Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi
Mikrob, mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi, antibiotik, mikroorganizmlarning chidamliligi va mikroblarga qarshi kurash haqida o'qing.
Oʻrta
8 min
19.07.2023
Biologiya va tibbiyot

Mikroorganizmlarning populyatsiyasida (alohida bir aʼzosida emas) vaqt oʻtishi bilan muayyan kimyoviy moddalarga, xususan, antibiotiklarga va pestitsidlarga qarshi chidamlilik shakllanishi mumkin.

Albatta, antibiotik dorilarga nisbatan chidamli boʻlgan va dori taʼsir qilmaydigan mikroblar haqidagi vahimali gaplar baʼzan quloqqa chalinib turadi. Bu toʻgʻrisida tibbiyot sohasi mutaxassislari yaxshiroq bilishadi, albatta. Ayrim bemorlarda davolash jarayonida foydalanilgan muayyan bir antibiotikni boshqasiga, yaʼni yanada kuchlirogʻiga almashtirishga toʻgʻri kelganligi turgan gap. Mikroorganizmlar populyatsiyasida dori preparatlariga nisbatan bunday chidamlilik shakllanishi hodisasi baʼzi hissiyotga beriluvchan jurnalist va yozuvchilar aytganidek ʼʼona tabiatning odamzoddan oʻch olishiʼʼ emas, balki tabiiy evolyutsiya qonuniyatlarining amaldagi ifodasi xolos. 

Populyatsiyaning alohida bir aʼzolari orasida farq va tafovutlarning mavjud boʻlishi evolyutsiyaning eng asosiy tamoyillaridan biri sanaladi. Oʻzbekona ibora boʻlmish ʼʼbesh qoʻl barobar emasʼʼ degani aynan shu oʻrinda ilmiy asosda namoyon boʻladi. Hozirgi kun genetika faniga yaxshi maʼlumki, populyatsiya aʼzolarining oʻzaro tafovutga ega boʻlishi, aslida, har bir turning genetik darajasida kodlangan boʻlar ekan. Boz ustiga, biokimyoviy nuqtayi nazardan olganda, har qanday populyatsiyaning avlodlar davomiyligi, aslida, muayyan kimyoviy-molekulyar shakl almashinishlar ketma-ketligidan iborat jarayondir. Antibiotikning taʼsir mexanizmi esa muayyan mikroorganizm turining hayoti uchun favqulodda muhim boʻlgan biror kimyoviy reaksiyani sekinlashtirish yoki uni butkul toʻxtatib qoʻyishga asoslanadi. Natijada antibiotik taʼsiriga tushgan mikrob populyatsiyasi halok boʻlishi kerak. Masalan, penitsillin bakteriyalarning yangi hujayra qobiqlarini shakllanishida ishtirok etuvchi molekulalarni reaksiyaga kirishishdan toʻxtatib qoʻyadi. Natijada mikroblarning tanasini tashkil qiluvchi hujayralari qobiqsiz qoladi va nobud boʻladi. Qoʻpol oʻxshatish bilan aytish mumkinki, penitsillinning mikroblarga taʼsirini xuddi kalit uchiga saqich yopishtirilganiga taqqoslash mumkin. Tasavvur qiling, shunday kalit eshikdagi teshikka kira olmay, aksincha kalit teshigida yopishib qoladi va natijada eshikni ocholmaydigan qilib qoʻyadi. Penitsillin odam va hayvonlarga taʼsir qilmasligining oddiy sababi shundaki, bizning hujayralarimizning tashqi qoplamasi, yaʼni qobigʻi mikroorganizmlarning hujayra qobigʻidan mutlaqo farq qiladi. 

Mikroorganizmlarning muayyan populyatsiyasida oz sonda boʻlsa ham shunday tuzilishga ega aʼzolar boʻladiki, ularning molekulyar tuzilishi va shakli bemor tanasiga yuborilgan antibiotiklarning taʼsir mexanizmiga mos kelmaydi. Natijada antibiotik bilan davolash kursidan soʻng aynan oʻsha oz sondagi bakteriyalar yashab qoladi. Ular dastavval oz sonda boʻlgani sababli yangi kasalliklar qoʻzgʻatishga qodir boʻlmaydi. Lekin mazkur oz sonli aʼzolari bilan yashab qolgan populyatsiya yashashda va koʻpayishda davom etadi. Bir necha avlod davomidan keyin oʻsha populyatsiyada tabiiy tanlash qonuniyatlari asosida antibiotiklar taʼsiriga betaʼsir boʻlgan aʼzolar soni koʻpchilikni tashkil qila boshlaydi. Oxir-oqibatda ushbu populyatsiyaning aynan bir antibiotikka nisbatan taʼsirlanmaydigan butun boshli yangi avlodi shakllanadi. Mikroblar shu tariqa evolyutsiyalanib, yangidan yangi tur vositasida odamzodga va ,xususan, ilm-fanga qarshi chiqaverardi.

Yana bir bor taʼkidlab oʻtish joizki, mikroorganizmlarning muayyan aniq bir antibiotik turiga nisbatan chidamlilik effekti ularning faqat bir necha avlodi almashishidan keyingina yuzaga chiqadi. Buning uchun esa muayyan vaqt ketadi. Boz ustiga, alohida olingan bir dona bakteriya bir oʻzi antibiotikka nisbatan mustaqil immunitet shakllantira olmaydi. Chunki har qanday organizmning molekula shakli genetik darajada oldindan belgilanadi va uning hayoti davomida shakl oʻzgarishlariga uchramaydi.

Mikroblarning antibiotiklarga nisbatan chidamliligini oʻrganishga oid klassik eksperimentni 1952-yilda amerikalik genetik olimlar Joshua va Ester Lederberglar oʻtkazishgan. Bunda avvaliga Petri chashkalaridagi oddiy ozuqaviy muhitda muayyan bakteriyalar koloniyasi oʻstirilgan. Keyin esa koloniyani qismlarga ajratib, ozuqa muhitiga penitsillin qoʻshilgan sharoitdagi boshqa chashkalarga koʻchirilgan. Shunda koloniyalarning aksariyat qismi yangi muhitda penitsillin mavjudligi sababli qirilib ketgan. Lekin muayyan juda oz sonli koloniyalar baribir yashab qolgan. Keyin esa bu shunchaki tasodif emasligini isbotlash uchun olimlar penitsillinsiz ozuqa muhitida oʻstirilgan eng birinchi boshlangʻich koloniyadan namuna olib, oʻsha yashab qolgan koloniya yoniga koʻchirib oʻtkazishgan. Natijada yashab qolgan va antibiotik taʼsiriga uchramagan koloniya oldida garchi avval bunday taʼsirga uchramagan boʻlsa-da, yangi qoʻshilgan aʼzolar ham barqaror yashab ketgan. Keyingi kuzatishlar esa shuni koʻrsatdiki, endi bu koloniya shunchaki yashab qolishdan tashqari uning keyingi avlodi penitsillinli muhitda bemalol oʻsib, rivojlana boshlagan. Ushbu tajriba mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi mexanizmi aslida tabiiy tanlash qonuniyatiga asoslanganini koʻrsatib berdi.

freepik.com

Qizigʻi shundaki, muayyan populyatsiyaning oʻziga qarshi boʻlgan zararkunandasi yoki kushandasiga qarshi chidamliligi effekti faqat mikroorganizmlarda emas, balki yuksak organizmlarda ham kuzatiladi. Masalan, hasharotlar vaqt oʻtishi bilan pestitsidlarga nisbatan, oʻsimliklar esa gerbitsidlarga nisbatan bardoshli boʻlib qoladi. Bu oʻrinda ham taʼsirga betaʼsirlashish mexanizmi mikroorganizmlardagi singari kechadi.

Yaʼni populyatsiyaning muayyan alohida bir aʼzolari tanasida pestitsid yoki gerbitsid taʼsiriga betaʼsir kimyoviy oʻzgarishlar mavjud boʻladi va populyatsiyaning aynan oʻsha qismi yashab qoladi. Masalan, bu kimyoviy oʻzgarish hasharot yoki oʻsimlik tanasidagi qandaydir noyob bir molekula boʻlib, u pestitsid yoki gerbitsid molekulasini neytrallab qoʻyishi mumkin. Yoki oʻsha hasharot yoki oʻsimlik tanasida maxsus bir kimyoviy modda shakllanib, pestitsid yoki gerbitsid molekulasini tanaga tushishi bilan hali uning taʼsiri boshlanmasidan avvali uni hujayralardan darhol yana qayta chiqarib tashlashi mumkin. Natijada tabiiy tanlash asosida populyatsiyaning shunday xususiyatlarga ega boʻlgan aʼzolari yashab qoladi va keyingi avlod ulardan tarqaladi. Ulardan tarqagan keyingi avlod esa endi ushbu foydali xossaga toʻliq ega boʻladi va endilikda mazkur tur oʻziga qarshi zararkunandalarga chidamli boʻlib qoladi. Shunisi ajablanarliki, tabiiy tanlash va evolyutsiya haqidagi ilmiy taʼlimot antibiotiklar kashf etilishi va ulardan mikroblarga qarshi kurashda foydalanish boshlanishidan ancha avval paydo boʻlgan edi. Yaʼni olimlar har qanday populyatsiyada, shu jumladan, mikroorganizmlarda ham tabiiy tanlash qonunlari amal qilishini avvaldan bilishgan. Lekin antibiotik qoʻllaganda mikroorganizmlarda shunday chidamlilik effekti yuzaga kelishini olimlar avvaldan inobatga olishlari yoki hech boʻlmaganda ushbu faktni taxmin qilishlari kerak edi. Lekin nima uchundir bunday boʻlmadi. Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi effekti bir necha bemorlarda amalda koʻzga tashlanmaguncha bu jarayon hech kimning xayoliga kelmagan. Aslida, ushbu holat, antibiotiklar va boshqa kimyoviy preparatlarning foydali effekti yetarlicha emasligini emas, aksincha inson tabiatining mukammal xilqat emasligini koʻrsatadi. Lekin shu bilan birga mikroblarning dori antibiotiklarga nisbatan chidamli boʻlib qolishi endilikda antibiotiklarning insoniyatga keltirgan ulkan nafiga ha soya solmasligi kerak. Oʻz vaqtida penitsillin va boshqa antibiotiklarni qoʻllash tufayli bemorlarning tezroq oyoqqa turishi, butun boshli armiyalarning askarlari tezroq safga qaytishi taʼminlangan. Umuman olganda, Ikkinchi Jahon urushidan keyingi davra odamzod populyatsiyasining deyarli ikki barobar ortishi va sayyoramizda oʻrtacha umr davomiyligi 47,7 yoshdan 71 yoshgacha uzayishi aynan antibiotik dorilar yordamida koʻplab kasalliklarni yengganimiz sababidandir. Mikrob va bakteriyalarning endilikda allaqachon shakllanib qolgan chidamliligi esa ularning kurashda hali beri bizdan boʻsh kelmasligini bildiradi. Yaʼni ularni shunchaki bitta urush bilan yengib boʻlmaydigan armiya deb tasavvur qilish toʻgʻri boʻladi. Buni yana bir qoʻpol oʻxshatish bilan ifodalash mumkin: mikroblar va odamzodning ularga qarshi antibiotik qurollar bilan qarshi kurashi xuddi siyosiy qutblarning qurollanish va biri-biriga nisbatan tahdid qilish poygasiga oʻxshaydi. Qurollanish poygasida ham taraflarning biri muayyan kuchli qurol ixtiro qilib, vaqtinchalik tashabbus va gegemonlikka ega boʻladi. Ikkinchi taraf esa unga qarshi undanda kuchli qurol tayyorlaydi. Keyin birinchi taraf yanada kuchliroq qurol oʻylab topadi. Narigi taraf esa undan ham battarini ishlab chiqadi va ho kazo. Statistikaga koʻra, soʻnggi 3500 yil tarix mobaynida odamzod faqat 230 yil hech qanday urushlarsiz, tinch totuv yashagan ekan. Ibtidoiy odamlar davrida shunchaki tosh va suyak qurollar bilan boshlangan qurollanish poygasi, keyinchalik oʻq-yoy, miltiq, artilleriya va mana nihoyat qirgʻinbarot yadroviy qurollargacha yetib kelganidan xulosa qilsak, bizning qurollanish borasidagi ahmoqona dunyoqarashimizga ona tabiatning oʻzi bas kelmasa, odamzodning oʻzi qurollanish poygasini hech qachon ongli ravishda toʻxtatmaydigan koʻrinadi. Taxminimizcha, mikroblar bilan jangimiz ham xuddi shunday: ular hech qachon taslim boʻlmaydi va ularga qarshi kurash hech qachon toʻxtamaydi. Mikroblarni butunlay magʻlub qilish imkonsiz. Chunki mikroorganizmlarning evolyutsion potentsialini biz aniq bila olmaymiz. 

Mikroblar bilan jangda eng asosiysi shuki, bizning ularga qarshi qoʻyadigan texnologiyalarimiz ularning evolyutsion potentsialidan imkon qadar oldinga oʻzib ketishi kerak. Bu esa bizga kasalliklarni nazoratda tutish va ulardan uzoqroq yurish imkonini beradi. gʻalaba uchun shuni oʻzi ham kifoya qilishi mumkin…


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Mikroblarning antibiotiklarga bardoshliligi
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!