20.02.2024
Immun tizimi bizning organizmimizga kirib olgan “yovlarni” payqab, bu haqidagi maʼlumotni maxsus hujayralarga uzatish va yov hujumini daf qilish vazifasini bajaradi.
Odamzodning va boshqa tirik organizmlarning yashash muhiti anchayin agressivdir. Turli viruslar va bakteriyalar qoʻshini bizni har tarafdan qurshab olgan boʻlib, ular bizga hujum qilish uchun doimo qulay fursatni poylab yotadi. Shu sababli bunday dushmanga qarshi kurashda bizning mudofaa tizimimiz – immun sistemasi ishga tushadi. Bu dushmanga qarshi kurashdagi mudofaa chizigʻining ayrim sarhadlari – sof anatomik mudofaa boʻlib, ular virus va bakteriyalarga qarshi jismoniy (fizik) toʻsiq qoʻyadi va zararli mikroblar undan nariga oʻtolmaydi. Masalan, teri va shilliq pardalar shunday vazifani bajaradi. Agar virus yoki bakteriya ushbu fizik toʻsiqdan ham oshib oʻtib, organizmga kirishni uddalasa, unda organizm unga qarshi yalligʻlanish jarayoniga asoslangan qarshi hujumni ishga soladi va natijada tananing zararlangan qismiga qon kelishi kuchayadi. Qon oʻzi bilan leykotsitlarni olib keladi. Ular kapillyar tomirlar devorlari orqali oʻtib, tanaga kirib olgan dushmanni mahv qiladi. Kesib olgan joyingiz atrofining qizarib qolishi organizmning aynan shu reaksiyasi tufayli yuzaga keladi. Biroq immun tizimining faoliyati boshqacharoq tamoyillarga tayanadi. Bunda maxsus molekulyar strukturalar ishga solinadi va ular maxsus nishonni yoʻq qilishga yoʻnaltiriladi. Bunday maxsus molekulyar strukturalardan eng muhimi – Y-simon molekulalardan tuzilgan antitanalardir. Y-molekulalarning uchida turli shakldagi aminokislotalar yigʻilgan boʻladi. Ushbu aminokislotalar shaklining har bir formasi muayyan turdagi virusga, boshqacha aytganda, oʻziga mos keladigan antigingga qarshi kurashadi. Katta yoshdagi odamning organizmida shaklan har xil boʻlgan 100 millionga yaqin antitanalar turi mavjud boʻladi. Boshqacha aytganda, odam immun tizimini istalgan oʻlcham va fason uchun istalgan vaqtda doimo tayyor kiyim topsa boʻladigan yirik doʻkonga oʻxshatish mumkin.
Organizmga yot narsa kirib qolganida katta ehtimollik bilan oʻsha 100 million xil antitana dan aqalli bittasi unga qarshi kurashish va uni bartaraf qilish qobiliyatiga ega boʻladi deb umid qilish mumkin. Antitanalarning organizmda qay tarzda sirkulyatsiyalanishi Y-simon molekulaning uchlaridagi aminokislotalarning aynan qanday joylashganiga bogʻliq boʻladi. Masalan, ayrim antitanalar qonda aylanib yuradi va bakteriya va viruslarni juda samarali bartaraf qiladi, yana ayrim antitanalar turlari esa teri va ichakdagi shilliq qatlamlardagi maxsus shilliq qatlamlar bilan bogʻlangan holda turadi. B-hujayralar yoki B-limfotsitlar – antitanalarning yot organizmlarni payqashiga javobgar asosiy hujayralaridir. Ularning bunday atalishining sababi ushbu hujayralar suyak ichidagi ilikda oʻsib yetilishi bilan bogʻliq. Ilik ingliz tilida bone marrow deyiladi. Bunday hujayralar sferasimon shaklga ega boʻlgan ularning tashqi qobigʻida turli xil maxsus antitanalar boʻladi. Antitanalar oʻzidagi B-limfotsit orqali oʻziga mos boʻlgan antigen bilan kontakt hosil qilishi bilanoq uni yot jism sifatida qayd etadi va qarshi kurashni boshlaydi. Natijada B-limfotsitlarning koʻpayishi boshlanadi. Bu koʻpayish ikki xil maqsadni koʻzlaydi. Birinchidan, shunga monand ravishda organizmda plazmatik hujayralar deb nomlanadigan va vazifasi agressorga nisbatan murosasiz kurashdan iborat boʻlgan antitanalar molekulalarini ishlab chiqaruvchi hujayralar hosil boʻla boshlaydi. Ikkinchidan esa aynan shu antigenni keyinchalik oylar, yillar oʻtib yana organizmga ikkinchi bora tushgan vaqtda uni darhol tanib oladigan xotira hujayralari shakllanadi. Bir dona plazmatik hujayra soniyasiga 30 000 donagacha antitanalar molekulasini ishlab chiqarishga qodir boʻladi. Ushbu antitanalar organizmga kirib olgan antigenlarni oʻziga bogʻlab olib, ularni bir joyga gʻuj boʻlib jamlanishga majbur qiladi. Keyin esa ushbu toʻplanib qolgan antigenlarni boshqa hujayralar orqali organizmdan siqib chiqariladi. Biroq plazmatik hujayralarning yetilishi uchun bir necha hafta vaqt oʻtishi mumkin. Antitanalarning dushman ustidan gʻalaba qozona boshlaganini odatda organizm isitma orqali namoyon qiladi. Plazmatik hujayralar atigi bir necha kun yashaydi xolos. Lekin xotira hujayralarining yashash muddati ancha uzoq va, odatda, bunday hujayralar odam umrining oxirigacha tanada saqlanib qoladi. Agar yana oʻsha antigen ikkinchi marta organizmga tushsa, ushbu hujayralar uni darhol payqaydi va shu zahotiyoq unga qarshi kurashadigan katta miqdordagi antitanalarni sintez qila boshlaydi. Bu orqali esa organizmning oʻzi avval ham kurashgan virus yoki bakteriyaga qarshi navbatdagi kurashida katta hajmda vaqtdan yutish imkonini beradi. Aynan shu tufayli immunitet bir kasallikni ikkinchi marta tanaga yoʻlatmay tura oladi. Emlash amaliyotining asosiy muddaosi ham aynan shu bilan bogʻliq boʻlib, emlangan organizmda ushbu antigenga nisbatan xotira hujayralari shakllanib oladi. Agar B-hujayralar organizmni, asosan, tashqi dushmanlardan, yaʼni tana uchun begona boʻlgan kimyoviy tarkibli molekulalardan mudofaa qilsa, yana bir turdagi immun hujayralari borki, ular organizmning oʻzidan chiqqan ichki dushmanlarga qarshi kurash olib boradi. Bunday immun hujayralari T-hujayralar yoki T-limfotsitlar deyiladi. Ular organizmning infeksiya yoki saraton tufayli zararlangan va oʻzgarishlarga yuz tutgan oʻz hujayralaridan tozalaydi. (Aslida, bu ish bilan T-limfotsitlarning faqat yarmi band boʻladi, qolgan yarmi B-limfotsitlarning faolligini nazorat qiladi). T-limfotsitlarning bunday nom olishiga sabab ular hosil boʻladigan va yetiladigan joy – timus bezi ekani bilan bogʻliqdir. T-limfotsitlarning tashqi qobigʻida B-limfotsitlardan farqli oʻlaroq maxsus antigenlarni emas, balki maxsus molekulalarni payqaydigan oqsillar mavjud boʻladi. T-limfotsitlar antigenlar bilan taʼsirlashishi uchun ular, avvalo, individiumning barcha hujayralarida mavjud boʻladigan gistologik moslashuv kompleksi deb yuritiladigan boshqa bir turdagi molekulalar bilan birlashishi kerak boʻladi. Bu xuddi hududni aylanib, patrul qilib turadigan va “oʻzimizdan” ekaniga ishora qilishi uchun hujayralardan maxfiy soʻzni (parolni) aytishni soʻrab turadigan qorovul xizmatiga oʻxshaydi. Agar hujayra yuzasida gistologik moslikning toʻgʻri kompleksi aniqlansa, T-limfotsit unga tegmay, keyingisini tekshirishga oʻtadi va shu tariqa hamma hujayralarni “soʻroqlab” chiqadi. Agar mabodo biror joyda, hujayra yuzasida unga tegishli gistologik moslik kompleksi aniqlanmasa, demak, bu yerda nimadir chatoqligi bilinadi va T-limfotsit ushbu hujayra bilan taʼsirlashuvga kirishib, uni yoʻq qiladi. Odatda, gistologik kompleksni virus qobigʻining oqsili izdan chiqargan boʻladi va bunday hujayra oʻz vazifasini bajara olmay qolgan boʻladi. T-limfotsitlar aynan shunday hujayralarni izlab topib, parchalaydi.
Bugungi kunda koʻplab insonlarning umrini saqlab qolayotgan muhim tibbiy amaliyot – organlarni donordan bemorga transplantatsiya qilish amaliyoti duch keladigan eng murakkab masala ham aynan shu T-limfotsitlarning faoliyati bilan bogʻliq. Chunki bu T-limfotsitlar “begonalarni” aniqlash asnosida oʻsha transplantatsiya qilib, koʻchirib oʻtqazilgan yangi organni ham oʻziga yot deb aniqlaydi va uni organizmda siqib chiqarishga harakat qila boshlaydi. Shu sababli ham vrachlar, yangi organ koʻchirib oʻtqazilgan bemorlarga keyinchalik muttasil immunodepressant preparatlar ichib yurishni buyurishadi. Shu orqali bemor tanasida immun tizimining, aniqrogʻi T-limfotsitlarning faolligi soʻndirib turiladi va koʻchirilgan organni begona sifatida mahv etilishi oldi olinadi. Bundan tashqari OITS virusi uchun ham aynan T-limfotsitlar nishon boʻlib, bu virus organizmda ushbu T-limfotsitlarni yoʻq qiladi va natijada odamda immunitet tanqisligi yuzaga keladi. Shuningdek, ushbu T-limfotsitlarning “oʻzimiznikilarni” payqash qobiliyati ham borgan sari pasayib borishi mumkin va oʻshanda ushbu T-limfotsitlar “manqurtlashib” organizmning oʻz sogʻlom hujayralariga ham hujum qilishi sodir boʻlishi mumkin. Natijada organizmda autoimmun kasalliklar yuzaga kela boshlaydi. Xususan, revmatoit artritning kelib chiqishi shu tarzda sodir boʻladi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Immun tizimi
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.