Imtihonlar tahliliga vaqt ajratish o‘quvchilar bilimini oshirishga qanchalik yordam beradi?
Imtihonlar tahliliga vaqt ajratish o'quvchilar bilimini oshirishga qanchalik yordam beradi? SMART maqsad qo'yish nima? Qayta ishlash amaliyoti, ta'limning yangi metodlari haqida.
Oʻrta
12 min
13.04.2023
Ta’lim


Oʻquvchilar imtihonda yaxshi natijaga erishishni xohlashadi. Toʻgʻri yondashuv bilan esa qimmatli bilimlarni egallashga erishish mumkin.


Darsdan soʻng koʻzi yoshga toʻlgan oʻquvchim yozma ishdan nega past baho olganini tushuntirib berishimni soʻrab yonimga keldi. Biz uning xatolaridan kelib chiqib keyingi safar yuqoriroq baho olishi uchun nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini koʻrib chiqdik va shu oʻtgan 30 daqiqa ichida undagi oʻziga va keyingi yozma ishlarni uddalay olishiga boʻlgan ishonchining ortganini koʻrib juda mamnun boʻldim. Lekin oʻqituvchi har bir oʻquvchiga alohida 30 daqiqadan ajrata olmasligi aniq. Shundan soʻng men har bir oʻquvchim yozma ishini sezilarli darajada yaxshilay olishi uchun dars soatlarimga qanday qilib bu turdagi mashgʻulotlarni qoʻshish haqida oʻylay boshladim.

Koʻpincha imtihonlar yoki yozma ishlar egallangan bilimlarni tekshirish vositasi sifatida koʻrilib, ta’limning asosiy maqsadi hisoblanadi. Qizgʻin dars jarayonlaridan iborat ma’lum bir davr tugagach, oʻquvchilar imtihonlarda oʻqituvchilariga yozma ish yozib topshiradilar. Biz ularni koʻrib chiqamiz, baholaymiz va oʻzlariga qaytarib beramiz. Ammo koʻpchiligimiz bilmaymiz-ki, baholashning oʻziyoq oʻrganish va rivojlanish uchun ma’lum imkoniyatlarni yaratadi.

freepik.com

“Qayta ishlash amaliyoti” — bu ta’limdagi yangi ibora boʻlib, aslida amaliyotga tadbiq etilishi biroz murakkab boʻlgan tushunchadir. Men imtihondan keyingi muhokamalar uchun doimo tigʻiz boʻlgan dars jadvalimdan joy ajratishni toʻlovlardan muhimroq degan fikrga keldim. Oddiy haqiqat shundaki, oʻquvchilar imtihonlarda yaxshi natijalarga erishishni xohlashadi. Toʻgʻri yondashuv bilan ushbu oddiy haqiqat nafaqat ma’lum bir fanga oid koʻnikmani rivojlantirishga zamin yaratishi mumkin, balki oʻquvchilarga tanqidiy fikrlash va o’z-o’ziga holis baho bera olishdek qimmatli bilimlarni egallashlariga ham yordam berishi mumkin.

Agar bir yoki ikkita darsingizni imtihonga berilgan javoblarni mazmunli va tushunarli tarzda qayta koʻrib chiqishga bagʻishlamasangiz, qayta ishlash amaliyotini amalda qoʻllash boʻyicha berilayotgan ushbu tavsiyalarning hech biri sizga yordam bera olmaydi. Men bu tahlil qilish uslubimdan 7-sinf ingliz tili darsligida berilgan yozma topshiriqlar va imtihon jarayonlari uchun foydalanganman va ushbu strategiyaning har ikkala jarayon uchun ham birdek foydali ekanligini aniqlaganman. Butun sinf bilan birgalikda qayta ishlash amaliyotining guruh munozaralari yondashuvidan foydalanib, oʻquvchilarga birinchi galda oʻz fikrlarini yanada qulay muhitda erkin ifoda etish, guruhlararo murosaga kelish va natijalarni butun sinfga taqdim eta olishga boʻlgan ishonchni shakllantirish imkoniyatini beradi. Lekin bunga faqatgina oʻqituvchi oʻz sinfida doʻstona muhitni yaratgan boʻlsagina erishish mumkin.

freepik.com

Berilgan vazifani muhokama qiling. Oʻquvchilardan vazifani tushunish qanchalik oson yoki qiyin boʻlganligini soʻrang. Bu haqiqatan ham oʻtilgan mavzularda egallangan bilimlarni sinovchi adolatli test boʻlganmi? (Ya’ni, ular uchun notanish, hali oʻtilmagan mavzulardan savollar tushmaganmi?)Nega shunday? Oʻquvchilardan imtihonning ular uchun eng qiyin boʻlgan elementlarni eslashlarini soʻrang. Nega ular bunchalik qiyin boʻldi? Ularga yaxshiroq tayyorgarlik koʻrish uchun yana nimalar qilinishi kerak edi? Bu yerda beriladigan ma’lumotlarni oldindan rejalashtirishingiz kerak: o’quvchilaringiz ko’proq mustahkamlashi kerak deb hisoblagan mavzularni yodda saqlang va agar oʻquvchilar yuqoridagi savollarga javob berishga tayyor boʻlmasa, siz ularning e’tiborini oʻzingiz kamchilik bor deb hisoblagan mavzularga yoʻnaltirishingiz mumkin.

Oʻquvchilarga qayta yozish jarayonida yordam bering. Pastroq koʻrsatkichli oʻquvchilarga ushbu topshiriqlarning maxsus savollar/boʻlimlarsiz boʻlgan tegishli variantlarini taqdim eting. Masalan, siz berilgan savollarga namuna javoblarini ularning boshini, oʻrtasini yoki oxirgi qismini olib tashlagan holda taqdim etishingiz mumkin. Shunda siz oʻquvchilarga hajman kichik boʻlgan va shu sababli uddalash oson boʻlgan boʻlimlarga javob topish uchun guruhlarda ishlash imkoniyatini yaratasiz. Bunday vazifani istalgancha takrorlash mumkin. Bu oʻquvchilarga oʻzlariga boʻlgan ishonchni oshirishga va berilgan vazifalar mazmunini aniqroq tushunishga imkon beradi.

Tafakkurni rivojlantirishga e’tibor qarating. Ba’zi oʻquvchilar past koʻrsatkichli baholar sababli allaqachon harakat qilishdan toʻxtagan boʻlishlari mumkin. Shu sababdan ham, koʻpchiligimiz rahmdil inson sifatida oʻquvchilarga ular qoʻllaridan kelgancha yaxshi harakat qilishganini, ammo bizning fanimizga nisbatan ishtiyoq va gʻayratni toʻliq ifoda etadigan baho olishmaganini tushuntirishga qiynalamiz. Bu vaziyatda oʻquvchilarning yelkasiga ma’noli ravishda qoqib qoʻyishdan koʻra yaxshiroq usul ham bor. Ularni erkin fikrlashga va aynan nimalarda qiynalganliklari haqida aytib berishga imkon beruvchi xavfsiz va qoʻllab-quvvatlovchi muhit bilan ta’minlash bizga ta’lim sifatini yaxshilash imkonini beradi. Oʻz-oʻzimizga va oʻquvchilarimizga tafakkurni rivojlantirish zarurligini eslatib turish qayta ishlash amaliyotini yanada ahamiyatli ekanligini koʻrsatadi.

freepik.com

Tahlil qilish jarayonida oʻquvchilardan ijobiy fikrlarni ifodalovchi soʻzlardan foydalanishlarini so’rang. Bu haqiqatdan yiroq tuyulishi mumkin. Biroq, bu juda muhim. Chunki oʻquvchilar yozma ishlarini birma-bir tahlil qilib chiqishlari bilan ba’zi jihatlar boʻyicha kutilgan natijaga erishmaganliklarini tushunadilar. Masalan, oʻquvchilar “Men shuni qilolmadim” deyish o’rniga “Men shuni qilishim kerak ekan” yoki “Kelasi safar shunday qilaman” kabi iboralarni ishlatishlari kerakligini ta’kidlang. Til tafakkurni shakllantiradi va oʻquvchilarga ushbu amaliyotga ijobiy va konstruktiv jarayon sifatida qarashni ta’kidlash mashgʻulotlarni yanada foydali jarayonga aylantiradi va vazifani uddalay olmadim, degan ma’nodagi salbiy qarashlarni oldini oladi.

Tegishli kontekst berilmaguncha natijalarni / imtihon varaqalarini tarqatmang. Yozma ishlarning toʻldirilmagan nusxalarini taqdim etish oʻquvchilarga birinchi marta qanday javob berganliklari haqida mulohaza yuritish imkonini beradi. Shu tariqa ular keyingi savollarga qanday javob berish mumkinligi haqida oʻylab, ularni taqqoslab koʻradilar. Eng muhimi, oʻquvchilar imtihon natijalarini qayta ishlash mashgʻuloti tugashidan oldin olishmasa mashgʻulot davomida tahlillarga yanada koʻproq e’tibor qaratadilar.

Oʻquvchilarga namunalar bering, lekin ularni oʻquvchilarning darajasiga moslashtiring. Talabalarga a’lo darajadagi ish namunalarini koʻrsatish foydali boʻlishi mumkin, lekin ba’zida bunday misollar oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilarni biroz choʻchitib qoʻyishi ham mumkin. Ba’zi oʻquvchilar “toʻliq shakldagi javob” ni imkonsiz deb hisoblashadi va umidsizlikka tushishadi. Bunday oʻquvchilarda uchraydigan ushbu muammoni hal qilishning bir usuli namunada ishlatilgan tilni (leksik birlik, jumlalar uzunligi va boshqalarni) ularning darajasiga mos kelmagunicha, ular tushunadigan tarzda qisqartirishdir. Ya’ni, ular uchun bu zinapoya emas, balki bir yoki ikki bosqich bilangina erishish mumkin boʻlgan holat sifatida namoyon boʻlishi kerak.

Bu oʻquvchilarning imtihon baholarini koʻrishdan oldin oʻz oldilariga amaliy maqsadlarni belgilashga urgʻu beruvchi SMART* maqsadlarni qoʻyishga olib keladi. Masalan, oʻquvchilar quyidagicha SMART maqsad qoʻyishlari mumkin: “Men uy vazifasi uchun yozadigan keyingi matnni yozish va tahlil qilish uchun kamida 30 daqiqa vaqt sarflashni xohlayman”.

freepik.com

Bizning oʻqituvchi sifatidagi vazifamiz oʻquvchilarga akademik oʻsishni oldinga qoʻyilgan kichik qadamlar bilan birga ba’zan orqaga qoʻyilgan bir necha qadamlardan ham iborat jarayon ekanligini tushunishga yordam berishdir. Agar oʻquvchilar oʻz oldilariga amaliy jihatdan erishib boʻladigan maqsadlarni qoʻya olishsa, ularni amalga oshirish ehtimoli yuqoriroq boʻladi. Ammo real, erishish mumkin boʻlgan maqsadlarni qoʻyish har doim ham yoshlarga xos emas. Agar oʻquvchilar real boʻlmagan maqsad qoʻyishsa va bir necha bor ketma-ket unga erisha olishmasa, bu ularning oʻziga boʻlgan ishonchiga qattiq putur yetkazishi mumkin.

Bunga yengilroq qarashni shakllantiring. Oʻquvchilarda muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlikka nisbatan sogʻlom munosabatni shakllantirish uchun muvaffaqiyatsizlik tushunchasini ma’lum darajada normallashtirilishi kerak. Ushbu muvaffaqiyatsizlikni keyingi muvaffaqiyatlarning bir qismi sifatida koʻrishga oʻrgatish kerak. Shuningdek, agar oʻqituvchi sinf bilan doʻstona munosabat oʻrnatgan boʻlsa, oʻquvchilar bilan mavzu doirasidagi shaxsiy tajribalarini oʻrtoqlashishi va ularga hatto nufuzli shaxslar ham muvaffaqiyatsizliklardan saboq olishini namoyish qilishi mumkin. Ushbu shaxsiy tajriba kulgili tarzda hikoya qilinsa, ayniqsa, ba’zi (ichki va tashqi omillar) sabablarga koʻra imtihon / topshiriqning past natijalarini bilganliklaridan keyin oʻquvchilar salbiy reaksiya bildirishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda yanada samaraliroq boʻladi.

*SMART — (inglizcha “Specific, Measurable, Achievable, Realistic and Time-specific-aniq, oʻlchab va erishib boʻladigan, real va vaqtga yoʻnaltirilgan”) maqsad qoʻyish strategiyalaridan biri boʻlib, u yuqorida beshta jihatni oʻzida jamlashi kerak.

Mashgʻulot oxirida eng muhim savol va eng muhim vazifa turibdi. Hozir oʻrgangan bilimlaringizga tayangan holda vazifani qilishga yana urinib koʻrsangiz yaxshiroq natijaga erishishingiz mumkin, deb oʻylaysizmi? Agar qayta ishlash amaliyotini muvaffaqiyatli tugatsangiz, javob deyarli har doim “Ha” boʻladi. Imtihon natijalaridan xafsalasi pir boʻlgan oʻquvchilar uchun “Agar siz buni yana qila olsangiz va yanada yuqori natijalarga erishishingiz mumkinligini bilsangiz, xafa boʻlish uchun biror-bir sabab bormi?” degan savol ijobiy va koʻtarinki kayfiyatni saqlash uchun oxirgi eslatma boʻlib xizmat qiladi. Ushbu bosqichda oʻquvchilarga baholangan vazifalarini qaytarib berish mumkin, ular tushunmagan har qanday masalani muhokama qilishi va keyin qayta yozib koʻrishlari mumkin.

Nega keyin, oldin emas? Aslida, oʻqituvchilar bu turdagi tahliliy muhokama jarayonini huddi shu tamoyillardan foydalanib imtihonlardan oldin oʻtkazishi mumkin. Biroq, koʻplab oʻquvchilar uchun imtihon topshirish sirli va qoʻrqinchli tajriba hisoblanadi. Oʻquvchilar oʻz-oʻzini baholay olishi uchun men imtihonlardan oldin, topshiriqlar berish jarayonida ularga rubrikalar berardim. Lekin tez orada koʻpchilik oʻquvchilar ularni chalkash va juda mavhum deb bilishlarini tushunib yetdim. Bosim yengillashtirilishi uchun bunday mashgʻulotlar imtihonlardan soʻng berilishi yanada samaraliroq boʻlar ekan. Bu bilimlarini oshirish uchun birgalikda harakat qiladigan sinf jamoasini shakllantiradi va oʻquvchilarga bilimlarini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan tajribalarni taqdim etadi.

unsplash.com

Men 7-sinfdagi oʻquvchilarimdan imtihondan keyingi qayta yozish amaliyoti va uning ahamiyati haqidagi fikrlarini ochiq oydin bayon qilishlarini soʻradim. Men ularning diqqatini “Agar biz imtihondan oldin shunga oʻxshash narsani qilsak nima boʻlardi?” degan savolga qaratdim.

“Menimcha, buni keyinroq qilgan yaxshi. Bu siz aytayotgan gaplaringizga quloq solishga majbuq qiladi, chunki men imtihonda nega bunday baho olganimni tushunishga harakat qilaman!”,-dedi bir oʻquvchim. Boshqa bir oʻquvchim ham unga shu ma’qul ekanligini bildirib oʻtdi: “Menimcha avval oʻzimiz harakat qilib koʻrishimiz va shu tariqa tajriba toʻplaganimiz yaxshi. Lekin agar barcha ma’lumotlar bizga boshida berilsa, bu bizga qiziqarsiz, koʻp va juda murakkab boʻlib tuyulishi mumkin.”

“Arslon”, “Jodugar” va “Shkaf” film qahramonlarining motivlarini tasvirlash soʻralgan qisqa inshosini 30 foizgina bajargan oʻquvchim qayta ishlash amaliyotidan soʻng oʻz natijasini 70 foizga yetkazdi. Men Vyetnamdagi xalqaro maktabda dars beraman; koʻpgina oʻquvchilarim uchun ingliz tili ikkinchi yoki uchinchi til hisoblanadi. Til koʻpincha yuqori natijalarga erishishga toʻsqinlik qilishi mumkin, ammo men ushbu vaziyatlardan soʻng eng katta toʻsiq — berilgan vazifadan kutilayotgan maqsadni toʻgʻri belgilab olmaslik yoki uning mohiyatini toʻliq anglab yetmaslik ekanligini tushunib yetdim.

Qayta yozilgan topshiriqlarni baholamasam ham, ulardan joriy nazorat sifatida foydalanaman. Ular nafaqat menga oʻquvchilarim egallayotgan bilimlardan qoniqish hissini beradi, balki qayta yozish amaliyotidan soʻng olgan baholari oʻquvchilarda ham oʻzlariga boʻlgan ishonchning ortishiga sabab boʻladi. Garchi hamma oʻquvchilar ham sezilarli natijalarni koʻrsata olmasalar ham, oʻrtacha natijalar odatdagidan ancha yuqori boʻladi. Oʻquvchilarimning natijalaridagi bunday ijobiy oʻzgarish bundan buyon ham shu uslubdan foydalanishim kerak, degan fikrga kelishimga sabab bo’ldi.


Kendal Rollie — Vyetnamning Xanoy shahridagi K-12 ikki tilli maktabining ingliz tili koordinatori. U til siyosati va til oʻrganishni ragʻbatlantirish boʻyicha tadqiqotlar olib boradi. Shuningdek, chet tillarini oʻqituvchi mutaxassislarga sinfda oʻz koʻnikmalarini rivojlantirishga yordam beradi.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Imtihonlar tahliliga vaqt ajratish oʻquvchilar bilimini oshirishga qanchalik yordam beradi?

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!