Saraton kasalligini qanday tez tanish mumkin?
Oʻrta
14 min
27.06.2023
Biologiya va tibbiyot

Hatto 300 yil oldin ham saraton kasalligini aniqlash oson boʻlgan. Tekshiruv natijalarida oʻsimta aniqlansa, bu bemorning saratonga chalinganini anglatgan. Oʻshandan beri olimlar kasal hujayralarni nafaqat tashqi koʻrinishdan, balki boshqa xususiyatlaridan kelib chiqib ham sogʻlom hujayralardan ajratishni oʻrgandi. Hozirgi zamonaviy saraton diagnostikasida yadro tomografiyasidan tortib, DNK ketma-ketligigacha boʻlgan murakkab texnologiyalardan foydalaniladi. Tekshiruv natijalari zamonaviy shifokorlarga avvalgi hamkasblariga qaraganda koʻproq narsani “aytib beradi”. Shuningdek, natijalar ularga maʼlum bir bemor ahvolini yaxshilashga yordam berishi mumkin boʻlgan davolash usulini tanlash imkonini yaratadi.

Sechenov universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Biodizayn” nomli loyiha davomida biz tibbiyot qanday qilib tobora shaxsiylashib borayotgani, nima uchun bizga biobanklar kerakligi, ularning Rossiyada bor yoki yoʻqligi, shuningdek, sichqon, it va maymunlar ustida olib borilayotgan tadqiqotlardan voz kecha olish yoki olmaslik borasida suhbatlashamiz.


1-qism: saratonni boshqa kasalliklardan ajratishni va tashxislashni qanday oʻrgandik?

Saraton qadimiy kasallikdir. Bundan 1,7 million yil oldin Janubiy Afrikada yashagan odamlarning uzoq qarindoshi va zamonaviy odamlar ham ushbu kasallikdan azob chekkani isbotlangan. Oʻsmalarning eng qadimgi taʼriflaridan biri, Edvin Smit tomonidan topilgan, 4000 yildan ortiqroq tarixga ega Misr papirusida yozilgan. Papirusda “ushbu kasallikka davo yoʻq” izohini topish mumkin.

Kasallikning zamonaviy nomi kelib chiqqan yunoncha atama muallifi bundan 2500 yil oldin yashagan yunon shifokori Gippokratga borib taqaladi. Aftidan, u ham tananing tashqi yuzasida hosil boʻlgan qattiq, katta shishlarni nazarda tutgan. Gippokrat davridan XX asrgacha faqat koʻzga koʻrinadigan oʻsmalarni aniqlash mumkin boʻlgan. Faqat XX asrdagina saratonni turli xil hujayralardagi tashqi oʻzgarishlar natijasida tashxislash imkonini beradigan usullar paydo boʻldi.

Anubis qoʻlini moʻmiyoga qoʻymoqda. Sennedjem maqbarasi devoridagi surat / Wikimedia commons

Nosogʻlom koʻrinishdagi hujayralar

1928-yilda yunon shifokori Georgios Papanikolau bachadon boʻyni saratonini tashxislashning istiqbolli usuli haqida hisobot chop etdi. Papanikolau mikroskop ostida saraton hujayralarini sogʻlom hujayralardan ajratishni oʻrganib oldi. XX asrning 60-yillaridan boshlab, Pap testi (Papanikolau nomidan) deyarli butun dunyoda qoʻllanila boshlandi. Uni keng qoʻllash davrida bachadon boʻyni saratonidan oʻlim koʻrsatkichi 50 foizga kamaydi.

Faqat XXI asrdagina unga muqobil usul paydo boʻldi. Bachadon boʻynidagi zararsiz va zararli oʻsmalarning rivojlanishi bilan bogʻliq boʻlgan inson papilloma virusini aniqlashga imkon beradigan genetik tadqiqotlar Pap testining rivojlanishidan ancha keyinroq kashf etildi.

Pap testi / Wikimedia Commons

Molekulalar darajasida qidiruv

Saraton kasalligini tashxislashning navbatdagi bosqichi oʻsimta belgilarini topish edi. Bu belgilar saraton hujayralarida ishlab chiqariladigan va sogʻlom hujayralarda umuman boʻlmaydigan yoki sogʻlom hujayralarga qaraganda ancha kam miqdorda ishlab chiqariladigan moddalardan iborat edi.

Oʻsimta belgilarini kashf qilish uchun olimlar kemiruvchilarda sunʼiy ravishda saratonni keltirib chiqargan tajribalar oʻtkazdi. Induksiyalangan oʻsmalar hujayralarida faqat neoplastik hujayralarga xos boʻlgan antigenler topildi. Uning yordamida immun tizimi begona obyektni tanib oladi. Fanga maʼlum boʻlgan birinchi oʻsimta belgisi alfa-fetoprotein edi. 1944-yilda buzoqlar qon zardobida topilgan bu oqsil katta yoshli sigirlarning qonida yoʻq edi. Oʻn yil oʻtgach, u sogʻlom jigarda emas, balki jigar saratoni – gepatomada mavjud boʻlishi isbotlandi. Bu ideal oʻsma belgisi emas edi. U nafaqat jigar saratonida, balki homiladorlik, saratonga bogʻliq boʻlmagan kasalliklar va jigar shikastlanishida ham ishlab chiqarilardi. Shunga qaramay, hozirda ham gepatomani tashxislash uchun alfa-fetoprotein tahlili qoʻllaniladi.

Will-o-the-wisp and Snake (O‘ynoqi uchqun va ilon, German Gendrix, 1823-yil) surati / Wikimedia Commons

Keyinchalik onkologik kasalliklarning rivojlanishini koʻproq yoki kamroq miqdorda aniqlashga yordam beradigan oʻnlab moddalar topildi. Ularning baʼzilari saratonga shubha qilinganida, boshqalari metastazlarni aniqlash yoki davolanishning muvaffaqiyatini oʻlchash yoxud kasallikning rivojlanishini prognoz qilish uchun ishlatiladi. Ideal oʻsimta markerlari mavjud emas. Belgilarning barchasi vaqti-vaqti bilan notoʻgʻri ijobiy natijalar berib turadi. Ularning koʻpchiligi nafaqat saraton kasalligiga, balki bir qator boshqa kasalliklar va holatlarga ham xosdir. Faqatgina genetik tadqiqotlar saraton kasalligini bexato aniqlash imkonini beradi. 

Xromosomalardan genlargacha

Saraton kasalligining sababi genetik maʼlumotni saqlash va uzatishdagi buzilishlar degan faraz XIX asrning oxirida allaqachon aytilgan edi. Oʻsha davrda hujayra boʻlinish jarayoni oʻrganildi, irsiy axborot tashuvchisi sifatida xromosomalar tushunchasi shakllandi, mikroskopda koʻrinadigan boʻlinish patologiyalarining tashqi belgilari tasvirlandi. 1914-yilda nemis zoologi Teodor Boveri dengiz tipratikanlarini oʻrganish xulosalariga asoslanib, xromosomalar sonining oʻzgarishiga olib keladigan, mitoz buzilishlar saraton kasalligining sababi boʻlishi mumkinligini taxmin qildi.

Hujayralarning boʻlinish mexanizmi (Teodor Boveri, 1888-yil). Teodor va Marsella Boveri: irsiyat va rivojlanishdagi xromosomalar, sitoplazma oʻrni

Biroq bu tashxis qoʻyishdagi yutuqlarga olib kelmadi. Xromosomalarni hisoblash usullari shunchalik nomukammal ediki, 1921-yilda amerikalik olim Teofilius Peynter insonning somatik hujayrasida 48 ta xromosomani hisoblaganida, ilmiy hamjamiyat bu raqamni eʼtirozsiz qabul qildi. Xato faqatgina 1955-yilda hujayra genetikasining yangi, ilgʻor usullari tufayli tuzatildi. Besh yil oʻtgach, ikki amerikalik biologlar Piter Nouell va Devid Xangerford surunkali miyeloid leykoz bilan ogʻriydigan bemorlarning hujayralarida qisqargan xromosomani topadi.

Bu kashfiyot mutatsiyalar saraton kasalligining asosiy sababi ekani haqidagi farazni mustahkamladi. 1970-yilda olimlar “Filadelfiya xromosomasi” 9 va 22-xromosomalar orasidagi translokatsiya oqibatida hosil boʻlgan xromosoma mutatsiyasi natijasi ekanini koʻrsatdi. Keyinchalik ushbu mutatsiyadan taʼsirlangan oʻziga xos genlar, shuningdek, bu mutant genlarning mahsuloti boʻlmish ferment ham aniqlandi. Mutatsiyaga uchragan ushbu ferment suyak iligi hujayralari boʻlinishini ragʻbatlantiradi va leykoz rivojlanishiga turtki beradi.

Surunkali miyeloid leykoz translokatsiyasida ishtirok etuvchi onkogenlardan biroz oldinroq olimlar dastlabki Src onkogenini kash etgandi. U tirozin proteinkinazni kodlaydi. Uning haddan tashqari koʻpayishi toʻgʻri ichak saratoniga sabab boʻladi. Hozirgi vaqtda fanga yuzlab onkogenlar, protoonkogenlar, oʻsmalar gen supressorlari va mutator genlar maʼlum boʻlib, ularga tegishli vazifalarning buzilishi boshqa onkogen mutatsiyalar hosil boʻlishiga taʼsir qiladi.

Narxlarning pasayishi va genetik tadqiqotlarning rivojlanishi bilan birga, onkogen va protoonkogenlarni qidirish klinik amaliyotga koʻchib oʻtdi. Bu turdagi eng mashhur genetik tahlillar BRCA1 va BRCA2 genlaridagi mutatsiyalarni oʻrganish boʻlib, ular koʻkrak, tuxumdon, prostata saratoni va boshqa saraton turlariga irsiy moyillikni aniqlash imkonini beradi.

Kongress kutubxonasi

Hozirgacha molekulyar genetik tadqiqotlar qimmatligicha qolmoqda, ammo yuqori samaradorlik, shu jumladan, saraton kasalligining oldini olishdagi ahamiyati ularni chet elda ham, Rossiyada ham majburiy tibbiy sugʻurta dasturlariga kiritish imkonini bermoqda. Klinik amaliyotda mavjud boʻlgan bunday tadqiqotlar roʻyxati asta-sekin oʻsib bormoqda, chunki olimlar yangi onkogen va oʻsma supressor (bostiruvchi) genlarni aniqlamoqda. 

2000-yillarda saratonning har xil turdagi hujayralari genomlarini kashf etish boʻyicha bir nechta, keng koʻlamli loyihalar boshlandi. Ularga Kembrijdagi Wellcome Trust Sanger institutida (Buyuk Britaniya) oʻtkazilgan “Saraton genomi” (Cancer Genome Project) loyihasi va AQSh Milliy sogʻliqni saqlash institutlari tomonidan moliyalashtirilgan “Saraton genom atlasi” (Cancer Genome Atlas) loyihalarini misol qilib keltirish mumkin. Olimlar loyihalar doirasida juda koʻp maʼlumotlar toʻpladi. Olib borilgan tadqiqotlar davomida olimlar saratonning har xil va kichik turlariga xos boʻlgan mutatsiyalarni izladi. Qidirib topilgan mutatsiyalar roʻyxatiga nuqtali, yoʻq qiluvchi, kirituvchi, o‘rin almashtiruvchi, nusxalovchi, translokatsiya qiluvchi mutatsiyalarni kiritish mumkin. Maqsad kasallikning rivojlanishiga haqiqatan ham taʼsir qiladiganlarni ajratib koʻrsatish edi.

Saraton genetikasi haqidagi bilimlar toʻplanib borishi bilan birlamchi tashxis uchun ham, kasallikni bashorat qilish uchun ham yangi tashxis belgilari paydo boʻladi. 2017-yilda kasallikni davolashga yoʻnaltirilgan dorilar yordamida terapiya natijalarini bashorat qilish uchun birinchi roʻyxatga olingan mahsulotlar MSK-IMPACT testi (onkogenez bilan bogʻliq 468 gendagi oʻzgarishlarni qidiradi) va 324 onkogendagi oʻzgarishlarni baholovchi FoundationOne CDx testi boʻldi.


2-qism: hozirda saraton kasalligi qanday aniqlanadi?

Qoidaga koʻra, saraton kasalligiga tashxis qoʻyish bemorning shifokor oldiga shikoyatlar bilan kelishidan boshlanadi. Kamdan kam hollarda saraton muntazam tekshiruvlar paytida yoki oilaviy saraton xavfi yuqori ekani aniq boʻlgan bemorlarga tavsiya etiladigan skriningdan oʻtish paytida aniqlanadi. Ammo koʻpincha tashxis kasallik allaqachon alomatlarga ega boʻlganda boshlanadi va shifokorlar ishni oʻshalardan boshlaydi. 


1-qadam: vizualizatsiya

Aytaylik, belgilar muammoni aniqlashga imkon berdi. Masalan, bemorda koʻkrak bezining sezilarli deformatsiyasi yuz berdi yoki u tez-tez qon aralash yoʻtaladi. Shundan keyin shifokor oʻsimtani aniqlashga imkon beradigan tekshiruvni belgilaydi. Sut bezlari ultratovush yordamida, oʻpka esa rentgen nurlari, yaʼni an’anaviy tasvir yoki tomografiya yordamida tekshiriladi. 

Rentgen nurlari yordamida barcha yangi shakllanishlarni koʻrish imkonsiz, faqat yetarlicha katta va zich toʻqimalar yashirib qoʻymagan shishlarni aniqlash mumkin. Pozitron emissiya tomografiyasi ushbu mezonlarga javob bermaydigan alomatlarni koʻrish uchun qoʻllaniladi. Ushbu usulning mohiyati shundaki, sogʻlom hujayralarga qaraganda saraton hujayralarida faolroq metabolizmga uchraydigan dori tanaga kiritiladi.

Preparat koʻpincha ftor-18, uglerod-11, azot-13, kislorod-15 raqamli izotopik yorliq bilan taʼminlanadi. Birmuncha vaqt oʻtgach, detektorlar yordamida tirik toʻqimalarda izotop belgilarining parchalanishiga xos boʻlgan radiatsiya kvantlari qayd etiladi. Yorliqlar konsentratsiyasining ortib ketgan joylari saraton hujayralarining jamlanmasini koʻrsatishi mumkin. Ammo aniq tashxis qoʻyish uchun hujayralarning oʻzini oʻrganish kerak boʻladi.

Kompyuter tomografiyasida koʻringan zararli shakllanishlar (mezotelioma) / Wikimedia commons

2-qadam: biopsiya va materialni tekshirish

Tekshiruv uchun toʻqimalar namunalarini olish har doim invaziv jarayon deb ataladi. Bu biopsiya boʻlishi mumkin. Uning davomida oʻsimta toʻliq yoki qisman olib tashlanadi yoki punksiya, yaʼni material qoʻlga kiritish uchun bemorning tanasiga igna kiritiladi. Baʼzi hollarda soʻlak olish yoki maxsus dori vositasi bilan yuvish yetarli boʻladi.

Birinchi qadam namunalarning gistologiyasini oʻrganishdir. Ushbu bosqichda qoʻllanadigan texnologiyalar oʻtgan asrdan beri deyarli oʻzgarmagan. Namuna suvsizlantiriladi, parafinga singdiriladi, parafin bloki maxsus mikrotomli pichoq bilan juda nozik (bir necha mikrometr qalinlikdagi) qismlarga kesiladi, qismlar boʻyaladi va mikroskop ostida tekshiriladi.

Mikroskop orqali patologoanatom zararsiz shishlarni zararlilaridan ishonchli tarzda ajrata oladi, metastazni taniydi va oʻsimta turini aniqlaydi. Baʼzan yangi texnologiyalar qoʻllaniladi. Masalan, maxsus rang bilan yorliqlar boʻyaladi. Bunday boʻyash jarayoni hujayra DNKsini ketma-ketlashtirmasdan, oʻsimta turli xil terapiya usullariga qanday javob berishi haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.

Prostata adenokarsinomasi hujayralari / pathology.jhu.edu

3-qadam: gen va molekulalarga ajratish

Molekulyar genetik tahlil onkologning qoʻlidagi eng aniq vositadir. Bu unga saraton kasalligi rivojlanish xavfini baholash, maqsadli terapiyani belgilash, toʻgʻri davolashni tanlash yoki kasallikning qaytalanish ehtimoli va unga tayyorgarlik koʻrish zarurligini prognoz qilish imkonini beradi.

Zamonaviy texnologiyalar yordamida individual genlarning faolligi haqida maʼlumot olishimiz, maʼlum genlardagi yoki DNKdagi oʻzgarishlarni topishimiz, hujayrada paydo boʻlgan saraton bilan bogʻliq individual moddalarni ajratib olishimiz va oʻlchashimiz mumkin.

Molekulyar genetik tadqiqotlar orasida eng mashhuri steroid gormon retseptorlarini kodlovchi genlarni ifodalash testi hisoblanadi. Uning natijalariga koʻra, shifokorlar bemorga gormon terapiyasini buyurish yoki buyurmaslikni hal qiladi. Kichik hujayrali oʻpka saratoni uchun immunoterapiyani buyurishdan oldin ular PD-L1 oqsilini tekshirib koʻradi. Agar saraton hujayralari uni ishlab chiqaradigan boʻlsa, immun tizimining kasallik ustidan gʻalaba qozonish imkoniyati kam.

Oʻpka adenokarsinoma hujayralarini oʻz ichiga olgan toʻqimalar namunasini immunogistokimyoviy oʻrganish / Wikimedia commons

3-qism: diagnostika va oldini olish texnologiyalari — onkologik kasalliklar ustidan gʻalaba qozonishning kafolati

Molekulyar genetik tadqiqotlar shifokorlarga saraton kasalligini aniqroq tashxislash imkonini beradi. Saraton hujayralari genomlarini oʻrganish boʻyicha yirik loyihalar bir xil organning saratoni yuzlab va minglab variantlarda yuzaga kelishi mumkinligini koʻrsatdi. Baʼzi saraton hujayralari immunoterapiyaga, boshqalari kimyoterapiya, radiatsiya yoki gormon terapiyasiga yaxshi javob beradi. Baʼzi oʻsmalarda nurlanish dozasi oshirilgandan soʻng qaytalanish ehtimoli kamroq boʻladi, boshqalariga juda kichik dozalar, yana birlariga esa boshqacha davolash usullari bilan taʼsir oʻtkaziladi.

Onkologiyada va umuman tibbiyotda qancha koʻp maʼlumotlar qoʻllanilsa, shifokorlarning shaxsiy xulosalariga shunchalik kam suyaniladi va maʼlumotlarni saqlash hamda qayta ishlash vositalariga boʻlgan ehtiyoj shunchalik ortadi. Ulardan biri, hozirda jahon miqyosidagi Raqamli dizayn va shaxsiylashtirilgan sogʻliqni saqlash tadqiqot markazida ishlab chiqilmoqda. Bu raqamli platforma boʻlib, u intraoperativ tashxis qoʻyish tizimi, bemorlarni doimiy kuzatish uchun masofaviy tizim va onkologik kasalliklarni erta tashxislash uchun biostatik platformani oʻz ichiga oladi.

Platforma oʻsmalarning genetik profillarini va davolash samaradorligini prognozlash uchun dasturiy taʼminotlarni toʻplaydi. Uni sinovdan oʻtkazishda 700 dan ortiq kishi ishtirok etdi, loyiha yaratuvchilari bu miqdorni 10 000 ga yetkazmoqchi.

Bundan tashqari, soʻnggi oʻn yillikda nafaqat shifoxona yozuvlarining raqamli analoglari — bemorlarning maʼlumotlar bazasini, balki tirik odamlarning toʻliq raqamli “egizak”larini yaratish zarurligi haqida tobora koʻproq gapirilmoqda.

Agar mashinalarning raqamli “egizak”lari, masalan, samolyot turbinalaridagi zavod sozlamalari, sinov natijalari va mashina bilan sodir boʻlgan barcha hodisalar haqida maʼlumotlarni saqlab borsa, bemorlarning egizaklari genetik tadqiqotlar va boshqa tahlillar natijalari, anamnez, qarindoshlar haqidagi maʼlumotlar va xavf omillari, butun kasallik tarixi haqidagi maʼlumotlarni saqlashi kerak boʻladi. Bunday “egizak”larga asoslanib, bir kun kelib uzoq muddatli prognozlar qilish, tekshiruvlarni tavsiya qilish va shaxsiy davolanish kurslarini buyurish mumkin boʻladi.


Muallif: Eduard Katsman. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “За версту видно. Откуда мы знаем, что рак — это рак” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: nplus1.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!