Rossiyada ishlab chiqarilgan biomimetik protez itda sinab ko‘rildi
Biomimetik protez, protez suyak, osteosarkoma, suyak tuzilishi, tashqi suyak qoplamasi, yumshoq to'qima va tog'aylar haqida tanishib chiqing.
4 min
28.04.2023
Biologiya va tibbiyot

NITU MISiS va Biomimetix olimlari ko‘p qatlamga ega suyak vazifasini bajaradigan va ilgari ishlab chiqilgan, biomoslashuvchan material asosida osteosarkoma bilan kasallangan it uchun gibrid implant ishlab chiqdi. Operatsiya natijasida implant hayvonga muvaffaqiyatli ravishda o‘rnatildi. “Hozirda jonivor o‘zini yaxshi his qilmoqda va bemalol harakatlanmoqda”, — deb xabar berdi universitet matbuot xizmati.

Suyaklarda yuzaga keladigan shikastlanishlar va patologik o‘zgarishlar suyak saratonining eng keng tarqalgan turi — osteosarkoma rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Kasallik ta’sirida ko‘pincha suyakning katta qismini kesib olib tashlashga to‘g‘ri keladi. Kesilgan joyni qayta tiklash uchun suyak tuzilishini mukammal tarzda imitatsiya qiladigan va sun’iy muhitda to‘qima hujayralari o‘sishiga imkon beradigan, biomoslashuvchan materiallardan tayyorlangan implantlar o‘rnatish kerak bo‘ladi. Implantlarni ishlab chiqishda eng mashhur material hali ham titan bo‘lib turibdi. Undan 40 yildan ortiq vaqt davomida foydalanib kelinmoqda. Biroq titan juda ko‘p kamchiliklarga ega. Hujayralar o‘sishi uchun zaruriy tuzilma yetishmasligidan tashqari, metall implantlar juda qattiq bo‘ladi.

Elastik va g‘ovaksimon tuzilishga ega biomoslashuvchan materiallarni yaratish uchun yuqori molekulyar og‘irlikdagi polietilen muvaffaqiyatli qo‘llanilib kelinmoqda. Uning ko‘piksimon tuzilmasi g‘ovakli suyaklarning ushbu xususiyatiga mos keladigan muhitni yaratishga imkon beradi. Biroq bunday materiallar yumshoq to‘qima va tog‘aylarni almashtirish uchun ishlatiladi, chunki ular aslida qattiq emas. NITU MISiS kompozit materiallar markazi tadqiqotchilari g‘ovakli suyak tuzilishiga taqlid qiluvchi mana shunday materialning ko‘p qatlamli turini ishlab chiqdi. U tashqi suyak qoplamasi (qattiq yuqori qobiq) vazifasini bajaradigan qattiq qatlamga va g‘ovakli qismga ega. Kemiruvchilarda ishlab chiqilgan biomimetik materialning suyak to‘qimalari bilan kirishib ketishi va bosimga bardosh berishi olimlar tomonidan tasdiqlangan.

G‘ovakli suyak tuzilishi (o‘ngda) va unga o‘ta yuqori aniqlikda imitatsiya qiluvchi, polietilendan tayyorlangan g‘ovakli matritsa (chapda). A.V. Maksimkin va boshqalar / Materials and engineering nashri, 2017-yil

Kompozit materiallar markazi xodimi, tadqiqotchilar ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etuvchi Biomimetix kompaniyasining o‘rindosh direktori Fedor Senatov olimlar tomonidan ishlab chiqilgan biomimetik implant dastlab yirik hayvonda, aniqrog‘i, dog naslli itda sinovdan o‘tkazilganini aytdi. Hayvon osteosarkomadan aziyat chekkan va undan kattaligi taxminan 11 santimetr bo‘lgan son suyagining katta qismi olib tashlangan edi. Suyakni qayta tiklash uchun unga ikki qatlamli polimer matritsa yordamida gibrid protez o‘rnatildi. Suyakning yetishmayotgan qismi juda katta bo‘lgani tufayli protez titan asosida tayyorlanishi kerak bo‘ldi, uning ustiga qattiq qatlam va g‘ovakli polimer qatlami qurildi. Implant muvaffaqiyatli o‘rnatildi va bir necha kundan keyin it operatsiya qilingan oyog‘i bilan yura boshladi.

O‘simtani olib tashlash va protez o‘rnatish operatsiyasidan oldin (chapda) va keyin (o‘ngda) itning orqa oyoq suyagi rentgenogrammasi. NITU MISIS

Olimlar implantning biriktiruvchi to‘qima hujayralari bilan qanchalik muvaffaqiyatli ravishda kirishib, suyakka birikib ketganini aniqlashi uchun birmuncha vaqt kerak bo‘ladi. Kompaniya hozircha veterinarlar bergan buyurtmalarni bajarib, biomimetik protezlarni sinovdan o‘tkazishni davom ettirishni rejalashtirmoqda.

Suyaklar va inson tanasining boshqa qismlari o‘rnini bosuvchi yana qanday boshqa turdagi materiallar borligi haqida “А вместо сердца — пламенный мотор” maqolasidan bilib olishingiz mumkin.


Muallif: Yana Kolesova, Darya Spasskaya ishtirokida. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Российский биомиметический протез проверили на собаке” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NITU MISiS

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!