20.02.2024
Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/13613
Bu qichishish qayerdan keladi?
Boshqa hislar kabi qichishish ham murakkab neyronlar tarmogʻida hosil boʻladi, bundan tashqari bu neyronlarning katta qismi terida emas, balki markaziy nerv sistemasida joylashgan. Orqa miyadagi neyronlar unga borishda bir-biriga yordam beradi yoki aksincha bir-biriga xalaqit beradi. Bu vaziyatdan kelib chiqib, signalning kuchini tartibga solish uchun amalga oshiriladi. Bundan keyin esa bosh miyada qashinish istagi paydo boʻladi, odam esa bu istakni qondirishi yoki (qichishish kuchli boʻlmasa) unga eʼtibor bermasligi mumkin va bu uzoq yoʻlda istalgan narsa ishdan chiqib qolishi mumkin.
Shunday boʻlishi mumkinki, hech qanday tashqi stimul boʻlmay turib qichishish yoʻq joydan kelib qolishi mumkin. Bu qichishish signalini uzatuvchi zanjirdagi neyronlar oʻta faol boʻlganida yuz beradi va bu holat sensitizatsiya deb ataladi. Shuning uchun hatto shol boʻlib qolgan yoki boshqa turdagi sezgilarni yoʻqotgan tana aʼzolari ham qichishi mumkin (qaysidir tomondan bu ogʻriq haqidagi maqolamizda zikr qilingan surunkali va fantom ogʻriqlarga oʻxshab ketadi).
Bunday qichishishda maxsus retseptor yoki alohida neyron yoʻlak boʻlmaydi, bu shunchaki tizimdagi qisqa tutashuvga oʻxshaydi. Ammo uning oʻz nomi bor — neyropatik qichishish va u shifokorlar uchun jiddiy masala. U nerv tizimining qaʼrida yotgani tufayli uni davolash ancha qiyin. Bunda birorta retseptorni bloklash yoki ortiqcha gistaminni olib tashlash yetarli boʻlmaydi. Bemorlarga esa bunday qichishish anchagina boshogʻriq boʻladi, jismoniy noqulaylik va hayot sifatining pasayishiga sababchi bo‘ladi. U shunchalar kuchli boʻlishi mumkinki, baʼzida odamlar terisini qashiyverib, tuzalmaydigan yaralar orttirib oladi va boshini qashib, teshib qo‘ygan ayoldagi qichishish ham, katta ehtimol bilan, neyropatik boʻlgan, undan oldin u belbogʻsimon temiratkidan aziyat chekkan va bu kasallikka sabab boʻlgan gerpevirus bosh terisidan kelayotgan ortiqcha signallarni bloklaydigan neyronlarni oʻldirgan.
Baʼzan qichishish tom maʼnoda xayolimizdan paydo boʻlisi mumkin: doimiy qashinish istagi turli psixik kasalliklarga (yaʼni bosh miya darajasidagi kasalliklarga), jumladan, bezovtalik yoki obsessif-kompulsiv buzilishga olib borishi mumkin. Baʼzida esa shunday boʻladiki, tajriba sichqonlariga hamdardligim tutib ketadi, neyrofiziologlar buni yuqumli qichishish deb ataydi, ammo u aslida qanday ishlashi maʼlum emas.
Sensitizatsiya yana bir yoʻl bilan namoyon boʻlishi mumkin — qashinish istagi odatda qichishish uygʻotish uchun yetarlicha kuchli boʻlmagan stimulga javob sifatida paydo boʻladi. Masalan, mexanik qichishishni sogʻlom teridan koʻra chivin chaqqan joy atrofida qoʻzgʻatish osonroq. Bu fenomen alloknezis deb ataladi va hozirgacha bu katta muammoligicha qolmoqda.
Nerv tolalari aynan nima sababdan odatdagidan sezgirroq boʻlib qolishi hali-hamon maʼlum emas. Oldinlari bu orqa miya dajarasida bir qancha signallarning toʻqnashuvi natijasi deb hisoblanardi. Masalan, agar inson terisining biror qismi yalligʻlangan boʻlsa (chivin chaqqan holatdagidek), gistamin yoʻlagi neyronlari toʻxtovsiz orqa miyaga signal yuboradi. Bu tufayli orqa miyaning qabul qilib oluvchi neyronlari doimiy ravishda faol boʻladi hamda mexanik qichishish neyronlarining istalgan signallariga javob qaytaradi, hatto unga aslida e’tibor bermaslik kerak boʻlganda ham.
Keyinchalik maʼlum boʻldiki, sensitizatsiya orqa miyaga yetib bormay turib ham yuzaga kelishi mumkin. Aniqlanishicha, boshqa sensor tolalar — Merkel hujayralari, ular paypaslab sezishga javob beradi — qichishish neyronlarini bloklaydi. Ehtimol, bu nerv tizimiga signal ikki bora ketib qolmasligi uchun, yaʼni hozir qashilayotgan joy qichimasligi uchun kerak boʻlishi mumkin. Ammo baʼzi hollarda bu bloklash ishlamay qoladi, masalan, yosh oʻtishi bilan teridagi taktil tolalar kamayib ketganda. Natijada qichishish borgan sari koʻproq paydo boʻlaveradi.
Hozir esa Ardem Pataputyan — 2021-yilda Devid Djulius bilan birga mexanoretsepsiya va ogʻriq uchun Nobel mukofotini olgan olima va uning jamoasi uchinchi shunday mexanizmni topgan. Ularning aniqlashicha, sensitizatsiya hatto yagona hujayra darajasida ham hosil boʻlishi mumkin, aksiga olib oʻsha hujayraning “aybi” bilan.
Haddan ziyod ta’sirli
Pataputyan 2010-yilda mexanik sezgirlik retseptorlari: Piezo1 va Piezo2’ni kashf qildi. Ularning ikkalasi ham ichki organlarning hujayralarida aniqlandi — u yerda ular bosim va choʻzilishni sezadi va ularning ishini muvofiqlashtirishga yordamlashadi (masalan, bu hujayralar yordamida nerv tizimi nafas olish yoki nafas chiqarish kerakligini aniqlaydi). Bundan tashqari, Pataputyan Piezo2’ni terining yuqori qatlamlaridan ham topgan, ular mexanik taktil signallarni uzatuvchi Merkel hujayralari membranalarida joylashgan. Ammo qichishishning paydo boʻlishida ular bevosita ishtirok etmaydi. Mexanik qichishishni boshqa retseptor, LTMRli yagona turdagi tolalar uzatadi deb hisoblanadi.
Meni oʻz qichishish impulslarimni sanashga majbur qilgan maqolada Pataputyan va uning hamkasblari yangi bir narsaga duch kelgan: terining sensor neyronlarida Piezo1 ham bor (hech boʻlmasa sichqonlarda).
Bu kashfiyot xatolik yoki tasodif emas: tadqiqotchilar retseptorlar ishlashini, yaʼni sirtiga oʻtmas nina bilan tegilganda neyronda impuls qoʻzgʻatishini tekshirib koʻrgan. Bundan tashqari, Piezo1 genidan mahrum boʻlgan sichqonlar mexanik stimul natijasida ancha kamroq qashinardi. Demak, Piezo1 ularning qabul qilinishida ishtirok etadi. Shunday qilib, bitta neyronning oʻzi ham kimyoviy, ham mexanik qichishishga javobgar boʻlib chiqdi.
Shunda olimlar bu neyronlarga ikkala turdagi stimul bilan ketma-ket taʼsir oʻtkazdi: avval sichqonlarga gistamin yuborildi, soʻngra ularni odatda qashinishga majbur qilmaydigan, juda mayin ip bilan qitiqlashdi. Xulosa shunday boʻldiki, bu usul bilan sezgirlikni oshirish mumkin: gistamin yuborilgach, neyronlardagi mexanik sezgirlik chegarasi pasayib ketgan va sichqonlar deyarli sezilmas teginish natijasida ham qashina boshlagan. Demak, alloknezis yagona neyron darajasida ham ishlashi mumkin: avval hujayra kimyoviy stimul natijasida faollashadi, soʻngra esa ip bilan tegilganda patalogik darajada kuchli reaksiyalar beradi.
Endi u yoki bu holatda nega odamlarning biror joyi qichishishini va qancha hodisalar meni qashinishga majbur qilganini aniqlash yanada qiyinlashdi. Agar hozirgacha neyrofiziologlar qichishishni qatʼiy mexanik va kimyoviyga (yana tashqi stimul boʻlmaganda neyropatik ham bor) ajratgan boʻlsa, endi bu sezgirlik turlarining signal yoʻllari ustma-ust tushishi ayon boʻlmoqda. Umuman olganda, mexanik qichishishning oʻzi ham biz oʻylagandan murakkabroq boʻlib chiqdi. Uni ham tasniflashga toʻgʻri keladi.
- Birinchisi — klassik, 2013-yilda taʼriflangani. Unga LTMR retseptorlari (past chegarali) javob beradi, aynan shular taktil sezgilarning hosil boʻlishida ham ishtirok etadi. Bu qichishishning signallari oʻtadigan tolalar Aβ guruhiga kiradi, ular nisbatan qalin va tezkor aksonlar hisoblanadi.
- Ikkinchisi — yangi aniqlangani, u kimyoviy qichishish neyronlari orqali ishlaydi. Nppb va Sst markerli bu hujayralar odatda gistaminga reaksiya beradi, ammo endi maʼlum boʻlishicha, mexanik qoʻzgʻatuvchilarga ham javob qaytarishi hamda mayin va sekin boʻlgan C-tolalar orqali signal yuborishi mumkin.
Pataputyan va hamkasblarining taklifiga koʻra, qichishishning bu ikki turida maqsad ham turlicha. Tezkor signallar tezkor reaksiya berish uchun yubkaning etagini toʻgʻrilash yoki chivinni quvib yuborish uchun kerak. Sekin aksonlar orqali bunday maʼlumotni yuborish befoyda. Ular, aftidan, boshqa maqsad uchun — hali beri yoʻqolmaydigan muammo, masalan, teri ostidagi parazitlari haqida xabar berish uchun mavjud. Ularga duch kelganda neyronlar avval kimyoviy stimul, yaʼni yalligʻlanishda hosil boʻladigan gistaminga reaksiya beradi va birdaniga mexanik stimullarning chegarasini pasaytirib qoʻyadi. Har gal parazitning eng kichik harakatida ham egasida kuchli qashinish istagini uygʻotadi, bu jarayon begona organizm terining ostidan chiqib ketmaguncha davom etadi.
Ammo, katta ehtimol bilan, bunda qichishishni tasniflash harakatlari toʻxtab qolmaydi. Pataputyanning jamoasi Piezo1 mavjud boʻlgan yana bir neyronlar guruhini aniqlagan. U ham kimyoviy qichishish neyronlaridan iborat boʻlib, ularda Mrgprd retseptorlari boʻladi. Bu retseptorlar odatda beta-alanin kislotasiga reaksiya beradi. Ularning signal yoʻli qanday tuzilganligi va ular bu tizimda qanday vazifaga egaligini esa hali oʻrganish kerak.
Shunday ekan, tanamizda qichishishga sabab boʻladigan barcha mexanizmlarni batamom sanab berishga hozircha qodir emasmiz. Bu matnni yoza turib, har gal qashinganimda tanam menga har safar turli xil signallarni uzatgan boʻlishi ham mumkin.
Muallif: Polina Loseva. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi «Почему чешется. Сколько зудов различает наука?» nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.