Quyosh tizimi haqida 8 ta ajablanarli fakt
5 min
14.04.2023
Fizika va astronomiya

Gap quyosh tizimi haqida keganda ilmiy faktlar uydirma boʻlib chiqadi, hamma toʻgʻri deb oʻylagan javoblar esa aslida notoʻgʻri boʻladi. Gap shundaki, biz hech narsa bilmasligimizni bilamiz — va endigina atrofimizdagi sayyoralar dunyosini oʻzimiz uchun kashf etmoqdamiz. Ammo tushkunlikka tushishga hojat yoʻq: hech boʻlmasa quyidagi 8 ta faktning haqiqatligiga amin boʻlishingiz mumkin.

1. Merkuriy eng issiq sayyora emas
Mantiq boʻyicha qancha Quyoshga yaqin borsa shuncha issiq boʻlishi kerak. Lekin boshqa faktorlarni ham hisobga olsa maqsadga muvofiq boʻladi, masalan — sayyoraning atmosferik zichligini. Merkuriyda esa atmosferaning oʻzi yoʻq, deyarli. Shuning uchun sayyoraning haroratini yuqori holda ushlab tura oladigan qatlam ham yoʻq. Endi esa Merkuriydan keyin keladigan sayyora Veneraga bir nazar solsak. Quyoshga yaqinligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turgan bu sayyorning atmosferasi juda zich — yernikidan 100 barobar zichroq! Aynan shu atmosfera qaysidir maʼnoda “koʻrpa” vazifasini oʻtab, Venerani sovib qolishdan asraydi. Merkuriyning sirt temperaturasi — 427 °C, Veneraniki esa — 464 °C.

2. AQSh Plutondan kattaroq
U burchagidan bu burchagigacha hisoblansa AQShning uzunligi 4700 kilometr chiqadi. Plutonda shu hisobni oʻtkazsangiz 2300 kilometr boʻladi xolos. Demak, bu karlik sayyoraning kengligi — Yerdagi bir davlatning kengligichalik ham boʻla olmas ekan. Umuman olganda, Pluton shunchalik kichkinaki, uning sayyora yoki sayyora emasligi haqidagi bahslar deyarli tugab qoldi. 

3. Pluton Quyosh tizimining oxiri emas
Agar bolalaringiz boʻlsa, darhol astronomiya darsliklarini olib rasmlarni toʻgʻrilab qoʻying. Quyosh tizimining chegarasini karlik sayyoradan juda-juda uzoqda chizish kerak. Hisoblarga koʻra, tizimimiz Quyoshdan 50 000 astronomik birlikka choʻzilgan. Plutondan soʻng hali transneptun jismlar va Koyper belbogʻi bor. 

4. Quyosh tizimining dumi bor
Uni kometaning dumiga oʻxshatish eng toʻgʻri boʻladi, yagona farq shundaki Quyosh tizimining dumi toʻrt-bargli bedaga oʻxshab ketadi. U “geiloteyl” deb ataladi. U haqida yaqingacha bilmaganimizning sababi juda oddiy: bu dum odatiy uskunalarga koʻrinmaydigan zarralardan iborat. Gelioteyl Quyosh tizimining chegarasidan 13 milliard kilometrga choʻzilgan. Shu bilan birga uning zarrachalari barcha tomonlarga qarab 1,6 million km/soat tezlikda otiladi. Bu esa kuchli shamollar tufayli yuz beradi.

5. Yerda Marsdan kelgan minerallar bor
Qizigʻi shundaki ularni biz olib kelmaganmiz. Antarktika va Sahara choʻliga qulagan kometalar ustida oʻtkazilgan chuqur izlanishlar shuni koʻrsatdiki, bu samoviy jismlar Marsda hosil boʻlgan. Moddalar tahlili davomida Mars atmosferasidan farq qilmaydigan muayyan gaz topildi. Ehtimol bu kometalar qachonlardir qizil sayyoraning bir qismi boʻlgan va vulqon otilishi natijasida vaqt oʻtishi bilan Yerga uchib kelishga muvaffaq boʻlishgan.

6. Eng katta dengiz Yupiterda joylashgan
Aynan shu sayyorani vodorod va geliyning ulkan ombori deb atash mumkin — u amalda faqat shu ikki moddadan tashkil topgan. Yupiterning massasi va tarkibini baholagach, olimlar muz bulutlari ostida suyuq vodoroddan iborat dengiz bor degan fikrni berishdi. Barcha faktorlarni hisobga olsak, u nafaqat Quyosh tizimidagi eng katta dengiz, balki eng chuquri ham. Taxminiy hisoblarga ishonadigan boʻlsak, bu dengizning chuqurligi taxminan 40 000 kilometrga teng — yaʼni Yer ekvatorining uzunligi bilan deyarli bir xil. 

7. Bitta sayyora yetishmay turibdi
Buni olimlar payqab qolishdi: ular gazli gigantlarning orbitalarini tahlil qilib, bu orbitalar koʻplab mavjud modellarga toʻgʻri kelmaydi degan xulosaga kelishgan. Tadqiqotchilarning fikricha bu Quyosh tizimida yana bir sayyora boʻlganini va uning massasi Yernikidan bir necha oʻn barobar ortiq boʻlganini bildiradi. Bu faraziy sayyorani Tixo deb atashadi. Bu sayyora yulduzlararo makonga chiqib qolgan va hozir oʻsha yerda oʻz harakatini davom ettirmoqda deb hisoblanadi. Ammo Tixo hozir joyida boʻlganda ham uni koʻrolmagan boʻlardik. Chunki u Plutonning orqasida joylashgan va uning Quyosh atrofida bir marta aylanishi uchun millionlab yillar ketgan boʻlardi.

8. Aslini olganda biz Quyoshning ichida yashaymiz
Albatta, biz bu yulduzni uzoqlarda turgan, bizga tongda uygʻonib, ishga borishga imkon beradigan ulkan qizib turgan shar deb tasavvur qilamiz. Ammo Quyoshga boʻlgan qarashlarimizni qayta koʻrib chiqishimiz kerak. Axir unda bizning sayyoramizdan ancha uzoqqa choʻzilgan tashqi qobiq ham bor-da. Bu yorqin yulduzning har bir portlashi Yerda, Yupiterda, Saturnda, Uranda va Neptunda qutb yogʻdusini hosil qiladi. Shuning uchun ham olimlar biz geilosferada yashaymiz deb hisoblashadi, uning radiusi esa taxminan 100 astronomik birlikka teng.


Muqova surat: freepik.com

Manbalar: 
→ newarticleworld.com/10-unexpected-and-intriguing-facts-about-our-solar-system
→ nasa.gov
→ space.com
youtube.com/watch?v=libKVRa01L8

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!