20.02.2024
Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/12713
Nega chidash kerak?
Tukli ari va umuman hasharotlar bilan holat yuqoridagidan ham murakkabroq. Ular insondagi TRPA1 issiqlik retseptori bilan bir oilaga mansub retseptorlarga ega. Tana yuzasi ostida mazkur retseptorlar bilan qoplangan, tarvaqaylab ketgan sezgir neyronlar mavjud bo‘lib, ular boshqa narsalar qatori issiqlik va inyeksiyalarga reaksiya bildiradi. Bundan tashqari, bu neyronlardan chiqqan signal, garchi noma’lum yo‘llar bilan bo‘lsa ham, og‘riq hissi paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan miyaga yetib boradi.
Ammo hasharotlar ba’zida og‘riqlarga mutlaqo insonga xos bo‘lmagan va hatto qisqichbaqalarda kuzatilmagan tarzda munosabatda bo‘ladi.
Bir tomondan, drozofilalar uni xafa qilgan joyni tark etishi ma’lum. Bundan tashqari, ular bu joylarga yana qaytib kelib qolmaslik uchun eslab qoladi. Agar pashshaga havoda ma’lum bir hid bor paytda ketma-ket, bir necha marta tok bilan zarba berilsa, u keyinchalik bu haddan ham qochib qoladi. Ammo elektr toki urishi to‘xtaganda ma’lum bir hid paydo bo‘lsa, ular, aksincha, bu hidni boshqalardan ko‘ra afzal ko‘rishni boshlaydi. Ehtimol, bu hid og‘riqning tugashi bilan bog‘liq bo‘lgani tufaylidir…
Ushbu tajribalar o‘n yildan beri davom etmoqda va ularning mualliflari o‘sha paytda ham tukli arilarni azoblamasdan, barcha hasharotlar og‘riqni his qiladi degan fikrda bo‘lgan.
Boshqa tomondan, hasharotlarda og‘riqni boshdan kechirishning ba’zi belgilari topilmaydi. Masalan, ular tanasining shikastlangan qismiga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lmaydi (vaqti-vaqti bilan zararlangan tirnoqlarini ishqalab, tirnaydigan qisqichbaqalarda farqli o‘laroq). Buning o‘rniga, ular shikastlangan qo‘l-oyog‘ida yurishni davom ettiradi va hatto ular ikkiga bo‘lingan bo‘lsa ham, ovqat tomon intiladi. Shuning uchun, boshqa olimlar hasharotlarni zombi deb hisoblaydi, ya’ni hasharotlar ularga stimul beradigan hodisaning turiga ko‘ra o‘zini mos ravishda tuta oladi, lekin hech qanday ongli harakatlarni bajarmaydi.
Britaniyalik olimlar issiqlik bilan o‘tkazgan tajribalarida asalarilar ham chig‘anoqli qisqichbaqalar kabi asosli tanlov qila olishi yoki olmasligini sinab ko‘rdi. Eng shirin qutichalar (40 foizli eritma bilan) yorqin rang bilan belgilandi va qizdirilgan holda qoldirildi. Olimlar asalarilar buni eslab qolishini tekshirishdi. Har bir keyingi tajribada hasharotlarning qutichalarga uchib kirib, hech narsa yemasdan qaytib chiqish holatlari kamayib bordi. Xulosa shuki, ular maqsadli ravishda qutichalarga uchib kirgan. Boshqa qutichalarda ham eritma xuddi shunday shirin yoki suyuqroq bo‘lishi mumkin edi, lekin ulardagi harorat mo‘tadil holda saqlab turilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, tukli arilarning issiq qutiga tashrifi ulushi xavfsizroq muqobillarda qancha shakar taklif qilinganiga bog‘liq bo‘lgan. Agar arilar qaynoq shirin quti (55 daraja issiq va 40 foiz glyukoza) va mo‘tadil quti (xona harorati va 10 foiz glyukoza) o‘rtasida tanlov qilishi kerak bo‘lsa, deyarli barcha arilar mo‘tadil qulaylikdan ko‘ra “shirin og‘riqni” afzal ko‘rgan. Agar oddiy quti ham 20 yoki 30 foizli glyukoza bilan to‘ldirilgan bo‘lsa, ba’zi arilar bundan mamnun bo‘lgan va issiq qutiga tashriflar soni kamaygan. Agar hamma joyda 40 foizli eritma berilgan bo‘lsa, unda hasharotlarning 60 foizi issiqqa kirmaslikni afzal ko‘rgan. Ba’zi guruhlarda esa barcha arilar tavakkal qilmaslikka qaror qilgan va isitiladigan qutiga e’tibor qilmagan.
Ushbu ma’lumotlarga qarab, tadqiqotchilar agar haqiqiy qiymat keltiradigan holat yuz bersa, tukli arilar og‘riqni boshdan kechirishga qaror qilishi mumkin degan fikrga keldi va bu ularda sabr qilishi mumkin bo‘lgan narsa borligini anglatadi. Olimlarning fikriga ko‘ra, sabr-toqat yoqimsiz holatlarda yuz beradigan fiziologik jarayonlarni bostirish qobiliyatidir. Agar bunday qobiliyat mavjud bo‘lsa, unda u biror-bir sababga ko‘ra kerak bo‘ladi. Masalan, sabr tuyg‘usi qabul qilingan qarorni bajarishga fiziologik reaksiya to‘sqinlik qilayotganda yordam berishi mumkin.
Bu natija chig‘anoqli qisqichbaqalarning xatti-harakatiga o‘xshab ketadi. Agar ular tashqarida yirtqichning hidini sezsa va xavf ostida bo‘lsa, elektr toki urishiga qaramay, qobiqlarida qolishni afzal ko‘radi. Agar bu qisqichbaqani og‘riqni his qiladi deyish uchun yetarli bo‘lsa, tukli arilar uchun ham yetarli bo‘lishi kerak.
Boshqalarda qanday?
Ushbu tajriba yangi qonun loyihasida arilarga joy olib beradimi yoki yo‘qmi, aytish qiyin. Eng yaxshi holatda, u his-tuyg‘uli hayvonlar qatoriga o‘tish uchun kerak bo‘lgan uzoq testlardan ball olib beradi. Keyin qonunshunoslar ushbu testlar natijalarini ko‘rib chiqishi va kerakli o‘rinlarda qaror qilishi kerak bo‘ladi.
Britaniya hayvonlar farovonligi to‘g‘risidagi qonunning joriy nashri bo‘yicha xulosa yozgan mutaxassislar sakkizta mezonga tayangan va boshidanoq ularning barchasiga bir vaqtning o‘zida mos kelish qiyin deb qaror qilgan. Shuning uchun ular yetti yoki undan ortiq mezonga javob beradigan hayvonlarni “juda kuchli mos keluvchilar”, beshtaga javob beradiganlarni “kuchli mos keluvchilar” va uchtaga javob beradiganlarni esa “ahamiyatga egalar” deb hisoblashga kelishib olgan.
Sakkizoyoq bu tanlovda 7 ta mezonga mos keldi, kalmar va dengiz mollyuskasi esa faqat “ahamiyatga egalar” qatoridan joy oldi. Krablar 5 ta mezonga ega bo‘ldi, omarlar va daryo qisqichbaqalari esa biroz kamroq ball to‘pladi. Shunga qaramay, ushbu natijalar barcha bosh-oyoqli mollyuskalar va o‘n oyoqli qisqichbaqalar Britaniya qonun loyihasiga kiritilishi uchun yetarli bo‘ldi.
Tasavvur qilish mumkinki, bir kun kelib arilar ham yetarlicha ball to‘playdi va kimdir qaysidir davlat parlamentini arilarni ham umurtqali hayvonlar va sakkizoyoqlardan kam bo‘lmagan holda himoya qilishga chiqishi mumkin. Norvegiyada asalarilar allaqachon bu maqomga erishgan va hozirga qadar ular og‘riq sezishi qonuniylashtirilgan yagona hasharotlardir.
To‘g‘ri, arilarning “aqlli” deb tan olinishi yangi savollar va qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Qisqichbaqalar butun otryadlari bilan, mollyuskalar butun sinfi bilan o‘z maqomiga ega bo‘ldi. Mutaxassislar nafaqat tukli ari va asalarilar, balki chumoli, chavandoz pashsha va kamida bir yuz ellik ming turni o‘z ichiga olgan to‘r qanotlilarni onglilar ro‘yxatiga kiritishga jur’at etadimi? Tukli arilar haqidagi so‘nggi maqola mualliflari taklif qilganidek, barcha hasharotlar ushbu ro‘yxatga kiritiladimi? Ammo bu sinfga quruqlikdagi hayvon turlarining katta qismi, jumladan, qanotsiz kumush baliq, ko‘zsiz suv qo‘ng‘izi va suvaraklar kiradi. Bir kun kelib, yuz minglab hasharotlarning har biri uchun yetarli dalillar to‘planishi dargumon, chunki ko‘pchilik etologlarning e’tibori xuddi tukli ari va asalarilar kabi “aqlli”, “murakkab” va ijtimoiylashgan turlarga qaratilgan.
Shu tufayli ertami-kechmi “kimning azob-uqubatlari haqiqiy?” va “kimlar ruhsiz tanadan iborat?” va ularning o‘rtasidagi chegarani qayerdan o‘tkazish kerak degan savol tug‘iladi. Ehtimol, bir kun kelib biz tomonga nafaqat sichqonlar, balki drozofila va nematodlar (yumaloq qurtlar) kabi biologik taraqqiyotni tebratganlar ham o‘tib qolar. Keyin biz qurgan dunyoda har kuni va muqarrar og‘riqlar ko‘pligi haqida o‘ylashga to‘g‘ri keladi.
Muallif: Polina Loseva, Ivan Shunin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Больше боли. Шмели умеют терпеть. Значит ли это, что им бывает больно?” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.