Ayol hidi antidepressantning sichqonlarni tinchlantirishiga to‘sqinlik qildi 
7 min
02.04.2023
Biologiya va tibbiyot

AQSh va Kipr olimlari tajriba oʻtkazuvchilarning jinsi sichqonlar ustida oʻtkaziladigan tibbiy tajriba natijalariga taʼsir qilishi mumkinligini aniqladi. Maʼlum boʻlishicha, erkak hidi hayvonlarda stressni chaqirib, uning manbasidan qochish istagini keltirib chiqaradi. Ammo erkak sichqonlarga antidepressantni qoʻllasa, uning taʼsiri ayol tomonidan qilingan inyeksiyadan koʻra kuchliroq boʻlar ekan. Tadqiqot natijalari Nature Neuroscience jurnalida chop etilgan.

“Simpsonlar” multfilmi / 20th Century Fox Television Gracie Films, 1989–2020-yillar

Klinikadan oldingi sinovlar yangi dori yaratishda muhim qadamdir. Olimlar samarasiz va hatto xavfli ekani isbotlangan (bundaylarning koʻpi maʼlum) dorilarni yoʻq qilish uchun uni hayvonlarda sinab koʻradi. Ushbu natijalar ishonchli boʻlishi uchun u yoki bu taʼsirni keltirib chiqaradigan omil oʻrganilayotgan obyekt, masalan, dori ekaniga ishonch hosil qilish kerak.

Ammo turli xil holatlar — yangicha ovqat, laboratoriya oynasidan tashqaridagi harorat kabilar tajriba natijalariga taʼsir qilishi mumkin. Bunga yoʻl qoʻymaslik maqsadida olimlar tashqi omillar taʼsirini minimallashtirishga harakat qiladi. Jumladan, bir qator tajribalar davomida hayvonlar ozuqasi oʻzgartirilmaydi va tajribalar bir xil belgilangan vaqtda amalga oshiriladi. Ammo sichqonlar bilan bevosita aloqada boʻladigan odamning jinsi kabi koʻzga tashlanmas omillar ham natijalarga taʼsir koʻrsatar ekan.

Merilend universiteti xodimi Polimniya Georgiu hamkasblari bilan birgalikda sichqonlar erkak va ayol bilan muloqotda oʻzini qanday tutishini taqqoslashga va bu antidepressant taʼsirida qanday aks etishini aniqlashga qaror qildi. Avvaliga olimlar ushbu tajribada hayvonlarning jinsi muhim yoki yoʻqligini sinab koʻrdi. Ular erkak va urgʻochi sichqonlar ishtirokida birinchi tajribani amalga oshirdi. Hayvonlarga tampon hidlash uchun berildi. Ular har ikki jinsdagi koʻngillilarning terisiga ishqalangan edi (jinslar oʻzini anglash tamoyili asosida aniqlandi). Natijalarni solishtirgandan soʻng tadqiqotchilar urgʻochi va erkak sichqonlar oʻzini bir xil tutganini hamda hayvonlarning jinsiga qarab tanlamasdan tajribalarni davom ettirish mumkinligini aniqlagan.

Chapda sichqon erkak kishining futbolkasidan qochib ketayotgani tasvirlangan. Oʻngdagi rasmda esa sichqon, aksincha, ayol kishining kiyimi tomon yugurib bormoqda. Polimniya Georgiu va boshqalar / Nature Neuroscience jurnali, 2022-yil

Sichqonlarga bitta ayolning hidi boʻlgan, bitta erkak hidi boʻlgan paxta boʻlagi berilganda ular birinchisini afzal koʻrdi, erkaklar hidi boʻlgan paxtadan qochishga harakat qildi. Rux sulfatdan foydalanib, olimlar sichqonlarda reaksiyaga sabab boʻlgan narsa aynan hid ekanini aniqladi. Ushbu modda hid bilish epiteliysi va markazi oʻrtasidagi aloqani buzadi. Sichqonlarning burniga rux sulfatini tomizish orqali tadqiqotchilar ularning hid sezgisini “oʻchirib qoʻydi”, shundan soʻng ular paxta boʻlaklariga munosabat bildirishni toʻxtatdi.

Sichqonlar erkak hidi boʻlgan paxta atrofida kamroq vaqt oʻtkazdi (a), lekin “oʻchirilgan” hid bilish sezgisi tufayli hayvonlar paxtadan qanday hid kelayotganiga ahamiyat bermadi (b). Polimniya Georgiu va boshqalar / Nature Neuroscience jurnali, 2022-yil

Tajriba takrorlangan, lekin bu safar paxta oʻrniga futbolkalar qoʻllanganda, natijalar bir xil boʻldi. Hayvonlar ayollar futbolkasi yonida koʻproq vaqt oʻtkazdi va erkaklarnikidan qochishga harakat qildi.

Olimlar hidning xulq-atvorga qanday taʼsir qilishini tekshirish uchun sichqonlarni suzishga majburladi. Erkaklar tomonidan suvga tushirilgan sichqonlar boshqalarga qaraganda uzoqroq harakat qilishdan bosh tortdi, shunchaki nochor tarzda suzdi (p = 0,007). Bundan tashqari, erkak hidiga yaqin boʻlgan sichqonlar oʻziga kamroq gʻamxoʻrlik qildi. Ularga shirin suv purkaldi, lekin sichqonlar yungini ayol hidiga yaqin boʻlgan sichqonlarga qaraganda ancha kechikish bilan tozalashni boshladi (p = 0,046). Erkak hidi taʼsiri ostida sichqonlar uglevodlar miqdori pastroq (p = 0,016) boʻlgan suvni koʻproq tanlay boshladi. Buni olimlar angedoniyaning namoyon boʻlishi, yaʼni quvonchni qabul qilish qobiliyatining yoʻqolishi deb hisobladi. Bu xatti-harakat sichqonlar erkaklarning hididan juda noqulay holatga tushishini anglatadi. Ularda harakat faolligi pasayadi, oʻziga gʻamxoʻrlik qilishni istamaydi va angedoniya, yaʼni stress namoyon boʻla boshlaydi.

Keyin olimlar tajriba oʻtkazuvchining jinsi dorilarga taʼsir qilishi yoki qilmasligini sinab koʻrdi. Sichqonlarga ketamin antidepressanti yuborildi. Maʼlum boʻlishicha, preparat erkaklar tomonidan kiritilganda sichqonlarga stressni yengishga yordam bergan. Sichqonlar suvda faol harakat qilib, yana shirinliklarni afzal koʻra boshlagan (p = 0,006 ). Ketamin ayollar tomonidan kiritilganda bu hodisa sodir boʻlmadi.

Suzish testida harakatsizlik davomiyligi ketamin ayollardan koʻra erkaklar tomonidan yuborilganda nazorat holatiga (fizik aralashma) nisbatan qisqargan. Polimniya Georgiu va boshqalar / Nature Neuroscience jurnali, 2022-yil

Olimlarning fikriga koʻra, masala kortikotropin rilizing omilida. U gipotalamo-gipofiz, buyrak usti oʻqi faollashganda gipotalamus tomonidan ishlab chiqariladi. Faollashish stressning rivojlanishi bilan bogʻliq. Tajriba natijalariga koʻra, sichqonlar erkaklar bilan oʻzaro aloqada boʻlganda stressga duchor boʻladi va koʻplab kortikotropin relizing omili ishlab chiqariladi. Bu gipofiz bezidan stress gormoni kortikosteronni koʻproq ajratishga olib keladi, bu holat oʻz navbatida ketaminning antidepressant taʼsiriga sezgirlikni oshiradi.

Oʻzining taxminini sinab koʻrish uchun tadqiqotchilar sichqonlarning miyasiga kortikotropin rilizing omilini kiritib, keyin ayollardan ketamin bilan tajribani takrorlashni soʻrashdi. Bu safar antidepressant ishladi va sichqonlarga stressni yengishga yordam berdi (p = 0,046). Ammo uning taʼsirini toʻsib qoʻyuvchi kortikotropin rilizing omil agonistining kiritilishi ketaminning taʼsirini bekor qildi. Hatto u erkaklar tomonidan kiritilgan boʻlsa ham. Ushbu kombinatsiyada antidepressant sichqonlarning suvda bemaqsad turish vaqtini qisqartirishni toʻxtatib qoʻydi.

Tadqiqot mualliflari sichqonlar bilan tajriba oʻtkazayotgan odamning jinsi nafaqat hayvonlarning xulq-atvoriga taʼsir qilishi, balki ularning oʻrganilayotgan moddaga munosabatini ham oʻzgartirishi mumkin degan xulosaga keldi. Mutaxassislar fikriga koʻra, baʼzi dorilar erkaklar ishtirokida sichqonlarda eng yaxshi holatda sinovdan oʻtkazilishi va baʼzilari esa ayol tajriba oʻtkazuvchilar ishtirokida kutilgan samarani berishi mumkin. Tadqiqotchilar olingan maʼlumotlardan kelajakdagi tadqiqotlarni rejalashtirish uchun foydalanishni taklif qilmoqda va ularning tahlillari tajribalarning shaffofligini oshirish yoʻlida foydali boʻlishiga umid qilmoqda.

Olimlar, shuningdek, ketamin qanday ishlashi haqida biroz boʻlsa-da koʻproq maʼlumotga ega boʻldi. Odamlarni davolash uchun tasdiqlanganiga qaramay, ushbu preparatning taʼsir qilish mexanizmlari toʻliq oʻrganilmagan. Yaqinda dori vositasining miyadagi sinapslarni tiklashga yordam berishi aniqlandi.


Muallif: Polina Grebenkina. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Запах женщины помешал антидепрессанту успокоить мышей” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!