Kanada tabiiy fanlar va muhandislik tadqiqotlari kengashi (NSERC) har yili olimlardan Science Exposed tanloviga tadqiqotlarining mohiyatini aks ettiruvchi fotosuratlar taqdim etishni soʻraydi. Bu yilgi soʻnggi bosqich qatnashchilari yuborgan suratlardan eng yaxshilari tanlab olindi. Ularning aksariyati mikrodunyoni — tirik hujayra, suyak, kristall yoki nanotuzilmalarning goʻzalligini tasvirlaydi. Tanlov gʻolibi hali aniqlanmagan, suratlarga qarang va eng yaxshisiga ovoz bering.
Yuqoridagi rasm Kvebekdagi Grenvill burmasida taxminan bir milliard yil avval litosfera plitalarining toʻqnashuvi natijasida hosil boʻlgan togʻ jinslarining mikrotasviridir.
Tasvir oʻrtasida joylashgan vertikal qatlamning qalinligi 18 millimetr boʻlib, u yuqori harorat va bosim toshning yopishqoq boʻlishiga olib keladigan, katta chuqurliklarda hosil boʻladi. Uning mikrokristalli tuzilishi yopishqoq oqimning buzilishi natijasida hosil boʻlgan. Buning natijasida yupqa burmalar paydo boʻlgan. Shu bilan birga, kattaroq qattiq kristallar maydalanib ketmagan, aksincha oqimda soat miliga teskari yoʻnalishda aylanib qotib qolgan.
Yuqoridagi rasm miyaning immunogistokimyoviy mikrotasviridir. Havorang bilan mikrogliyaning keng tarmogʻi koʻrsatilgan. U neyronlarni himoya qilish va meʼyorda faoliyat koʻrsatishi uchun tegishli sharoitlarni taʼminlaydigan, yordamchi nerv hujayralari hisoblanadi.
Yuqoridagi rasm kremniy ftalosianin kristallarining mikrotasviri boʻlib, ulardan organik yarim oʻtkazgichlarga yupqa shaffof qoplamlar tayyorlash uchun foydalaniladi.
Anʼanaviy kremniy va germaniy bilan solishtirganda, organik yarimoʻtkazgichlar yumshoqroq sharoitlarni talab qiladi. Shuning uchun ularni ishlab chiqarishda arzonroq va kamroq energiya sarf etiladi. Organik moddalarga asoslanib, sunʼiy teri, moslashuvchan displey va shaffof quyosh panellarini ishlab chiqarish mumkin.
Yuqoridagi rasm CLS sinxrotroni yordamida olingan suyak mikrotomogrammasining 3D renderidir. Suratda kichik pushti-koʻk va katta sariq-yashil gʻovaklar koʻrinib turibdi, oltin dogʻlar esa hujayralar hisoblanadi. Bunday tomogrammalar osteoporozda patologik jarayonning rivojlanish mexanizmlari va yoʻnalishini tushunishga yordam beradi.
Yuqoridagi rasm kasalliklarni, birinchi navbatda, onkologik kasalliklarni erta bosqichlarda tashxislash maqsadida organ va toʻqimalarni endoskopik tekshirish uchun moʻljallangan metalinzalarning mikrotasviri hisoblanadi.
Metalinzalar koʻplab optik nanoelementlardan tashkil topgan. Ularning shakli, oʻlchami va holatini oʻzgartirib, anʼanaviy optik uskunalar yetib borolmaydigan sharoitlarda yuqori aniqlikdagi tasvirlarni olish mumkin.
Yuqorida zamonaviy litiy-ion batareya elektrodining elektron mikrotasviri koʻrsatilgan. Faol materiallar donalarida uglerod (qizil rangda) va oʻrgimchak toʻriga oʻxshash uglerod nanotrubalari (koʻk rangda) birlashuvi tasvirlangan. Nanotrubalar oʻtkazuvchi tarmoq vazifasini bajaradi. Bunday elektrod batareyaning quvvatini, quvvatlanish tezligini va ishlash muddatini oshiradi.
Yuqorida skanerlovchi elektron mikroskop yordamida olingan arpa donining tasviri keltirilgan. Himoya vazifasini bajaradigan periferik aleyron qatlamining yashil hujayralari koʻrinib turibdi. Ularda zarur fermentlar, fenol birikmalar va ozuqaviy globulalar (pushti rang) va kraxmal donachalari (sariq rang) bilan bogʻlangan minerallar mavjud.
Ushbu elementlarning tuzilishi va joylashishini tushunish donni patogen zamburugʻlardan himoya qilish vositalarini ishlab chiqishga yordam beradi.