20.02.2024
Somon yoʻlining xira tutunsimon yogʻdusi, aslida, son-sanoqsiz yulduzlarning bir joyda oʻzaro yaqin gʻuj boʻlishidan hosil boʻlishini Galiley ham kuzatgan edi. Uilyam Gershel esa ushbu yulduzlarni xaritalashtirish asnosida ular ulkan tekis disk hosil qilishini payqadi va bu singari yulduzlar gʻuj boʻlgan ulkan kosmik obyektlarni ʼʼGalaktikaʼʼ deb nomlay boshladi. Bizning Quyosh tizimimiz galaktikaning juda kichik bir qismi xolos. Shunga qaramay, astronomlar galaktikamizdan tashqarida joylashgan va yogʻdu taratib turgan obyektlarni koʻrishganida Koinotda Somon yoʻlidan ham kattaroq boshqa yana biror obyekt bormikan degan savol yuzaga qalqib chiqdi.
Dastavval, XX asr boshida golland astronomi Yakobus Kapteyn Somon yoʻlining oʻsha payt uchun eng mufassal va mukammal boʻlgan sharhli xaritasini ishlab chiqdi. Aniqlanishicha, Somon yoʻli galaktikamiz, likopchaga oʻxshash koʻrinishda boʻlib, uning markazi zich va qalin, chetlari esa borgan sari yupqalashib, siyraklashib borar ekan. Chunki galaktika chetlarida yulduzlar soni kamayib, masofalari ham uzoqlashib boradi. Kapteynning ushbu natijalari Gershelning galaktika haqidagi tasavvurlarini toʻgʻri ekaniga dalolat edi. Chunki Gershel galaktika ulkan Koinot boʻshligʻida turgan va eniga 60000, koʻndalangiga esa 10000 yorugʻlik yiliga teng boʻlgan ulkan samoviy orol deb tasavvur qilgan edi. Albatta, keyinchalik galaktikalarning oʻlchami, aslida, bundan chandon marta kattaroq boʻlishi ham isbotlandi. Biroq Gershel yoʻnalishni toʻgʻri olgandi. Qop-qorongʻi koinotda yulduzlar alohida-alohida tarzda sochilib yotishi haqidagi fikr azaldan juda koʻpchilikka maʼqul kelgan va bir qarashda haqiqatan ham toʻgʻri koʻrinardi. Lekin ushbu fikr astronomlarda kuchli shubha uygʻotardi. Gershel ham teleskop orqali Koinotda kuzatilayotgan xira tumanliklar va dogʻsimon nuqtalar, aslida, shunchaki bizdan juda olisda joylashgan yulduz toʻdalaridan iborat ulkan Koinot orollari boʻlishi mumkin degan faraz bilan yurgan. Garchi Gershel keyinchalik oʻzining ushbu fikridan voz kechgan boʻlsa-da, lekin olimning mazkur qarashlari Messye singari boshqa astronomlarning ishlariga allaqachon koʻchgan edi. Messye Koinotda juda koʻp sonli tumanliklarni kashf etdi va ularning kelib chiqishi bir xil boʻlishi mumkinligi haqidagi shubhalar bilan izlana boshladi. Irlandiyalik astronom Parsonsning ʼʼLeviafanʼʼ nomli ulkan teleskopi Koinotdagi ayrim tumanliklar tuzilishiga koʻra ulkan disk shaklida boʻlib, Somon yoʻliga juda oʻxshashini koʻrsatib berdi. Faqat bitta muhim savol koʻndalang qolayotgan edi: ushbu obyektlar ham Somon yoʻlining ichida joylashganmi yoki undan alohidami? Savolga javob topish uchun yanada kuchliroq teleskoplar talab etilar edi. 1908-yilga kelib astronomlar ixtiyoridagi kataloglarda 15000 dan ziyod tumanliklar qayd etilgan edi. Kuzatishlar bunday tumanliklarni ikki xil guruhga ajratish imkonini koʻrsatib turardi. Birinchi guruh tumanliklarida Somon yoʻliga yaqin joylashgan xira dogʻlar boʻlib, ikkinchi guruhda simmetrik disk va spiralsimon tumanliklar joy olgandi. Astronomlar ikkinchi guruh tumanliklarining Koinotda joylashuvi borasida biror bir qonuniyatni aniqlay olishmagan. Spektral tahlillar vositasida aniqlanishicha, birinchi guruh tumanliklari nisbatan sovuq gaz bulutlaridan tashkil topgan boʻlib, ularning ichida juda kam sonli yulduzlar mavjud ekan. Aksincha, ikkinchi guruh tumanliklarda esa spektr yulduzlar spektri bilan juda oʻxshash boʻlib, bu ularning yulduzlar gʻuj boʻlib turgan makon ekanidan dalolat berardi.
1917-yilda Kaliforniyadagi Maunt Vilson togʻida ʼʼLeviafanʼʼ dan ham kattaroq va tiniqroq teleskop oʻrnatildi. Xuker teleskopi nomini olgan ushbu ulkan astronomik asbob koʻzgusining diametri 100 dyum (254 sm) boʻlib, keyingi 30 yil mobaynida jahonda eng ulkan teleskop maqomini saqlab turgan. Xuker teleskopida kuzatuv boshlangan ilk kunlardanoq ayrim tumanliklarda yulduzlarning chaqnab turgani koʻrina boshladi. Ushbu yulduzlarning chaqnashi, albatta, Somon yoʻlidagi yulduzlarning chaqnashidan ancha xira edi. Lekin ularning yorqinligi ham Somon yoʻlidagi yulduzlar yorqinligi bilan bir ekani hammani hayratga solardi. Demak, oʻsha tumanliklar va ular ichidagi yulduzlar Somon yoʻlidan ham millionlab yorugʻlik yili masofalaridan joylashgan ekan! Albatta, bu fikr dastlabki paytlarda koʻpchilik astronomlarga ham biroz erish tuyuldi va u faqat faraz sifatida qaraldi. Lekin 1924-yilga kelib astronom Edvin Xabbl Maunt Vilson togʻidagi rasadxonada oʻrnatilgan Xuker teleskopi orqali Messye-31 va -33 tumanliklarida hamda boshqa disksimon tumanliklarda sefeidalarni kashf etdi.
Ushbu obyektlarning yorqinlik darajasi ularning bizning galaktikamizdan millionlab yorugʻlik yili masofasi olisda joylashganligini isbotlab berdi. Ular joylashgan tumanliklar esa, aslida, tumanlik ham emas, balki bizning Somon yoʻli singari Koinotdagi orollar, yaʼni alohida mustaqil galaktikalar ekan. Tumanlik atamasi esa endilikda astronomiyada faqat kosmik gaz bulutliklariga nisbatan qoʻllanmoqda
Keyinchalik tadqiqotchilar tomonidan galaktikalar ham, aslida, boshqa bir ulkan toʻplamning kichik bir qismi xolos ekani aniqlandi. Galaktikalar ham toʻdalarga birlashar ekan. Masalan, bizning Somon yoʻli galaktikamiz Andromeda va Magellan buluti singari 30 dan ziyod galaktikalar bilan birgalikda Mahalliy guruh deb nomlangan ulkan galaktikalar toʻdasiga mansub sanaladi. Oʻz navbatida Mahalliy guruh ham oʻziga oʻxshash yuzlab toʻdalar bilan birgalikda Sunbula ulkan toʻdasi tarkibiga kiradi. Shu tarzda sonlar yiriklashib boraveradi. Hozirgi zamon astronomiyasida galaktikalarning aniqlangan umumiy soni eng kamida 125 milliardni tashkil qilishi taʼkidlanadi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Koinotdagi orollar
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.