20.02.2024
Radiatsiya soʻzining maʼnosini bilasizmi? Radiatsiya deganda koʻpchilikning xayoliga yadroviy qurollar keladi. Ammo radiatsiya ancha keng tushuncha. Umuman olganda, radiatsiya sifatida har qanday nurlanish, yaʼni zarralar yoki toʻlqin koʻrinishidagi oqimlar tushuniladi. Hatto quyosh nurini ham biz radiatsiya sifatida qabul qilishimiz mumkin.
Kimyoviy jihatdan radiatsiya, yaʼni nurlanish ikki turga boʻlinadi: ionlanmaydigan va ionlanuvchi nurlanish. Ionlanmaydigan nurlanishlar elektronlarni atom yoki molekulalardan ajratishga yetarli boʻlmagan, kuchsizroq energiya bilan farq qiladi. Shunga qaramay, uning quvvati molekulalarni vibratsiyalab, issiqlik ajratib chiqarishga yetarli boʻladi. Ionlanmaydigan nurlanishlarga misol tariqasida, barchamizning uyimizda mavjud mikrotoʻlqinli pechlarning ishlash jarayonini koʻrishimiz mumkin. Pech ishlayotganda ajralib chiqqan ionlanmaydigan toʻlqinlar ovqatni isitadi.
Ionlanuvchi nurlanishlar esa atomlar darajasida oʻzgarishlar sodir eta oladigan katta kuchga ega. Atomlar darajasida oʻzgarish natijasida elektr bilan zaryadlangan zarralar, yaʼni ionlar paydo boʻladi. Katta miqdorlarda ushbu nurlanish turi tirik hujayralarni ogʻir zararlab, hatto DNKda oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkin. Odatda biz radiatsiya haqida gapirganimizda aynan ushbu holat nazarda tutiladi.
Ionlanuvchi nurlanishlar barqaror boʻlmagan atomlardan ajralib chiqishi mumkin, atomlar nisbatan stabil holatga oʻtganda, oʻzidan energiyani chiqarib yuboradi. Yadrolarning ushbu xususiyati radiofaollik deb nomlanadi. Stabil holatga oʻtganda esa yadro tomonidan chiqarilgan zarracha yoki toʻlqinlarga bogʻliq holda turli radioaktiv nurlar ajralib chiqadi.
Alfa-nurlanishlar.
U past kuch bilan modda ichiga kirib borish xususiyatiga ega, shuning uchun hatto oddiy qogʻoz bilan bu nurlanishdan himoyalanish mumkin. Bu turdagi nurlanishlar ichki organ va toʻqimalarga (ichki) taʼsir qilganda xavf tugʻdirishi mumkin, yaʼni terimizga alfa-nurlanishlar taʼsir qilganda hech qanday ogʻriq paydo boʻlmaydi. Odatda alfa-nurlanishlar inson tanasiga ovqat, havo va teri zararlanishi orqali oʻtadi.
Beta-nurlanishlar.
Uning modda yuzasidan oʻtish xususiyati oʻrtacha boʻlib, kiyim gazlamasi yoki yupqa alyuminiy boʻlak unga toʻsqinlik qilishi mumkin. Radiatsiyaning ushbu turi ayniqsa tibbiyot sohasida keng qoʻllaniladi. Ayrim oʻsimtalarni davolash jarayoni bunga misol boʻla oladi.
Gamma-nurlanishlar.
U oʻzi bilan yorugʻlik kuchida tarqaladigan va modda yuzasidan oʻtadigan, eng kuchli kuchga ega elektromagnit toʻlqinlarni taqdim etadi. Bu turdagi radiatsiyaga faqat oʻta ogʻir yoki zich boʻlgan toʻsiqlar qarshilik qilishi mumkin. Misol uchun: qalin beton devor. Gamma-nurlanishlar tibbiyotda nur terapiya, mahsulotlarni konservalash va kosmetika sanoatida qoʻllaniladi.
Radiatsiya manbai esa sunʼiy hamda tabiiy turlarga boʻlinadi. Tabiiy radiatsiya manbalari oʻz nomi bilan maʼlum boʻlganidek, kosmik nurlanish, quyosh radiatsiyasi va yer qobigʻi radiofaolligi kabi tabiat kuchlaridan iborat. Sunʼiy turiga esa yadroviy sinovlardan qolgan chiqindilar, atom energetikasi va tibbiyotdagi radiologik jarayonlar, masalan, rentgen kiradi.
Nurlanishning inson tanasiga taʼsiri ham ikki turga, ichki va tashqi taʼsirga boʻlinadi. Ichki turi biz ovqat suv orqali oladigan radiofaol izotoplardan shakllanadi. Misol uchun, banan hamda Braziliya danagi tarkibida radiofaol kaliy-40 moddasi mavjud. Qoʻshimcha misol bu nafas olganimizda ichimizga kiruvchi va ichki taʼsirga ega radon gazidir. Shunday boʻlsada, yuqorida keltirilgan misollar bizning tanamizga past miqdorlarda kiradi, shu tufayli bizga jiddiy xavf tugʻdirmaydi. Faqatgina katta miqdorlardagi radiatsiya sogʻligimizga jiddiy tahdiddir.
Radiatsiya qanday va nima yordamida oʻlchanadi?
Xalqaro birliklar tizimida radiofaollikning oʻlchovi sifatida uchta birlik qabul qilingan: bekkerel, grey va zivert. Radiofaol manbalarning faolligi bekkerelda oʻlchanadi. Yutilgan nurlanish miqdorini hisoblashda greydan foydalanilsa, aʼzo va toʻqimalarning nurlanishga boʻlgan taʼsirchanligini ifodalovchi biologik taʼsir zivertda oʻlchanadi. Zivertlarda vaqt birligi ichida radiatsion fon qayd etiladi.
Radiatsiya darajasini va nurlanish miqdorini nazorat qilishda spektrometr, radiometr va dozimetrlar qoʻllaniladi. Professional dozimetrlardan nurlanish manbai bilan ishlayotgan maxsus xodimlar foydalanadi. Xoʻjalik dozimetrlarni ancha kam uchraydigan holat, juda kuchli radiofaol ifloslanishda ishlatish mumkin. Ularning yordamida xoʻjalik va qurilish mahsulotlarining radiofaolligini oʻlchash samarasiz mashgʻulot, buning uchun mutaxassislarning metodlari va bilimi talab etiladi.
Qanday miqdordagi radiatsion nurlanish tanaga zarar qilmaydi?
Rossiyaning sanitar-epidemiologik qoidalari va normalariga koʻra, yiliga bir millizivert nurlanish miqdori inson hayotiga xavfsizdir. Xavfsiz boʻlgan eng yuqori miqdor esa yiliga 5 millizivert.
Biz odatiy radiatsion fondan qabul qiluvchi miqdor, yiliga 2–4 millizivert orasida aylanadi. Misol uchun, 10 km balandlikdagi aviaparvozda biz oʻrtacha hisobda soatiga 0.003 millizivertga teng nurlanishga duchor boʻlamiz. Bu koʻkrak qafasi rentgenidan kamroqdir.
Nurlanish salomatligimizga qanday taʼsir qiladi?
Tanamizda nurlanish sabab jiddiy muammolar paydo boʻlish ehtimoli nurlanish miqdoriga bogʻliq: u qanchalik baland boʻlsa, ehtimoliy xatar ham shuncha balanddir. Agar miqdor darajasi past boʻlib, nurlanish uzoq vaqt davomida taʼsir etadigan boʻlsa, sogʻligimizga boʻlgan zarar kamayishi mumkin. Chunki bizning tanamiz zararlangan hujayralarni qayta tiklash xususiyatiga ega.
Biroq ahamiyatli boʻlmagan nurlanish miqdori ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi ham mumkin. Bu avvalambor homilador ayollar va 14 yoshdan kichik bolalarga taalluqli. Sanitar qoidalar va normalarga koʻra, yuqoridagi guruh vakillari ogʻir holatga tushishining oldini olish maqsadida rentgenologik tekshiruvlardan oʻtishi taqiqlangan. Oʻz navbatida, bunday tadqiqotlar faqatgina tibbiy koʻrsatmalar bilan oʻtkazilishi zarur.
Nurlanishning yuqori darajalari koʻngil aynishi, qayd qilish, teri qizarishi, soch toʻkilishi, radiatsion kuyish va odatda oʻlim bilan yakunlanuvchi kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Koʻpchilikka maʼlum boʻlgan ayanchli hodisa, Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalar tashlaganidan soʻng nurlanish oqibatidagi kasalliklar asosan radiatsion avariyalardan keyin qayd etilgan. Bunday avariyalarga Chernobil AESda 1986-yil sodir boʻlgan halokatni misol qilish mumkin. Nurlanish bilan bogʻliq kasalliklar rivojlanishiga yuqori radiatsiyali manbalarga maqsadli uyushtirilgan hujumlardan boshqa misollar ham mavjud. Bunga radiofaol materialni tarqatuvchi kichik yoki odatiy yadro qurol detonatsiyasi kiradi.
Avval qayd etilgan eng yuqori miqdordan koʻproq nurlanish onkologik kasalliklar paydo boʻlishiga sababchi boʻlishi mumkin.
Umuman, sogʻliqqa boʻlgan taʼsirlar bir qancha omillarga bogʻliq: nurlanish turi va davomiyligidan boshlab, odamning yoshi, jinsigacha. Odamga radiatsiya turlicha taʼsir qilar ekan, nurlanishning oʻlimga olib keluvchi yagona va aniq miqdorini hisoblash imkoni mavjud emas. Bir necha daqiqa yoki soat mobaynida 3500–5000 millizivert miqdorida nurlangan jabrlanuvchilarning 50 foizi 30 kun ichida vafot etadi deb hisoblanadi.
Nurlanishdan qanday himoyalanish kerak?
Oʻzingizni ionlangan nurlanishdan himoyalashning uch usuli mavjud:
1. Vaqt bilan himoyalanish. Nurlanish manbai faol boʻlgan hududda qancha kam vaqt boʻlsangiz, shuncha yaxshi.
2. Masofa bilan himoyalanish. Nurlanish manbasidan qancha uzoq masofada boʻlsangiz, nurlanish darajasi ham shuncha past boʻladi.
3. Ekranlashtirish. Agar gap gamma-nurlar haqida ketayotgan boʻlsa, siz va nurlanish manbasi orasida qoʻrgʻoshin, suv, devor kabi toʻsiq mavjud boʻlsa, nurlanish taʼsiri ham kamroq boʻladi.
Kundalik hayotda biz koʻproq tibbiy yordamga murojaat qilganimizda nurlanish taʼsiriga duchor boʻlamiz. Barcha ehtimoliy oqibatlarni iloji boricha kamaytirish maqsadida, rentgenologik tekshiruvdan faqatgina shifokor koʻrsatmasi yoki favqulodda zarur vaziyatda oʻtish lozim. Shu bilan birga, bir kunda bir necha marotaba rentgen tekshiruvini belgilamaslik tavsiya etiladi. Misol uchun, bir kunning oʻzida koʻkrak qafasini va ogʻiz boʻshligʻini rentgen qilish, bu juda xavfli. Har gal rentgen koʻrigiga borganda olingan nurlanish miqdorini esa tibbiy kartada qayd etish lozim.
Radiofaol xavf paytida nima qilish kerak?
Agar siz radiatsion xavf hududida boʻlsangiz, asosiy uch tamoyilga amal qilish kerak: koʻchaga chiqmang, ayni vaqtdagi yangiliklarni eshiting va berilgan koʻrsatmalarga amal qiling. Radiatsion halokat paytida FVV (Favqulodda vaziyatlar vazirligi) mutaxassislari quyidagi koʻrsatmalarni beradi:
— Xonadon ichida qoling. Yogʻoch uy devorlari nurlanishni 10–12 marta, toshli devorlar 10–15 marta, yertoʻlalar esa 100 martagacha kuchsizlantiradi.
— Tashqaridan kelayotgan havo oqimini toʻsing: barcha oyna, eshik, ventilyatsion teshiklarni yoping, aks holda zararli moddalar havo orqali xonadon ichiga kirishi mumkin.
— Isteʼmol uchun suv zaxirasini yigʻing, maʼlum vaqtdan soʻng ehtiyot chorasi sifatida joʻmraklardagi suvni ishlatmang.
— Ehtimoliy evakuatsiyaga tayyorlaning. Zarur hujjat, boylik, dori va 2–3 kunlik ovqat zaxirasini tayyorlang. Asosan konserva va yopiq joyda saqlangan mahsulotlarni olish maqsadga muvofiq boʻladi.
— Buyumlarni polietilen yoki qattiq qogʻozli paketlarga solib, keyin ryukzakka joylang.
— Qalin bosh kiyim va tagligi baland boʻlgan poyabzal kiying.
— Rasmiy xabarlarni diqqat bilan tinglab, ularga muvofiq ish tuting.
— Zaruriyatsiz uyingizni tark etmay, qutqaruvchilarning kelishini kuting.
Muqova surat: freepik.com
Manbalar:
→ lifehacker.ru/radiation
→ ekosf.ru/stati/chto-takoe-radiatsiya
→ rad.org.by/articles/radiation/radfaq
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.