2-qism. Oydan “Оygacha”: Oy zondlari yarim asr mobaynida qanchalik o‘zgardi?
Oʻrta
11 min
28.05.2023
Fizika va astronomiya

Maqolaning 1-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/12828


Biz nimaga qaror qildik?

Sovet “Luna”lari va “Luna-25”ni taqqoslash deyarli imkonsiz. Bu nafaqat texnologiya sohasida butun bir davr o‘tgani, balki Oy haqidagi tasavvurlarimiz o‘zgargani uchun hamdir. SSRI davridagi stansiyalar boshqa vazifalar uchun yaratilgan.

E-8-5 seriyasiga tegishli bo‘lgan so‘nggi sovet oy stansiyasi “Luna-24” 1976-yil avgust oyida Yerdan uchirilgan va u ulkan edi: transport vositasining massasi deyarli olti tonnani (5725 kilogramm) tashkil etib, uni fazoga olib chiqish uchun og‘ir “Proton-K” eltuvchi raketasi kerak bo‘lgan edi. Ushbu massaning to‘rt tonnadan ko‘prog‘ini qo‘nish bosqichi va Yerga namunalar – 170 gramm Oy tuprog‘ini yetkazib berishi kerak bo‘lgan qaytish raketasining yoqilg‘isi tashkil etgan.

“Luna-24”. Lavochkin nomidagi IIChB

Oy yuzasiga stansiya anchagina “oriqlab” qo‘nar edi. Uning vazni 1880 kilogrammni tashkil etib, shundan 512 kilogrammi qaytish modulining boshlang‘ich massasi (uning 274 kilogrammi esa yoqilg‘i). Yagona ilmiy qurilma – burg‘ilash qurilmasining massasi atigi 13,6 kilogrammni tashkil etadi.

Albatta, bu arziydigan ish, aslida Oy tuprog‘ini olib kelish vazifasi Oyda moddani tadqiq qilish uchun ulkan kimyoviy laboratoriyaning ishlashiga teng va tobora ortib borayotgan imkoniyatlarga ega. Venera va Mars misolida bunday imkoniyat yo‘q va olimlar bortdagi oddiy qurilmalar bilan kifoyalanishi kerak edi.

E harfi

Sovet oy apparatlari seriyasi ichki hujjatlarda Korolyev IKB (ilmiy konstruktorlik byurosi) da boshlangan an’anaga ko‘ra, E harfi bilan bilan ko‘rsatilgan, masalan, D harfi Yerning sun’iy yo‘ldoshlariga taalluqli bo‘lgan. Matbuotda “Luna-X” rasmiy nomlarini faqatgina vazifani muvaffaqiyatli bajargan zondlargina olgan. Agar qurilma uchirilganidan keyin ishlamay qolsa, u yana bir “Kosmos”ga aylangan, agar baxtsiz hodisa tufayli avariya sodir bo‘lgan taqdirda u nomsiz va noma’lum qolib ketgan.

E-1 va E-1A – Oy va kosmik fazoni o‘rganish uchun apparatlar, Oyga qo‘nish stansiyasini yaratishga bo‘lgan birinchi urinish (tabiiyki, bu keskin qo‘nish haqida bo‘lib, shunchaki Oyga qo‘nish juda muhim edi). Hammasi bo‘lib to‘rtta apparat uchirilgan va faqat to‘rtinchisi vazifani uddalab, “Luna-1”ga aylangan. Magnitometr, Geyger hisoblagichi va mikrometeoritlar detektorlari kabi yanada rivojlangan qurilmalar bilan jihozlangan E-1A seriyali yana ikkita apparat ham uchirilgan. Ularning ikkinchisi “Luna-2” keskin qo‘nish vaqtida Oyga urilgan.

E-2, E-2A, E-2F, E-3 – Oy atrofida uchuvchi stansiyalar. Ularning bortida fotokamera va fotometr yordamida suratlar oladigan va qayta ishlangan tasmalardagi suratlarni skanerdan o‘tkazib, ma’lumotlarni Yerga uzatadigan faksimil tizimi bo‘lgan. Faqatgina E-2A platformasida yaratilgan “Luna-3” muvaffaqiyatli bo‘lgan. Aynan u 1959-yil oktabr oyida Oyning Yerdan ko‘rinmaydigan teskari tomonini suratga olishga muvaffaq bo‘ldi.

E-6 (ko‘plab modifikatsiyalari bilan birga) – Oy yuzasiga ohista qo‘nish stansiyasi. 11 ta stansiyadan hech biri to‘liq muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Stansiya E-6M versiyasiga qadar takomillashtirilgan. Natijada ikkita muvaffaqiyatli uchirish amalga oshirilgan, bular – “Luna-9” va “Luna-13”. Ayni vaqtda E-7 platformasini ishlab chiqishdagi kechikishlar tufayli xuddi shu platformada E-6 qo‘nish stansiyalaridan E-6S orbital oy stansiyalarini yaratish taklif qilindi. Shunchaki qo‘nish moduli germetik modul bilan almashtirildi. Yetti uchirishdan faqatgina to‘rttasi – “Luna-10”, “Luna-11”, “Luna-12” va “Luna-14” muvaffaqiyatli bo‘ldi.

E-8 – asosiy vazifasi Oyga “Lunoxod”ni yetkazib berish. Uchirilgan uchta E-8’dan ikkitasi “Luna-17” va “Luna-21” muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ikkalasi ham lunoxodli, muvaffaqiyatli missiyalardir.

E-8-5 va E-8-5M – tuproqni Yerga yetkazib berish bo‘yicha sovet avtomatik oy dasturining yakuni. 11 ta uchirishdan uchtasi – “Luna-16”, “Luna-20”, “Luna-24” muvaffaqiyatli.

Maqsad jihatidan “Luna-25” missiyasi sovet apparatlarining oldingi avlodi – Oyga birinchi ohista qo‘nishni amalga oshirgan E-6 seriya stansiyalariga yaqinroq. Ularning vazifasi Yerga tuproq yetkazib berish emas – Oyga qo‘nib, xuddi “Luna-25” kabi Oy yuzasini joyida o‘rganish edi. Ammo ushbu stansiyalarning tuzilishi va missiya ssenariysi tubdan farq qilar edi.

Bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng birinchi bo‘lib Yer yo‘ldoshi yuzasiga “Luna-9” stansiyasi yetib bordi. Eltuvchidan ajralganidan so‘ng, ushbu qurilmaning massasi “Luna-25” massasi bilan qariyb teng edi (1540 kilogrammga nisbatan 1583 kilogramm). Bu massaning 780 kilogrammi yoqilg‘i edi. To‘qqizinchi “Luna”ni uchirish uchun ham aslida “Luna-25” uchun foydalanilgan – o‘xshash xususiyatlarga ega R-7 oilasiga mansub eltuvchi ishlatilgan.

“Luna-9”, “Luna -16” va “Luna -25”ni taqqoslash. Pavel Shubin

O‘xshashlik shu yerda tugaydi: taxminan 75 kilometr balandlikda “Luna-9”dan og‘irligi 312 kilogramm va ortiq keraksiz bo‘lgan ikkita astrooriyentatsiya bloklari ajraladi. Keyin stansiya sekinlashish dvigateli bilan ishlab, uzunligi besh metrli zondni chiqaradi va u yuzaga tekkanida, yuqoriga avtomatik oy stansiyasining (AOS) massasi 100,5 kilogramm bo‘lgan “pufagi” otiladi. Damlama rezina amortizatorlar bilan jihozlangan “pufak” oy yuzasida sakrab, to‘xtaganidan so‘ng antenna qanotlari ochilib ishlay boshlagan. Taxminan 370 kilogramm og‘irlikdagi stansiyaning qolgan qismi yaqin-atrofga qulagan – u vazifasini bajarib bo‘ldi. Shunday qilib, dastlab kosmosga uchirilgan deyarli bir yarim tonnadan Oy yuzasida atigi 100 kilogrammlik qurilma “tirik” qoldi.

O‘sha paytda chang okeanlari gipotezasi hali rad etilmagani sababli Oyga qo‘nadigan zond cho‘kib ketmasligi uchun konstruktorlar hamma zondni butunicha qo‘ndirish fikridan voz kechdi. Surilma qanotlarga ega nisbatan yengil AOS cho‘kib ketmasligi kerak edi.

“Luna-9” missiyasining asosiy natijasi aynan shu edi: dunyodagi birinchi ohista qo‘nish Oy yuzasi qattiq va shu maqsadga mos ekanini tasdiqladi.

“Luna-9”ning qo‘nish sxemasi. Shubin Pavel, “Luna-9” / Materiallar to‘plami. Kemerovo, 2019-yil

ALS bortida, uning germetik korpusida bir nechta qurilmalar o‘rnatilgan edi. Birinchi o‘rinda, panoramali mexanik kamera (bunday qurilmalarning qanday ishlashi haqida bizning “Iliq lampali piksel” materialimizda o‘qing). Bundan tashqari, bortda Oydagi nurlanish darajasi unchalik katta emasligini ko‘rsatgan radiatsiya sensori, shuningdek, ishlamaydigan gamma spektrometr bor edi. “Luna-13”dagi ALSning keyingi versiyalarida tuproq zichligini o‘lchaydigan asboblar ham paydo bo‘ldi.

E-6 stansiyalarida quyosh batareyalari bo‘lmagani uchun ham ularning ishlash muddati cheklangan edi. “Luna-9” 1966-yilning 3–6-fevral kunlari ishlab, haroratni boshqarish tizimidagi barcha suv bug‘lanib, stansiya haddan tashqari qizib ketishi sababli ishdan chiqishiga qadar to‘rtta to‘liq televizion panoramani uzatdi.

Keyinchalik sovet olimlari Oyga lunoxodlarni yuborishga muvaffaq bo‘ldi va ularning birinchisi o‘n yarim oy faoliyat ko‘rsata oldi. Biroq bugun biz Oyni 45 yil oldin to‘xtagan joyimizdan emas, butunlay boshqacha tarzda o‘rganishni boshlayapmiz.


Boshlangan ishni oxiriga yetkazish

Akademik Mixail Marov “Luna-Glob” loyihasining dastlabki ko‘lamidan ko‘p narsa qolmaganidan afsusda. Ko‘pgina ilmiy vazifalar keyingi missiyalarga qoldirildi, “Luna-25”ning o‘zi mohiyatan texnologik namoyishchi bo‘lib, uning asosiy vazifasi Oyga qo‘nishni bilishimizni tekshirishdir. Biroq taqqoslanganda “Luna-25”ning imkoniyatlari avvalgilaridan juda farq qilishi namoyon bo‘ladi.

“Luna-25”ning asosiy va zaxira qo‘nish hududlari. Lavochkin IIChB

Birinchidan, agar u qo‘nish paytida barcha 950 kilogramm yoqilg‘ini yoqib yuborsa, bu taxminan 590 kilogramm og‘irlikdagi haqiqatan ham juda katta stansiyadir. Ikkinchidan, quyosh panellari (quvvati 650 vatt) va RITEGlar tufayli qurilma Oyda umr ko‘rish bo‘yicha milliy rekord o‘rnatishi kerak. “Luna-25”ning bir yil ishlashi kutilmoqda. Uchinchidan, apparat hali hech kim tashrif buyurmagan mintaqa — Oy qutbini o‘rganishi lozim.

U Oyga sovet zondlariga umuman o‘xshamaydigan ilmiy asboblar to‘plami bilan boradi. “Luna-25” bortidagi qurilmalarning massasi AOS massasiga teng bo‘lib, 30 kilogrammni tashkil qiladi. Mitrofanovning so‘zlariga ko‘ra, bortda sakkizta ilmiy asbob bo‘ladi.

“Luna-25”ning parvoz sxemasi. Lavochkina IIChB

Eng muhimi, bu LMK manipulyator majmuasi bo‘lib, u oy jinslari namunalarini kovsh bilan 20-30 santimetr chuqurlikdan olib, ularni “LAZMA” lazerli mass-analizatoriga yetkazib beradi.

Bir yil davomida 20–30 sm chuqurlikdan har biri ikki kub santimetr bo‘lgan qutb regolitining 11 ta namunasini tanlab olish va tahlil qilish rejalashtirilgan. Manipulyatorning faoliyat diapazoni radiusi 1,5 metrni tashkil etadi, demak olimlar stansiya yaqinidagi ish joyining deyarli barcha istiqbolli joylarini tekshirishi mumkin. Namunalarni yig‘ish jarayoni va qo‘nishni STS-L televizion kameralar tizimi kuzatib boradi.

Kovsh bilan qazib olingan ish maydoni tuprog‘ini LAZM’dan tashqari stereokamera va LIS-TV-RPM infraqizil spektrometrlari o‘rganadi. Ushbu asboblar manipulyatorning tirsak bo‘g‘imi yaqinida o‘rnatilgan va ular obyektivlarini yuzaga chiqarilgan tuproqning turli maydonlariga yo‘naltiradi.

Regolitdagi vodorod hamda uning elementar tarkibini bugungi kunda “Kyuriositi” marsoxodida ishlatilayotgan Rossiyaning NDA (neytronlarning dinamik albedosi) qurilmasiga o‘xshash Adron-LR neytron va gamma nurlari detektori tekshiradi. U stansiyaning qo‘nish joyidagi tuproqni neytron impulslari bilan 60 santimetr chuqurlikkacha “yoritadi”. Agar regolitda vodorod aniqlansa, bu Janubiy qutb yaqinidagi tuproqda suv muzining mavjudligini bevosita tasdiqlaydi. Faol neytron zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish tuproqdagi muz miqdorini baholash imkonini beradi.

Tuproqdan tashqari, “Luna-25” Oy ekzosferasi – yo‘ldoshning yupqa gaz-chang atmosferasini o‘rganadi. Buni ARIES-L energomasspektrometri va PmL chang zarralari detektori amalga oshiradi.

Bundan tashqari, “Luna-25”ga Yevropa kosmik agentligining iltimosiga binoan “Pilot-D” namoyish kamerasi o‘rnatiladi. Kelajakdagi oy apparatlarida u qo‘nishni boshqarish sxemasiga ulanadi. Hozircha u stansiya Oy orbitasida bo‘lganida va qo‘nish paytida oy yuzasini sinov rejimida suratga oladi. Ilmiy asbob-uskunalar ishlash jarayonini nazorat qilish va boshqarish to‘qqizinchi qurilma bu – xizmat ko‘rsatish moslamasi BUNI tomonidan amalga oshiriladi.

“Luna-25”ning parvoz nusxasi. Ilya Ferapontov

Hozir “Luna-25” (ya’ni aynan parvoz nusxasi – uni ko‘plab sinov maketlaridan ajratish uchun kosmosga uchadigan apparat shunday nomlanadi) Lavochkin IIChBda joylashgan bo‘lib, u yerda yakuniy sinovlar o‘tkazilmoqda. Ayni paytda, kosmik kemaning yonilg‘i quyish maketi bir necha kun oldin “Vostochniy” kosmodromiga yetib keldi. U yerda mutaxassislar uning “Soyuz-2” raketasiga foydali yuki sifatida o‘rnatilishini sinovdan o‘tkazadi.

Yaqin kelajakda “Luna-25” 40 yildan ko‘proq vaqt oldin to‘xtatilgan Yerning yo‘ldoshini o‘rganish dasturini davom ettirish uchun Oyga yo‘l oladi.


Mualliflar: Dmitriy Levin, Mixail Kotov, Ilya Ferapontov. Pavel Shubin ishtirokida. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “От «Луны» до «Луны». Как за полвека изменились лунные зонды” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!