Alan Tyuring — informatika dahosi
Alan Tyuring — informatika dahosi
Oʻrta
3 min
24.07.2023
IT va muhandislik

Alan Tyuring qisqa umri davomida ilm-fan rivojiga katta hissa qoʻshgan. Uni informatika faniga asos solgan olimlardan biri deyish mumkin. Ushbu maqolada Tyuringning fan taraqqiyotiga eng koʻp hissa qoʻshgan nazariyalari — Tyuring mashinasi va Tyuring testi haqida, shuningdek, 2-jahon urushida nemislar yaratgan “Enigma” shifrlash mashinasining siri qanday fosh boʻlgani toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berib oʻtilgan.


Tyuring mashinalari

Alan Tyuringning 1936-yilgi “Yechim mavjudligini aniqlash masalalariga tadbiq qilinadigan hisoblab chiqariladigan sonlar haqida” deb nomlangan mashhur ilmiy maqolasida Tyuring mashinalari yoritilgan. Maqolaga koʻra, agar matematik masalaning yechish yoʻlini algoritm bilan ifodalash mumkin boʻlsa, bunday matematik masalani Tyuring mashinalari bilan yechish mumkin. Shu joyida Tyuring mashinasi atamasiga izoh berib ketsak. Sodda tilda aytganda, Tyuring mashinasi matematik amallarni bajara oladigan sodda kompyuterdir. Mashina lenta yordamida kiritilgan turli belgilarni oʻqib, ular ustida har xil operatsiyalar amalga oshirishi mumkin. Demak,

Tyuring mashinasi bu — lentadagi belgilarni qoidalar jadvaliga asosan boshqaradigan mavhum mashina.

Tyuring mashinasi yordamida istalgan kompyuter algoritmi mantigʻini simulyatsiya qilish mumkin. Shuni inobatga olish kerakki, Tyuring mashinasi jismonan mavjud emas, u shunchaki matematik tushuncha. Bu qarash elektron hisoblash mashinalarining mantiqiy imkoniyatlari chegarasini tushunishda olimlarga yaqindan yordam beradi.


Tyuring testi haqida

Alan Tyuring, shuningdek, “Tyuring testi” nomli sinov-tajriba amaliyoti muallifi hamdir. Ushbu test “sunʼiy intellekt“ masalalariga taalluqli boʻlib, u “Mashina fikrlay oladimi?” qabilidagi savollarga javob izlashni koʻzda tutadi. 

Keling, Tyuring testini misol bilan koʻrib chiqamiz. Unga koʻra, bir odam va bitta mashina 2 ta alohida xonaga joylashtiriladi va biror savolga yozma javob berish soʻraladi. Testning mohiyati shundaki, nazoratchi olingan javoblarga qarab qaysi birini odam, qaysi birini esa mashina yozganini aniqlash kerak. Agar mashina bergan javob jonli odamniki deb taxmin qilinsa, demak robot Tyuring testini muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi.

Tyuringning oʻzi mashina bir kun kelib, albatta testdan oʻtadi va natijada odam va mashina oʻrtasidagi dialog shu darajaga yetib keladiki, odamlar oʻshanda mashina bilan gaplashayotganini farqlay olmay qoladi deb ishongan. Yaʼni, mashina oʻziga yuklangan algoritmlar asosida odam bilan muloqotni shu darajada tabiiy olib bora olar emish…


“Enigma”ning sirini fosh etib

1939-yilda Alan Tyuring nemislarning “Enigma” shifrlash mashinasi tomonidan generatsiyalanadigan xabarlar shifrini yechishga kirishadi. Uning chuqur matematik isteʼdodi va mantiqiy fikrlash qobiliyati urush yillarida britaniyaliklarga fashistlarning shifrlangan xabarlariga kalit topish va xabarlar mazmunini shifrdan yechish imkonini bergan. Tyuringning “Enigma” shifrini yechishga qaratilgan elektromexanik mashinasining nomi “Bomba” boʻlgan. “Bomba” nemislarning har kuni oʻzgarib turadigan shifr kalit soʻzlarini aniq hisoblab chiqarib berib turgan. Natijada Qirollik armiyasi qoʻmondonligi nemislarning har bir xatti-harakati haqida oldindan boxabar boʻlib turgan. Bu esa Buyuk Britaniyaga Shimoliy Atlantikada dengizdagi toʻliq hukmronlikni taqdim qilgan.


Ushbu maqola orbita.uz sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: betterlifedesign.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!