20.02.2024
Astronomlar “Xabbl” fazoviy teleskopi vositasida 5,5 yil davomida SN 2016adj yangi yulduzining yorugʻlik aks-sadosi harakatini kuzatdi. Kuzatuv natijalari aks-sadoni hosil qilgan galaktik chang bulutlari xususiyatlarini baholashga yordam berdi. Maqola The Astrophysical Journal Letters jurnalida chop etilgan.
Yorugʻlik aks-sadosi kamdan kam uchraydigan astrofizik hodisa boʻlib, unda oʻzgaruvchan manba (masalan, yangi yulduz yoki oʻzgaruvchan yulduz) tomonidan chiqarilgan fotonlar yulduzlararo chang bulutlarida tarqaladi. Natijada Yerdagi kuzatuvchi manba atrofida kengayib borayotgan yorqin yoylar, doiralar yoki boshqa shakllarni koʻradi. Bu hodisa birinchi marta yuz yil oldin qayd etilgan, ammo oʻsha paytdan beri shunga oʻxshash bir necha oʻnlab holatlargina aniqlangan. Galaktik yorugʻlik aks-sadosining eng ajoyib namunasi V838 Yakkashoh yulduzidir.
Xofstra universiteti xodimi Maksimilian Stritsinger boshchiligidagi astronomlar jamoasi 2016adj yangi yulduzi portlashidan keyin paydo boʻlgan yorugʻlik aks-sadosi hodisasi kuzatuvlari natijasini chop etdi. Tahlillar “Xabbl” fazoviy teleskopi yordamida 2016-yil 22-fevraldan 2021-yil 28-iyulgacha WFC3 kamerasi vositasida amalga oshirildi.
SN 2016adj 2016-yilning fevral oyida Quyoshdan taxminan 12 million yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan faol Sentavr A galaktikasida chaqnadi va Ic sinfiga kiritildi. Aks-sado yulduz portlagandan keyin 34-kuni bitta yarimhalqa (LE1) koʻrinishida paydo boʻldi, keyinchalik u toʻla halqaga aylandi. Biroz vaqt oʻtgach uning yonida yana uchta — ichki LE2 va ikkita tashqi LE3 va LE4 halqalari paydo boʻldi.
Yorugʻlik aks-sadosi harakatini eng aniq tasvirlaydigan chang bulutlari modeli toʻrtta turli xil chang qatlamidan iborat. Shu bilan birga LE3 va LE4 bulutlarida tuynuklar bor. LE2 bulutida esa Yerdagi kuzatuvchining koʻrish chizigʻiga nisbatan bitta katta tuynuk koʻrinishi mumkin. LE1 buluti zich, boʻlakli chang qatlamidan hosil boʻlgan.
Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Хаббл» проследил динамику светового эха от вспышки сверхновой” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.