Xulosa qilindi: bizga statistik ma’lumotlar nega kerak?
Statistik ma'lumotlar, kasallanganlar soni, aholini ro'yxatga olish va nikoh qurganlar miqdori haqidagi statistik ma'lumotlarning ahamiyati haqida.
7 min
29.04.2023
Matematika

Kasallik, aholini ro‘yxatga olish, avtomashinalar savdosi, bankrotlik, nikoh, ilmiy kashfiyotlar va “mushuk” so‘zi bilan qidiruv so‘rovlari ma’lumotlar tahlilisiz, siyosat, iqtisod, media yoki fan sohalarining birortasida jiddiy qaror qabul qilishga asos bo‘la olmaydi. Statistik ma’lumotlar tadqiqot natijalarini saqlab qolishi mumkin, uni soxtalashtirish esa obro‘ni bir umrga yo‘qqa chiqaradi. N + 1 muharrirlari Rosstat bilan birgalikda statistik ma’lumotlar to‘g‘ri to‘planganda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishini esga oldi.

Ommaviy hodisalar haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish orqali ijtimoiy hayot qonuniyatlarini aniqlashga asoslangan ilmiy yo‘nalish XVII asr o‘rtalarida Angliyada paydo bo‘lgan. U “siyosiy arifmetika” deb nomlangan.

Statistika atamasini iste’molga 1746-yilda nemis olimi Gotfrid Axenval kiritgan. U Germaniya universitetlarining ta’lim dasturiga kirgan “Davlatshunoslik” fani nomini statistika bilan almashtirishni taklif qilgan. 

Hozirgi kunda statistika ma’lum uslub va tamoyillar asosida miqdoriy yoki sifatga tegishli ma’lumotlarni to‘plash, o‘lchash, kuzatish va tahlil qilish hamda ularni taqqoslashning umumiy masalalari o‘rganiladigan fandir. Aslini olganda, statistika jamiyatning o‘zini va atrofida sodir bo‘layotgan voqealarni o‘rganishi uchun vositadir.

Statistikani barcha sohalarda hisobga olish muhim. Tadqiqot olib boriladigan sohaga qarab, statistikani bir nechta yo‘nalishlarga ajratish mumkin: ijtimoiy, iqtisodiy, demografik, sanoat, tibbiy, savdoga oid va boshqalar.


Barchangizni hisobga olamiz

Nima uchun aholini ro‘yxatga olish kerak?

Deyarli har bir davlatning o‘z statistika idorasi mavjud. Jahon statistikasi BMTning asosiy tamoyillariga asoslanib olib boriladi. Rossiyada rasmiy statistik ma’lumotlar uchun Federal davlat statistika xizmati mas’ul hisoblanadi. Uning mutaxassislari keng ko‘lamli tadqiqotlar, xususan, aholini ro‘yxatga olish bilan shug‘ullanadi.

Aholini ro‘yxatga olish bu ma’lumotlar to‘plami va mamlakatdagi barcha aholining ommaviy so‘rovnomasi bo‘lib, u ma’lum bir davrda aholini “suratga” olish kabidir. Qoida tariqasida, u har o‘n yilda bir marta yoki undan tezroq amalga oshiriladi. Masalan, Kanadada aholini ro‘yxatga olish besh yilda bir marta o‘tkaziladi.

Kelajak uchun rejalar tuzish va federal hamda viloyat byudjetlarni to‘g‘ri taqsimlash uchun davlat aholini, uning tarkibini va yashash sharoitlarini bilishi kerak. Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari sog‘liqni saqlash, ta’lim, pensiya, uy-joy, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqalarga ta’sir qiladi.

Shunday qilib, aholini ro‘yxatga olish tufayli butun dunyoda bo‘lgani kabi Rossiyada ham odamlarning turmush qurishi va birinchi farzand ko‘rishi kechroq amalga oshayotgani aniq bo‘ldi. Agar ushbu ma’lumotlarni tahlil qilsangiz, tug‘ilish darajasini aniqroq bilib olish mumkin. Aynan 2002-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalari onalik to‘lovini joriy etish uchun asosiy dalil bo‘ldi.

Aholini ro‘yxatga olish natijalari nafaqat prognozlarni oqlashi, balki ajablantirishi ham mumkin. Masalan, Rossiyada 2002-yilgi aholini ro‘yxatga olishdan so‘ng mamlakatda erkaklarga qaraganda ayollar 10 millionga ko‘proq ekani ma’lum bo‘ldi. Ammo Rosstat prognoziga ko‘ra, ayollarning erkaklardan arzimas ustunligi asta-sekin yo‘qolib ketadi.

AQShda o‘tkazilgan 2020-yilgi aholini ro‘yxatga olish birinchi marta oq tanlilar soni kamayganini ko‘rsatdi. Sharqiy va Janubiy Osiyoda o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, Xitoy aholisining o‘sishi sekinlashayotgani va Hindiston aholi soni bo‘yicha uni ortda qoldirishi ma’lum bo‘ldi.

Navbatdagi Butunrossiya aholisini ro‘yxatga olish


Vaqt va pul

Statistikalar biznesga qanday ta’sir qiladi?

Statistik tadqiqotlar biznesga yordam beradi. Ular tufayli bozorning haqiqiy holati, uning tuzilishi, rivojlanish vektorlari haqida ma’lumot olish va sanoatga qanday omillar ta’sir qilishini tushunish mumkin. Masalan, “foydani prognoz qilish usuli biznes statistikasi va daromadlar o‘sishini taxmin qilishni birlashtiradi. Bu sotuv ko‘rsatkichlarining cho‘qqisi va hozirgi vaqtda sodir bo‘layotgan voqealarni taqqoslaydi. Masalan, konditsioner va muzqaymoqlarga bo‘lgan talabning o‘sishi haddan tashqari issiq havo bilan ifodalanadi.

Biznesda statistikadan foydalanishning yana bir misoli Yel universiteti xodimi Juzeppe Moskarini tomonidan yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotdir. Moskarini past ishsizlik darajasi iqtisodiyot uchun yomon ko‘rsatkich ekanini aniqladi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, tez-tez ish joyini o‘zgartiradigan amerikaliklar o‘z ishida qolganlarga qaraganda o‘rtacha 4 foizga ko‘proq maosh oladi, ya’ni odamlar ishini qanchalik tez-tez almashtirsa, ish haqi shunchalik tez o‘sadi. Buning asosiy sababi raqobatdir. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti tomonidan olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, moliyaviy inqirozdan so‘ng xodimlar yangi ish joylariga kamroq ko‘chib o‘tgan.

Uzoq yashash

Tibbiyotda statistika qanday qo‘llaniladi?

Statistik ma’lumotlar tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida katta ahamiyatga ega bo‘lib, ular tibbiy xizmatdan foydalanishda tenglikni hisoblashda yordam beradi. Masalan, Bangladeshda ma’lumotlar monitoringi va baholashning joriy etilishi sog‘liqni saqlash tizimini maqbullashtirish va tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash uchun manbalarni to‘g‘ri taqsimlash imkonini berdi.

Statistik ma’lumotlar tufayli o‘lim darajasi, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi va boshqa muhim ko‘rsatkichlarni aniqlash mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yildan 2016-yilgacha dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish 5,5 yilga, ya’ni 66,5 yoshdan 72 yoshgacha oshgan. Shu bilan birga, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq yashaydi.

Erkaklar odatda tibbiy yordamga kamroq murojaat qiladi. Bundan tashqari, OIV epidemiyasi keng tarqalgan mamlakatlarda ayollar kasallikka qarshi ko‘proq tekshiriladi va muntazam ravishda antiretrovirus dori-darmonlarini qabul qiladi. Shuningdek, 2016-yilda dunyoda erkaklar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ayollarga qaraganda 75 foizga yuqori ekani aniqlangan.

Tadqiqotlar, shuningdek, inson umrining mamlakatdagi turmush darajasi va moddiy to‘kinlikka ham bog‘liqligini aniqladi. Turmush darajasi past bo‘lgan mamlakatlarda odamlar o‘rtacha 18 yil kamroq yashaydi.

“Ushbu statistik ma’lumotlarning barchasi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni davolash va xavf omillarini cheklash uchun sog‘liqni saqlash xizmatiga ustuvor ahamiyat berish zarurligini ta’kidlaydi”, – dedi JSST bosh direktorining ma’lumotlar, tahlil va yetkazib berish bo‘yicha yordamchisi Samira Asma. Masalan, qon bosimini nazorat qilish kabi oddiy narsalar kerakli darajada amalga oshirilmaydi va tamaki iste’moli erta o‘limning asosiy sababi bo‘lib qolmoqda.


Sintaktik aloqalar

Statistika tilshunoslarga qanday yordam beradi?

Statistik ma’lumotlar hayotning aniq bo‘lmagan sohalariga ham tegishli bo‘lishi mumkin. Masalan, tilshunoslikka. Bu sohada statistika tilshunoslarga sintaktik aloqalarning kesishish joylarini tushunishga yordam berdi. Ispaniyalik tadqiqotchilar jumlalardagi o‘zlashtirilgan so‘zlar o‘rtasida sintaktik aloqalar qanday kesishishini taxmin qilishi mumkin bo‘lgan statistik modelni izlab topdi.

Butunjahon statistika kuni BMT statistika komissiyasi tomonidan belgilab berilgan 20-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu sana har besh yilda bir marta nishonlanadi. 2020-yilda Statistika kuni “Biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bilan dunyoni bog‘laymiz” shiori ostida o‘tkazildi.


Muallif: Natalya Luchkina. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Сделали вывод. Для чего нам нужны статистические данные” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!