“Xabbl” Subyer atmosferasini izladi. U bulutsiz yoki yuqori balandlikdagi bulutlarni o‘z ichiga olishi mumkin
Oʻrta
3 min
01.04.2023
Fizika va astronomiya

Astronomlar L98-59b toshli Subyerda (Subyerlar Yer va Veneraga qaraganda kichikroq ogʻirlikdagi sayyoralar hisoblanadi) “Xabbl” fazoviy teleskopi yordamida atmosferani qidirish natijalarini taqdim etdi. Olimlar atmosferaning bir nechta modellarini istisno qilishga muvaffaq boʻldi, biroq sayyorada atmosfera bormi degan savolga haligacha aniq javob yoʻq. Tadqiqotning dastlabki nashri arXiv.org saytiga yuklangan.

Transmissiya spektroskopiyasi usuli hozirgi vaqtda ekzosayyoralar atmosferasini qidirish va oʻrganishning asosiy usullaridan biri hisoblanadi. U Yerdagi kuzatuvchiga, yulduz diskidan oʻtish (tranzit) paytida ekzosayyora atmosferasini kesib oʻtadigan “ota yulduz”ning nurlanishini qayd etishdan iborat. Jarayon davomida yulduzning maʼlum toʻlqin uzunlikdagi nurlanishi atmosferadagi turli xil kimyoviy elementlar tomonidan soʻriladi. Bu uning tarkibi va tuzilishini taxmin qilish imkonini beradi. Biroq sayyora qanchalik kichik boʻlsa, bunday kuzatuvlarni amalga oshirish va olingan maʼlumotlarni izohlash shunchalik qiyin boʻladi.

NASA reaktiv harakat laboratoriyasi xodimi Mario Damiano boshchiligidagi astronomlar guruhi 2020–2021-yillardagi beshta tranzit hodisalari davomida L98-59b ekzosayyorasining spektroskopik tadqiqotlari natijalarini eʼlon qildi. Kuzatuvlar “Xabbl” fazoviy teleskopi yordamida 1,1–1,7 mikrometr toʻlqin uzunligi oraligʻida amalga oshirildi.

L98-59 tahlil qilish uchun juda qiziqarli jism boʻlib, u yorqin Qizil pakana va beshta ekzosayyoradan iborat. Ulardan biri katta suv zaxirasiga ega, ikkinchisi esa yashash hududida joylashgan. L98-59b sayyorasi yulduzga eng yaqin va radiusi 0,85 Yer radiusi va ogʻirligi 0,4 Yer ogʻirligiga teng boʻlgan toshdan iborat jism hisoblanadi. Sayyora oʻz yulduzi atrofida 2,25 kun ichida aylanib chiqadi va uning muvozanat harorati taxminan 627 Kelvinni tashkil qiladi.

Olimlar ekzosayyora atmosferasi uchun eng aniq uzatuv spektrlaridan birini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi, ammo uni talqin qilishning ikkita usuli mavjud. Astronomlar Quyosh atmosferasiga juda oʻxshash molekulyar vodorod hukmron boʻlgan H2O yoki CH4’ga boy bulutsiz atmosfera modelini va suv bugʻi hukmronlik qiladigan bulutsiz atmosfera modelini aniq istisno qila oldi. Biroq karbonat angidrid ustunlik qiladigan bulutsiz atmosfera yoki HCN moddasini oʻz ichiga olgan molekulyar vodorod hukmron, shuningdek, baland bulutlar va tumanlarga ega nozik atmosfera modeli boʻlishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Shu bilan birga, atmosfera yetishmasligi nazariyasi ham inkor etilmayapti.

L98-59b uchun uzatuv spektri va uni atmosfera modellari bilan taqqoslash. Mario Damiano va boshqalar / arXiv.org sayti, 2022-yil

L98-59b transmissiya spektroskopiyasi doirasidagi eng kichik kuzatuv obyektlaridan biri boʻlib chiqdi, shuning uchun tadqiqotlar natijalari “Jeyms Uebb” teleskopining kelajakdagi tahlillari bilan tasdiqlanishi kerak.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Хаббл» поискал атмосферу у субземли” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: L 98-59 sayyoralar va Quyosh tizimining tuzilishi. ESO / L. Kalkada, M. Kornmesser, O. Demanjon

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!