Astronomlar tomonidan yulduzosti obyekti va ekzosayyoraga ega yulduz tizimi kashf etildi
Oʻrta
4 min
01.04.2023
Fizika va astronomiya

Astronomlar tomonidan jigarrang pakanalar chegarasida joylashgan, toʻq sariq pakanani oʻz ichiga oluvchi ulkan yulduzosti obyekti va deyarli Neptun vazniga teng ekzosayyoradan iborat gʻayrioddiy sayyora tizimi kashf etildi. TOI-179 deb nomlangan ushbu tizim sayyoralar va yulduzosti obyektlarining birgalikdagi fizik va dinamik rivojlanishi nuqtai nazaridan kelasi tadqiqotlar uchun qiziqarli mavzu boʻladi. Tadqiqotning dastlabki nashri arXiv.org saytida mavjud.

SPHERE priyomnik tomonidan olingan jonli tasvirdagi yulduzosti obyektining holati. TOI-179 yulduzi toj diski bilan toʻsib qoʻyilgan. Uning oʻrni qizil nuqta bilan belgilangan. S. Dezidera va boshqalar / arXiv.org sayti, 2022-yil

Sayyora tizimlarining hozirda kuzatilayotgan arxitekturasi tizimlarning sezilarli rivojlanishi natijasidir. Ular bir vaqtning oʻzida turli vaqt shkalalarida faoliyat koʻrsatadigan bir nechta mexanizmlarni oʻz ichiga olishi mumkin. Bunday mexanizmlarga sayyoralarning yulduz atrofidagi diskdan boshqa orbitalarga koʻchib oʻtishi, ularning bir-biri bilan dinamik oʻzaro taʼsiri, tizimga kiruvchi jismlarning tizimga yaqinlashayotgan yulduzlar yoki keng orbitalarda joylashgan “ota yulduz” yoʻldoshlari bilan tortishish kuchi borasida oʻzaro taʼsiri, shuningdek, “ota yulduz”dan keladigan kuchlar oqimining taʼsiri kiradi. Sayyora tizimining rivojlanishi qanchalik xilma-xil boʻlishi mumkinligini va u rivojlangan yoʻlning boshlangʻich xususiyatlariga bogʻliqligini tushunish uchun olimlar ekzosayyoralarga ega boʻlgan juda yosh yulduzlarni, baʼzan esa yulduz va yulduzosti obyektlarining hamrohlarini qidirmoqda.

Padua astronomiya rasadxonasi xodimi Silvano Dezidera boshchiligidagi astronomlar guruhi TOI-179 yulduzi atrofida ekzosayyora topilganini, shuningdek, tizimga kiruvchi yulduzosti jismning ham kashf etilganini tasdiqladi.

Ekzosayyorani dastlab TESS fazoviy teleskopi tranzit fotometriya usulidan foydalanib, radial tezlik usuli yordamida, Yerdagi HARPS spektrografidan olingan maʼlumotlar, shuningdek, SPHERE va NaCo uskunalari koʻmagida olingan yuqori kontrastli koronografik kuzatuv maʼlumotlari bilan tasdiqlash orqali va Chandra teleskopidan yetib kelgan rentgen nurli kuzatuvlardan foydalangan holda topgan. SPHERE kuzatuv maʼlumotlari ham tizimda qoʻshimcha obyektni topish imkonini berdi.

TOI-179 yulduzi K2V spektral turiga mansub boʻlib, uning ogʻirligi 0,83 Quyosh ogʻirligiga va radiusi 0,76 Quyosh radiusiga teng. Yulduzning yoshi taxminan 400 million yil deb baholanadi va uning samarali harorati 5145 Kelvinni tashkil qiladi. Samoviy yoritkich faol turdagi yulduz boʻlib, Quyoshdan 125 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan.

TOI-179bʼning orbital davri 4,13 Yer kuni, ogʻirligi 24 Yer ogʻirligiga va radiusi 2,62 Yer radiusiga teng. Ekzosayyora orbitasining ekssentrisiteti (orbitadan ogʻish darajasini koʻrsatuvchi oʻlchov) 0,34 ga teng boʻlib, bu uning kengayishidan dalolat beradi. Sayyora tarkibi oʻrtacha 75 foiz tosh va 25 foiz suvdan iborat boʻlib, bu uni super Yer va Neptunga oʻxshash sayyoralar qatoriga kiritadi.

TOI-179b ekzosayyorasi va boshqa maʼlum ekzosayyoralarning radius ogʻirlik diagrammasidagi holati. Ranglar obyektning yoshini anglatadi. S. Dezidera va boshqalar / arXiv.org, 2022-yil

Tizimdagi uchinchi jismga kelsak, u HD 18599B deb nomlangan boʻlib, obyekt yulduzdan atigi 3,3 astronomik birlik masofada joylashgan va 83 Yupiter ogʻirligiga ega. Bunday xususiyat obyektni kam ogʻirlikdagi yulduzlar va jigarrang pakanalar oʻrtasidagi makonga kiritish imkonini beradi.

Kelajakda olimlar ushbu tizim boʻyicha keng qamrovli tadqiqotlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Ekzosayyora oʻzida mavjud atmosferasini oʻrganish nuqtai nazaridan olimlar uchun qiziq va tizimdagi jismlarning orbitalarini aniqlashtirish esa uning hosil boʻlish mexanizmini aniqlashga yordam beradi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы нашли систему из звезды с субзвездным объектом и экзопланетой” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!