkin.

Germaniyaning Tyubingen universiteti xodimi Viktor Doroshenko boshchiligidagi astronomlar guruhi Gaia kosmik teleskopi va XMM-Newton rentgen observatoriyasi tomonidan HESS J1731-347 yangi yulduzi qoldigʻidagi markaziy ixcham obyekt ustida olib borilgan kuzatuvlar tahlili natijalarini eʼlon qildi.

Yulduz Quyoshdan 8153 yorugʻlik yili masofasida joylashgan boʻlib, uning ogʻirligi va radiusi mos ravishda 0,77 Quyosh ogʻirligi va Quyosh radiusining 10,4 kilometriga teng deb taxmin qilinmoqda. Bu asosan uglerodli, bir xil haroratli radiatsion atmosferaga ega yulduz modelining kuzatuv maʼlumotlariga moslashtirishga asoslanadi.

Shunday qilib, HESS J1731-347 markazidagi obyekt hozirgacha maʼlum boʻlgan eng yengil neytron yulduziga aylandi va kvark materiyasidan tashkil topgan kvark yulduzi uchun nomzod boʻlib qoldi. Biroq olimlarning taʼkidlashicha, yulduzning ogʻirligi va radiusi boʻyicha olingan taxminlarni ishonchli natijalar deb hisoblanishiga qaramay, bu neytron yulduzni gʻayrioddiy yulduz deb hisoblash mumkinmi degan savol ochiqligicha qolmoqda.

Astrofizik Sergey Popov N+1 bilan suhbatda taʼkidlaganidek, kvark yulduzlari gipotezaligicha qolmoqda, ayniqsa bu holat gibridlarda (faqatgina yadro kvark boʻlsa), garchi bu qarash 20–30 yil oldingiga qaraganda dolzarbligini yoʻqotgan boʻlsa ham koʻp kuzatilmoqda. Hozircha HESS J1731-347 markazidagi obyektning tabiati kelasi tadqiqotlar mavzusi boʻlib qoladi. Ehtimol, yulduz bugungi taxminlardan koʻra biroz ogʻirroq boʻlib chiqar. Bu holatda u shunchaki yengil neytron yulduziga aylanib qoladi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы нашли рекордно большое облако атомарного водорода вокруг Квинтета Стефана” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: XMM-Newton rentgen teleskopi yordamida suratga olingan HESS J1731-347 nomli yangi yulduz qoldigʻining tasviri. Viktor Doroshenko, Gerd Pulhofer / ESA

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!