Osmiy sotiladi, arzon narxda!
Osmiy moddasi, Osmiyning tarkibiy tuzilishi, qiymati, qaysi sohalarda qo'llanilishi va Osmiy nomli asalari haqida ma'lumotlarga ega bo'ling.
Murakkab
10 min
17.07.2023
Kimyo

Metallarning narx-navosi va kimyo fanidan xabardor boʻlgan kishilar mazkur sarlavhani oʻqib hayron boʻlishi turgan gap. Chunki osmiy metali qimmatligi boʻyicha eng oldingi oʻrinlarda turadi. Osmiyning nisbatan keng tarqalgan oddiy izotopining bir grami taxminan oltin bahosi bilan teng yuradi. Lekin osmiy-187 izotopi esa qimmatligi boʻyicha hamma metallarni ortda qoldiradi va atigi bir grami uchun 200 000 AQSh dollari talab qilinadi. Bundan ham qimmat turadigan yagona metall — kaliforniy. Unda nega sarlavhada osmiyning arzonga sotilishi gapirilyapti deysizmi? Qiziqib qolgan boʻlsangiz, maqolani oxirigacha oʻqing. Biz yuqorida eng qimmat metallar haqida gap boshladik. Osmiy eng qimmat metallar ichida yetakchilardan biri boʻlishi bilan birga, eng katta zichlikka ega element ham hisoblanadi. Ha, ishonavering, zichligi yuqori boʻlgan simob yoki uran emas, aynan osmiy eng katta zichlikka ega metalldir. Oddiy modda shaklidagi osmiyning zichligi simob zichligidan qariyb 1,5 baravar katta boʻladi.

Sunʼiy oʻstirilgan sof osmiy kristallari

Olimlar osmiyning tabiatda eng katta zichlikka ega modda ekanini aniqlagach, uning zichligini yanada orttirish imkoniyati ustida izlanishlar olib borilgan. Bu shunchaki qiziqish yuzasidan bajarilgan tajriba boʻlmay, balki muayyan, aniq ilmiy maqsadni koʻzlab qilingan ish edi. Chunki ayrim moddalar katta bosim ostida qolganida oʻzining xossalarini keskin oʻzgartirishi kuzatiladi. Xususan, yarqiroq metall natriy moddasi katta bosim ostida qolganida shaffof tusdagi dielektrikka aylanadi. Odatda gaz holatida boʻladigan kislorod esa yuqori bosim ostida qotib, oʻta oʻtkazuvchan boʻlib qolishi mumkin. Bunday tajribalar orqali olimlar, masalan, sayyoralar yadrosida mavjud boʻlgan, oʻta yuqori, katta bosim ostidagi sharoitlarda kechadigan fizik jarayonlar haqida tasavvurga ega boʻladi. Bunday sharoitni oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun Yer qaʼriga — sayyoramiz yadrosiga tushib oʻtirmaslik uchun olimlar ajoyib laboratoriya uskunasini — olmos sandonni ixtiro qilgan. Olmosning favqulodda qattiqligi tufayli ikkita olmos orasida hatto Yer yadrosidagi bosimdan ham ikki barobar yuqori boʻlgan bosim hosil qilish mumkin. Olmosning shaffof modda ekanligi esa bu bosim ostida qolgan moddani ham bemalol kuzatish imkonini beradi. Xuddi shunday uskuna bilan olimlar biz aytayotgan eng zich modda – osmiyni ham katta bosim ostida qoldirib, uning zichligi yanada ortadimi, yoʻqmi tekshirmoqchi boʻlgan. Bosim million atmosferagacha koʻtarilgan. Bu degani har bir sm kvadrat 1033271 kg kuch bilan eziladi demakdir. Tasavvur qilyapsizmi, atigi bir kvadrat santimetr yuzani 1 million kilogrammdan ortiq kuch bosmoqda. Xoʻsh, bunday favqulodda ulkan bosim ostida osmiy nima boʻldi deysizmi? Deyarli hech narsa. Osmiy bunday bosim ostida ham oʻz kristall strukturasini saqlab qoldi va yoʻl-yoʻlakay “yuqori bosimga eng chidamli modda” nominatsiyasini ham qoʻlga kiritdi. Oʻta yuqori bosimga ham bemalol chiday oladigan osmiyning yana bir muhim xossasi bor. U oʻta yuqori haroratlarga chidamliligi boʻyicha ham avvalgi oʻrinlardan birini egallaydi. Osmiyning erish harorati 3000 ℃ dan ham baland (anigʻi 3033 ℃). Uning ushbu xossasi choʻgʻlanma lampa ishlab chiqaruvchilarning eʼtiborini tortgan edi. Ushbu turdagi lampalar endi-endi paydo boʻlgan zamonlarda muhandislar lampa ichidagi ingichka sim tolani aynan osmiydan tayyorlagan. Biroq keyinchalik bu maqsadda osmiydan arzonroq va chidamliligi ham yanada yaxshiroq boʻlgan volfram qoʻllanila boshladi. 

Osmiy amaliy qoʻllanish sohasida choʻgʻlanma lampalardagi oʻz oʻrnini volframga boy bergach, u keng qoʻllaniladigan yana bir soha qolgan edi. Biroq koʻp oʻtmay osmiyning bu boradagi ahamiyati ham yoʻqoladi. Gap avvallari keng qoʻllanilgan avtoruchka perosi haqida bormoqda. Tushunganingizdek, oddiy sharikli, oʻta arzon ruchkalar ommalashgach, odamlar birmuncha daxmazali avtoruchkani ishlatmay qoʻydi. Oʻsha avtoruchkalarning perosi uchidagi kichkinagina toʻmtoq, sharsimon joyi aynan osmiydan tayyorlanar edi. Albatta, peroning uchidagi bu sharcha faqat osmiyning oʻzidan tayyorlangan deyish ham notoʻgʻri. Lekin u nafaqat osmiy, balki platina guruhi metallarining, xususan, palladiy va iridiyning osmiy qotishmasidan yasalgan. Hozirda bunday peroli ruchkalar faqat shinavandalar uchun maxsus ishlab chiqariladi va asosan xattotlar yoki chiroyli yozish ishqibozlari tomonidan qadrlanadi. Bozor narxi juda qimmatbaho boʻlgan bunday ruchkalarni kundalik yozuv-chizuvlar uchun qoʻllashga hech kimning jurʼati yetmasa kerak. Odatda osmiy va palladiy qotishmasidan tayyorlangan peroli qimmatbaho avtoruchkalarni hozirda faqat puldor biznesmenlar yoki ruchka toʻplash vasvasasiga uchragan ishqiboz kolleksiyachilar xarid qiladi xolos. Siz koinotda, masalan, kosmik stansiyada ish olib borgan fazogirlar kundalik yozuv-chizuv uchun qanday ruchkadan foydalanishini hech oʻylab koʻrganmisiz? Kosmosda yozish masalasini NASA astronavtlari va SSSR kosmonavtlari qanday hal qilgani haqida keng tarqalgan bir mif mavjud. Uni siz ham eshitgan boʻlsangiz kerak. Unga koʻra, koinotda yozish uchun vaznsizlik sharoitida ishlaydigan, yaʼni siyohi pastga oqib ketadigan maxsus ruchka yaratish uchun NASA millionlab dollar sarflagani, bu vazifani esa sovet kosmonavtlari bir tiyin ham sarflamasdan, juda oddiy hal qilgani taʼkidlanadi. Emishki, sovet kosmonavtlari oddiy qalam vositasida yozib-chizib yuravergan. Zadornovchasiga aytganda, “tupoy” amerikaliklar esa millionlab dollar sarflab, maxsus ruchka yaratgan emish. Aytish joizki, bu gap uydirmadan boshqa narsa emas. 1960-yillar oʻrtalariga qadar astronavtlar ham, kosmonavtlar ham kosmosda yozish uchun faqat qalamdan foydalangan. Biroq keyinchalik amerikalik xususiy tadbirkor va ixtirochi Pol Fisher vaznsizlik holatida va umuman boshqa koʻplab ekstremal sharoitlarda ham yozadigan, maxsus ruchka ixtiro qilgan. U oʻz mahsulotini NASAʼga tavsiya qilgan va uni astronavtlar sinab koʻrgan. Fisher ruchkasining vaznsizlik holatida ham siyohi pastga oqaverishining siri shunda ediki, uning uchidagi yozadigan ishchi organi – sharik volfram karbididan tayyorlangan boʻlib, siyoh esa qattiq holatda boʻlgan. Lekin ruchkani qoʻlga olib, yozish boshlansa, ushbu qattiq siyoh suyuqlanib, oqib kela boshlaydi. Uni ruchkaning ketidagi maxsus kartrijda suyuq azot bosimi ostida tutib turiladi. Albatta, oddiy ruchkaning bu qadar murakkab konstruksiya bilan yasalishi uning narxini ham ancha qimmat qilib yuboradi. Lekin bu ruchka oʻsha gap-soʻzlarda aytilganidek millionlab dollar emas, atiga bir necha yuz dollar turgan. Fisher ruchkasi sinovdan muvaffaqiyatli oʻtgach, astronavtlar ham va hatto kosmonavtlar ham undan foydalanishga oʻtgan. Sizda haqli va oddiy savol tugʻilishi mumkin. Nega arzon va oddiy qalam turib, kosmosda yozish uchun baribir shu qimmat ruchkaga oʻtildi? Gap shundaki, kosmosda qalam oson sinib qoladi. Uning singan boʻlaklari esa kosmik kema ichida erkin suzib yuradi. Bu esa kosmonavtlar uchun ham, umuman kema uchun ham xavf tugʻdiradi. Arzimagan qalam sinigʻi tufayli fazogir jarohatlanishi yoki kema borti shikastlanishi hech gap emas. Xavf-xatar maksimal istisno qilinishi lozim boʻlgan bunday sharoitda qancha qimmat boʻlmasin maxsus ruchka benazir yordamchi boʻladi.

Fisher kosmik ruchkasi. Jeyms Fi / flickr.com

Biz kosmik ruchka haqida gapirishga oʻtib ketib, asosiy mavzu – osmiydan chetlashib ketdik. Aytgancha, osmiy oʻz nomini biroz yoqimsiz narsaning, aniqrogʻi hidning nomidan kelib chiqib olgan. Osmiyning havodagi kislorod taʼsirida oksidlanishi tufayli uning uchuvchan birikmasi – osmiy tetraoksidi hosil boʻladi. Bu modda esa aynigan sarimsoqpiyoz singari qoʻlansa hid taratadi. Boz ustiga, bu modda favqulodda zaharli ham boʻlib, agar uning bu xossasi ham hisobga olinsa, balki element nomi yanada vahimaliroq nom berilishi mumkin edi. Yaxshiki, mazkur elementni 1803-yilda kashf qilgan ingliz kimyogari Smitson Tennant unga “qoʻlansa” yoki “sassiq” deb nom berishdan tiyilib, shunchaki “hid” maʼnosini beruvchi yunoncha “osme” nomini bergan. Tajribalar jarayonida Tennant juda qiynalgan boʻlsa kerak. Qanchalik qimmatbaho, zaharli hamda qoʻlansa boʻlmasin, osmiy baribir kimyo laboratoriyalarida koʻp uchraydigan moddadir. Masalan, u ayrim gormonal dori vositalarini sintez qilishda (masalan, kortizon olishda) ishlatiladi. Shuningdek, oʻta mayda zarralarni elektron mikroskop ostida tekshirish uchun ham unga avvaldan osmiy bilan ishlov beriladi.

Biror biologik obyektning elektron mikroskop orqali tasvirini olishda unga osmiy tetraoksidi bilan ishlov beriladi. Rasmda ichak tayoqchasining osmiy bilan ishlov berish orqali olingan mikroskopik tasviri koʻrsatilgan. Anupama Lakshmanan / Caltech / flickr.com

Endi maqolaga qiziqish uygʻotish maqsadida yozilgan sarlavhadagi intriganing maʼnosini ochish vaqti keldi. Agar yoʻlingiz Yevropa mamlakatlari yoki AQShdagi yirik bogʻdorchilik fermalariga tushib qolsa, ular yaqinida aynan shunday, yaʼni “Arzonga osmiy sotaman” degan eʼlonlarni uchratishingiz mumkin. Bogʻdorchilikka esa biz soʻz yuritayotgan metall osmiyning hech qanday aloqasi yoʻq. Bu bogʻbonlarga daraxtlarni changlatish uchun taklif qilinayotgan asalari turining nomi xolos. Haqiqatan ham, biologlar yaxshi biladigan osmiy nomli asalari turi mavjud. Bu turdagi asalarilar boshqa oddiy asalarilardan farq qiluvchi hayot tarzi bilan yashaydi. Osmiy asalarilari oilalarga birlashmaydi, aksincha, yolgʻiz umr kechiradi. Shuningdek, osmiy asalarisi bol toʻplamaydi va umuman asal ishlab chiqarmaydi. Shunga qaramay, bu turdagi asalari gullarni changlatishda boshqa turdoshlaridan koʻra yaxshiroq natija beradi. Osmiy asalarisi bilan changlatilgan bogʻlardagi hosildorlik sezilarli darajada yaxshi boʻladi. Shu sababli ham bogʻbonlarda bunday asalariga doim ehtiyoj mavjud. Arzonga osmiy sotiladi degan eʼlonlar ham shular uchun oʻylab topilgan. Uning qimmatbaho metall – osmiyga mutlaqo aloqasi yoʻq.

Osmiy asalarilarining Osmia cornuta turi

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Osmiy sotiladi, arzonga!
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!