20.02.2024
2020-yilning yozida biologik ilmiy tadqiqotlarning preprinti chop etiladigan biorXiv saytida qiziqarli maqola paydo boʻldi: uning muallifi sakkizoyoqlarda ogʻriq his qilish qobiliyatini aniqlaganini daʼvo qilayotgandi. Ammo hamma jonzotlar ham ogʻriq sezаdimi? Bu tadqiqot nimasi bilan qiziq? Uning xulosalari bizga nima beradi?
Sirkadagi sakkizoyoq
Yigirma toʻqqizta sakkizoyoq bolalari AQShning San-Fransiskodagi Kaliforniya shtati universitetidagi Robin Krukning laboratoriyasida har biri oʻzining akvariumida korall qoldiqlarida tinchgina oʻtirardi. Boʻsh mollyusk qobiqlari va plastik suvoʻtlari moʻjaz ikki litrlik uychalarni bezab turardi. Har toʻrt daqiqada nasoslar tizimi ularning suvini butunlay yangilar, har kuni ishchilar ularga muzlatilgan krevetkalarni berardi. Hammasi zoʻr ketayotgandi-ku-ya, lekin bu sakkizoyoqlarning missiyasi azob chekish edi.
Eksperimentlar davomida bosh-oyoqlilar birma-bir uch boʻlakli akvariumga 15 daqiqaga tushirilardi. Akvariumning bir boʻlmasida devorlar chiziqli, boshqasi esa nuqta-nuqtali va ularni ajratib turgani shunchaki kulrang edi.
Sakkizoyoq qaysi boʻlmaga koʻproq kirishini aniqlagach, ertasi kuni tadqiqotchilar jonzotda oʻsha boʻlma bilan bogʻliq noxush his-tuygʻu hosil qilishgan — mollyuskka narkoz bergach, uning paypaslagichlariga sirka kislotasini yuborishgan va 20 daqiqadan soʻng unga bir sutka oldin eng yoqib turgan eksperimentlar boʻlmasiga solishgan. Kislota, aftidan, unda kuyish hissini tugʻdirgan: mollyusk narkozdan oʻziga kelgach, zararlangan qismini boshqa paypaslagichlari bilan tutgancha uni uqalashni boshlagan va tumshugʻi bilan terini uzib tashlashga harakat qilgan.
Shu kunning oʻzida xuddi shu “qoʻlga” yana ukol qilishadi, lekin bu safar yo oddiy shoʻr suvni (u sirka kislotasidan farqli oʻlaroq kuydirmaydi) yoki mahalliy anestetik boʻlgan lidokain (u aksincha yoqimsiz hislarni yoʻqotadi) yuborishadi hamda kechagina jonzotga umuman qiziq boʻlmagan boʻlmaga solishadi.
Ukoldan besh-olti soat oʻtgach jonzotlarni yana uch boʻlmali akvariumga qoʻyib yuborishgan. Olimlar sakkizoyoqlarni u yerda 15 daqiqaga qoldirib, qayerga ketishlarini, boʻlmalarning qaysi birida koʻproq vaqt oʻtkazishini kuzatishgan.
Natijada mollyusklar sirka kislotasi taʼsirida boʻlgan boʻlmalardan qochishgan, shoʻr suv yoki lidokain yuborilgandan soʻng solingan boʻlmalardan chiqishni istashmagan.
Xulosa: sakkizoyoqlar ham ogʻriq sezadi va ular ogʻriqqa duch kelgan joylaridan qochishga urinishadi.
Oldindan boʻladigan yoqimsiz sezgi
Xoʻsh, bu natijaning nimasi ahamiyatli? Axir tanasiga qandaydir yoqimsiz moddalarni yuborganda yoki organizmining butligiga boshqa biror yoʻl bilan tahdid qilinganda hamma jonzot ham ogʻriq sezmaydimi? Yoʻq, hammasi ham emas. Issiq, sovuq, sanchiladigan, kesadigan va umuman jismonan tahdid soladigan hokazolardan oʻzini saqlash uchun mushaklar hamda ularni boshqaradigan nerv hujayralari boʻlgani yetarli hisoblanadi. Shikastlovchi stimullarning idroki nosisseptsiya deb ataladi, ulardan tezroq qutulishga harakat qilish esa oddiy refleksdir. Uni bajarish uchun fikrlash shart emas. Qoʻshimchasiga, bunday vaziyatlarda oʻylab boshlansa, reaksiya sekinlashadi va zarardan qutqara olmaydi.
Nosisseptsiya — hali sezgi emas. Uni insonlarda, kalamushlarda, baliqlarda va drozofilalarning lichinkalarida ham kuzatish mumkin. Kalmarlarda bu vazifani bajaruvchi neyronlar borligini esa oʻsha Robin Kruk 2013-yilda isbotlab bergan edi.
Ogʻriq esa sal boshqacharoq ishlaydi. Uni his qilish uchun azob chekishga qodir boʻlish kerak, buning uchun esa murakkab nerv hujayralari yigʻilmasi — miya (yoki uning funksional analogi) kerak boʻladi. Fantom ogʻriqlariga ega odamlarni bir eslang: ogʻriq sezishi mumkin boʻlgan aʼzo olib tashlangan, ammo hislar saqlanib qoladi. “Mavjud boʻlmagan” ogʻriqdan qutulishda rezina qoʻl yoki oyoq illyuziyasi yordam berishi mumkin. Bunda miya korteksi, ayniqsa parietal va premotor (old qism) qismlar ishga tushadi.
Bundan tashqari, odatda odamlar maxsus biror kontekst boʻlmaganda ogʻriqqa intilishmaydi, aksincha uni his qilmaslikka urinishadi.
Bugungi kunda his-tuygʻular — xotira yordamchilari hisoblanadi. Ular bizga befoyda boʻlmagan holatlar xotiralariga bogʻlanadi. Ogʻriqdan qochish, lazzatga esa intilish kerak. Bu juda sodda va samarador qoida, ammo xatosiz emas, albatta: baʼzida koʻrinishidan befoyda boʻlgan maʼlumot voqea vaqtida his qilingan kuchli gʻazab, qoʻrquv yoki baxt tufayli xotirada chuqur oʻrnashib oladi. Agar stimul haqidagi xotira biror salbiy tuygʻular bilan bogʻlanib qolsa — aytaylik, ogʻriq bilan — u hissiz xotiralardan mustahkamroq boʻladi. Bu esa kelajakda yomon jismlar yoki yomon taʼsirga duch kelingan joylar va holatlardan qochishga undaydi. Bunda nafaqat stimul, balki kontekst ham juda muhim.
Nosisseptsiya va unga ergashuvchi reaksiya oʻz-oʻzidan kelajakdagi harakatlarga taʼsir qilmaydi: chunki bu oddiy bogʻlanish boʻlib, ular uchun nosisseptorlar va ular bilan bog’liq mushaklardan boshqa hech narsa kerak emas. His qilish, fikrlash, xotiralar hosil qilish va harakatlarni rejalashtirish uchun esa kuchliroq vosita kerak. Aftidan butun dunyoda bularning barchasini amallaydigan yagona jismlar sinfi mavjud. Bu miya murakkab tuzilgan, bir-biriga ion va neyromediatorlarni uzatadigan tirik nerv hujayralari toʻplami.
Ammo miyaning oʻzi ham yetarli emas shekilli, oʻtgan iztiroblarni hisobga olgan holda qaror qabul qilish — hamma oʻrganishi kerak boʻlgan mahorat. Kichikligida ogʻritishi mumkin boʻlgan barcha stimullardan himoyalangan it va shimpanzelar qayta-qayta burunlarini gulxanga tiqishgan va oʻzlariga nina sanchishga qoʻyib berishgan. Ularda nosisseptsiya koʻngildagidek ishlayotgandi — ular panjalarini ayniqsa ogʻriqli ukollardan tortishgan. Ammo zararning oldini olishga harakat qilishmagan.
Ongli ravishda iztirob chekish
Hozircha jonzot ogʻriq his qilishi uchun uning miyasi qanchalik murakkab boʻlishi kerakligini hech kim bilmaydi. Hatto miyaning aynan qaysi tuzilmalari unga javob berishi ham maʼlum emas. Turli organizmlarda uning intensivligini taqqoslash uchun yetarli vositalar yoʻq va koʻp hollarda uning mavjud yoki mavjud emasligini ham aniqlab boʻlmaydi.
Tiriklayin qovurilayotgan qisqichbaqa azob chekadimi, shippak bilan ezib qoʻyilgan suvarak ogʻriq his qiladimi, paypaslagichiga kuydiradigan kislota yuborilgan sakkizoyoq dunyodagi hamma narsani laʼnatlaydimi? Mantiq va tabiiy hamdardlik bunday hollarda ularga oson emasligini aytib turadi, ammo fan doimgidek isbot talab qiladi. Shuningdek, ogʻriq nimaligi haqidagi aniq tushunchani ham.
Ogʻriqning hozirgi tavsifi Xalqaro ogʻriqni oʻrganish uyushmasi (IASP) tomonidan 2020-yilning iyul oyida tasdiqlangan, ammo u biz bilgan — inson ogʻrigʻidan chetlashib diqqat markaziga subyektiv tajribani qoʻyadi. Boshqalarning tajribasini esa bevosita oʻrgana olmaymiz, ularni faqatgina oʻzimiz sezganimiz, anglaganimizcha baholaymiz. Boshqa odamlardan buni bilish qiyin emas, albatta. Boshqalar bilan-chi? Buning chegarasi qayerda: primatlarmi? Mollyusklarmi?
2019-yilda Philosophical Transaction of the Royal Society Bʼning hayvonlardagi ogʻriqqa bagʻishlangan maxsus sonida aytilishicha, tadqiqotchilar gapira olmaydiganlardagi ogʻriqni baholashning ikki asosiy usulini aniqlashgan. Birinchi holda, ogʻriq — subyektiv tajriba va u ongga bogʻliq degan daʼvo ilgari suriladi. Bunday nuqtayi nazarda amaliy kamchilik bor: agar uni shunday deb qabul qilsak, odamlardan boshqa hech kimda ogʻriqni tekshirib boʻlmay qoladi. Shuning uchun uning tarafdorlari quyidagicha murosaga chaqirishgan: nerv tizimida ogʻriq sezishga toʻgʻri keladigan tuzilmalar boʻlsa, ogʻrigʻi bizdagi bilan bir xil dori-darmonlar yordamida yoʻqotilsa va shikastlanganda oʻzini bizga oʻxshab tutsa, u ogʻriq sezish qobiliyatida odamga tenglanadi.
Ikkinchi variant, shafqatliroq: jonzotning oʻzini tutishiga “haqiqiy” ogʻriq oʻtkazganga oʻxshash taʼsir qilgan hamma narsa ogʻriqqa tenglashtiriladi. Unda ogʻriqnamo sifatida bizga toʻqimalarning zararlanishiga olib keluvchi shikastlovchi stimulga berilgan istalgan noreflektor reaksiya toʻgʻri keladi, bunda javob reaksiyasi organizm oʻzini kelajakda qanday tutishiga ham taʼsir qiladi. Shuningdek bu holda ogʻriq deb qandaydir his yoki tuygʻu nazarda tutilmaydi. Ogʻriq bu — oʻrganish uchun turtki: agar unga nima sabab boʻlayotgani aniqlansa, undan qochib, oʻzini koʻplab noxushliklardan qutqarishi mumkin.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13605
Muallif: Aleksandr Yershov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Боль головоногая. Страдают ли осьминоги от уколов, кислоты и нагрева? И зачем нам знать ответ на этот вопрос?” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus.ru
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.