20.02.2024
Kuni kecha, 8-oktyabr sanasida Nobel mukofoti qoʻmitasi joriy yilgi fizika boʻyicha Nobel egalarining ism-shariflarini eʼlon qildi. Unga koʻra, olimlar: Jeyms Pibls, Mishel Mayor hamda Didye Keloz koinot evolyutsiyasi borasidagi nazariy kashfiyotlari hamda Quyoshga oʻxshash yulduz atrofida aylanadigan ekzosayyorani kashf etganlari uchun ushbu nufuzli ilmiy mukofotga loyiq koʻrilgan. Shu munosabat bilan biz ushbu maqolada ekzosayyora oʻzi nima ekanligi va uning turlari haqida maʼlumot bermoqchimiz. “Ekzosayyora” soʻzi ikki qismdan iborat: biz yaxshi biladigan sayyora terminiga “ekzoʻʼ old qoʻshimchasi qoʻshilgan. “Sayyora” termini “harakatlanuvchi”, “koʻchib yuruvchi” degan maʼnolarni beradi. “Sayyor sirk” shahardan shaharga koʻchib yuruvchi sirk demakdir. Qadimgi munajjimlar tungi osmonda joyidan hecham qoʻzgʻalmaydigan yulduzlardan tashqari joyini oʻzgartirib turuvchi yana 5 ta yulduzni kuzatgan. Shu sababli ham ularni ʼʼsayyoraʼʼ deb atagan. Aslida, bu joyi oʻzgarib turuvchi 5 ta osmon jismi odamzodga qadimdan maʼlum boʻlgan Merkuriy, Venera, Mars, Yupiter va Saturn edi. Demak, “sayyora” deganda biz ushbu 5 ta osmon jismini va ular qatorida Quyosh sistemasidagi jami 8 ta yirik sayyorani tushunamiz. (shuningdek, yuqoridagi roʻyxatga Yer sayyorasi hamda keyinroq kashf qilingan Uran va Neptun ham kiradi). Bu sayyoralarning barchasi Quyosh sistemasida joylashgan.
Endi “sayyora” tushunchasiga “ekzo” old qoʻshimchasini qoʻshadigan boʻlsak, bunda sayyoraning Quyosh sistemasidan tashqarida joylashganini nazarda tutgan boʻlamiz. Demak, ekzosayyora deyilganda boshqa yulduz atrofida aylanuvchi, yaʼni Quyosh sistemasiga taalluqli boʻlmagan sayyora tushunilishi kerak.
Yuqorida Didye Keloz va Mishel Mayorga ularning “Quyoshga oʻxshash yaʼni quyosh turidagi yulduz atrofida kezib yuruvchi ekzosayyorani kashf qilganlari uchun” Nobel olganliklari qayd etilgan edi. Haqiqatan ham, bu taʼrifda urgʻu ular kashf qilgan ekzosayyora aynan “Quyosh turidagi” yulduz atrofidan topilganligiga qaratilgan.
Sababi oddiy: Keloz va Mayor 1995-yilda tarixda ilk bora bunday ekzosayyorani kashf qilishidan avvalroq ham, aniqrogʻi, 1992-yilda eng birinchi ekzosayyora kashf qilingan edi. Faqat u Quyosh turidagi yulduz atrofida emas, balki neytron yulduzi atrofida aylanardi. Oʻsha paytdan buyon olimlar oʻzga yulduz sistemalaridan minglab ekzosayyoralarni aniqlashdi. Hozirda fanga maʼlum ekzosayyoralar soni 4000 dan ortgan. Lekin astrofiziklar ekzosayyoralarning xilma-xilligi borasida hozircha aniq xulosaga ega emas. Chunki ularning turlari shu qadar xilma-xilki, aqlni shoshirib qoʻyadi hatto. Masalan, bizning Quyosh sistemamizning oʻzida ham sayyoralarning bir necha turi bor. Yaʼni Yerga oʻxshash oʻlchami kichik, lekin qattiq jismdan iborat sayyoralar ham bor, shuningdek, Yupiter va Saturnga oʻxshash hajmi va massasi favqulodda katta boʻlgan, lekin zichligi oʻta past gaz giganti sayyoralari ham bor. Shuningdek, Quyosh sistemasining oʻzida mitti sayyoralar deb nomlanadigan alohida turkum sayyoralar ham mavjud. Lekin oʻzga yulduz sistemalarida shu choqqacha aniqlangan ekzosayyoralar, asosan, hajmi juda katta boʻlgan, masalan, Yupiterga oʻxshash sayyoralardir. Chunki ularning oʻlchami katta boʻlgani uchun ham topilishi oson. Aniqlangan ekzosayyoralar ichida oʻlchami kichikroq, masalan, Yer turidagi sayyoralar juda kam. Biroq aniqlangan ekzosayyoralarning barchasi Quyosh sistemasidagi biz yaxshi tanigan va bilgan qoʻni-qoʻshni sayyoralardan farq qiladi. Masalan, oʻzga yulduz tizimidan aniqlangan eng birinchi sayyora Yupiterga oʻxshash boʻlgan. Faqat Yupiterdan farqli oʻlaroq u oʻz yulduziga juda yaqin masofada joylashgan edi. Hozirda bunday ekzosayyoralarni astronomlar “qaynoq Yupiterlar” deb atashadi. Sababi oddiy: bunday sayyora oʻz yulduziga juda yaqin boʻlgani uchun, uning atmosferasi favqulodda baland haroratlargacha qiziydi. Masalan, oʻsha qaynoq Yupiterda harorat 1000 ℃ dan baland boʻlishi tayin. Bu juda baland haroratdir. Bizning qoʻshni sayyoralarimizda esa, masalan, Quyoshga eng yaqin boʻlgan Merkuriyda ham buncha baland harorat boʻlmaydi. Qolaversa, Yupiter Quyoshdan ancha olisda, 778 000000 km masofada joylashgan (5,4 a.b).
Kashf qilingan ekzosayyoralar ichida Yerdan katta, lekin Neptun va Urandan kichik oʻlchamlilari ham bor. Bilamizki, Quyosh sistemasida bu singari “oraliq” kattalikdagi sayyoralar mavjud emas. Shuningdek, astronomlar, bu sayyoralarning tuzilishi qanday ekanini, yaʼni, ular gazdan iboratmi, yoki Yerga oʻxshab qattiq jinsli sayyorami – bunisini ham hozircha aniqlashgani yoʻq. Xullas, ushbu soʻnggi 20 yilda kashf qilingan ekzosayyoralarning barchasi oʻzining turli-tumanligi bilan bizni hayratga solishda davom etmoqda. Oʻzga yulduzlar atrofida ham sayyoralar mavjud boʻlishi mumkinligi haqidagi gʻoyaning oʻzi anchayin eski gʻoyadir. Hatto qadimgi yunon faylasuflarida ham shunga oʻxshash fikrlar boʻlgan. Lekin ekzosayyoralarning kashf etilishiga faqat XX asrning 90-yillaridagina imkon tugʻildi. Buning sabablaridan eng asosiysi bizning tasavvurimizga ham sigʻmas darajada favqulodda katta va ulkan boʻlgan Koinotda sayyorani topish oson emasligi bilan bogʻliq. Masalan, bizning Quyosh sistemamizdagi eng katta sayyora – Yupiter ham Quyosh massasining mingdan bir qismicha keladi xolos. Shuningdek, sayyoralar oʻzidan nur taratmaydi. Shu sababli ham ularni topish yanada mushkul. Favqulodda ulkan oʻlchamga ega boʻlgan, shuningdek, juda yorqin nur bilan yarqiraydigan yulduz yaqinidagi unga nisbatan favqulodda mitti va oʻzidan hech qanday nur chiqarmaydigan sayyorani aniqlash va koʻrish juda qiyin.
Bu chiroqlari yoqib qoʻyilgan avtomobil qarshisida turib, unga qoʻnib turgan burgani koʻrishga urinishdek gap. Shu sababli ham astronomlar Koinotda ekzosayyoralarning oʻzini toʻgʻridan toʻgʻri koʻrishga urinishmaydi, balki ularning oʻz yulduzi qarshisidan oʻtayotgan vaqtdagi holatida oʻsha yulduzni bizdan toʻsib qoʻyishi sababli u yulduz yorqinligining xiralashishiga sabab boʻlishidan kelib chiqib aniqlashadi. Bunday aniqlash usuli fanda “tranzit usuli” deyiladi. Yaʼni bunda sayyora yulduz qarshisidan tranzit oʻtishida yulduzning yorqinligi oʻzgaradi. Aytish joizki, hozirda ekzosayyorani toʻgʻridan toʻgʻri kuzatish imkonini beruvchi texnologiya mavjud emas. Tranzit usulidan tashqari ekzosayyorani aniqlashning yana bir usuli mavjud boʻlib, u sayyora gravitatsiyasining yulduzga koʻrsatayotgan taʼsiriga asoslanadi. Bunda yulduz oʻziga yaqin sayyora taʼsirida Koinotdagi holatini biroz oʻzgartiradi (goʻyoki u biroz chayqaladi). Buni Yerdagi supersezgir astronomik asboblar orqaligina payqash mumkin. Shu usullar bilan hozircha 4000 dan ziyod ekzosayyora topilgan. Shuncha ekzosayyora kashf qilingani bilan astronomlar oldida muhim ikkita savol koʻndalang qolmoqda. Birinchidan, “Nega hanuzgacha Quyosh sistemasiga oʻxshash sayyoralar sistemasi kashf qilinmadi?” Ikkinchidan, “Ekzosayyoralarda hayot mavjud boʻlishi mumkinmi?” degan savollar kun tartibida asosiy masala boʻlib qolmoqda. Shunga qaramay, ekzosayyoralar kashf qilinganligining oʻzi hozirgi ilm-fan uchun gʻoyat ulkan ilgʻor qadam boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki hatto 90-yillarga qadar ham boshqa yulduzlar atrofida sayyoralar mavjudligiga katta shubha bor edi va mana hozirda ushbu savol kun tartibidan allaqachon olindi. Oʻzga yulduzlar atrofidan Quyosh sistemasiga oʻxshash sayyoralar sistemasi hanuz aniqlanmagani, bunday sistemalar Koinotda umuman yoʻq degani ham emas. Ularni qayerdan qidirishni bilmayapmiz yoki bunday sistemalarni topishga hozircha texnologiyalarimiz qodir emas. Ayniqsa, Yer turidagi sayyoralarni mavjud asbob-uskunalar bilan aniqlab boʻlmasa kerak. Sababi Yupiterdan ham 300 baravar kichik boʻlgan Yerga oʻxshash sayyora oʻz yulduziga nisbatan deyarli hech qanday gravitatsion taʼsir koʻrsatmaydi va koʻrsatgan taqdirda ham favqulodda ulkan Koinot miqyosida biz uni sezmaymiz. Shuningdek, Yer tipidagi sayyoraning oʻz yulduzi qarshisidan tranzit oʻtishini payqash ham deyarli imkonsiz. Chunki bunday sayyora oʻz yulduziga nisbatan bir necha minglab marotaba kichik boʻlgani uchun u yulduzni bizdan toʻsa olmaydi, qolaversa bunday sayyoraning tranzit oʻtishi ehtimolining oʻzi ham deyarli nolga teng. Bunday turdagi sayyorani faqat oʻz yulduziga juda yaqin boʻlgan holatidagina topish mumkin boʻlmoqda. Shu choqqacha aniqlangan kam sonli Yer tipidagi ekzosayyoralarning barchasi oʻz yulduziga juda yaqin joylashgan sayyoralardir. Eng qizigʻi, hozirda kashf etilgan ekzosayyoralarning aksariyati oʻz yulduziga juda-juda yaqin joylashgan. Hatto oʻsha “qaynoq Yupiterlar” ham oʻz yulduziga nisbatan bizning Merkuriydan ham yaqinroq masofada aylanadi. Bu juda gʻalati. Chunki Quyosh sistemasida bunday qisqa masofalar yoʻq va sayyoralarning Quyoshdan olislashishi goʻyoki deyarli ikki barobar oʻsish tartibida kattalashib boradi (Titsius-Bode qonuni).
Sayyoraning yulduzga bu darajada yaqin boʻlishi esa unda hayot mavjud boʻlishi ehtimolini yoʻqqa chiqaradi. Chunki bunday yaqin masofalarda sayyoradagi harorat favqulodda baland boʻladi va yuqori haroratlarda har qanday molekula parchalanib ketadi. Shunga koʻra, Quyosh sistemasi butun Koinotda boʻlmasa-da, har holda Somon Yoʻli galaktikasining oʻzi uchun noyob hodisa emasmikan degan savol ham yuzaga chiqmoqda. Yaʼni boshqa yulduzlarda bizniki singari sayyoralarning tartibli, taʼbir joiz boʻlsa, mukammal sistemasi yoʻq (hozircha topilmagan) ekan, demak, nafaqat Yer sayyorasi, balki Quyosh sistemasi ham oʻziga xos noyob sistema boʻlishi mumkinmi? Ekzosayyora qidiruvchilarining va umuman astrofizikaning zamonaviy asosiy masalasidan biri hozirda aynan shu savol boʻlib turibdi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Ekzosayyoralar haqida
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.