20.02.2024
Odam tanasidagi turli tovushlarni — oʻpkada nafas kirib-chiqishi yoki yurak qorinchalarida qon harakatlanishi tovushini eshitish orqali tashxis qoʻyish tibbiyotda ancha qadimgi usullardan biri. Lekin avvallari vrachlar tanadagi tovushlarga koʻra tashxis qoʻyish uchun bemor tanasiga quloqlarini bosib eshitishlari kerak boʻlardi. Bu, birinchidan, gigiyenik nuqtayi nazardan yoqimsiz boʻlsa, qolaversa, maʼnaviy-axloqiy qoidalarga ham biroz rahna solardi. Axir doktorlar, odatda, erkak kishilar boʻlishgan va bu ayol bemorlar tanasini eshitib koʻrishda yumshoq qilib aytganda “noqulayliklarga” sabab boʻlgan. Qolaversa, bevosita quloqning oʻzi orqali toʻgʻridan toʻgʻri eshitib qoʻyilgan tashxislar har doim ham aniq boʻlmagan. Chunki bunda tashqi shovqinlardan, xalaqitlardan himoyalanish deyarli imkonsiz boʻlgan. Vaziyat XIX asrning 10-yillarigacha shunday davom etdi. Vrachlar bemor tanasini eshitish uchun qandaydir mukammalroq va gigiyenik xavfsiz vositaga muhtoj edilar.
Shunday vrachlardan biri — 1781-1826-yillarda yashab oʻtgan fransuz shifokori Rene Teofil Giatsint Laennek edi. Laennek masala ustida ancha bosh qotirgach, turli tajriba va sinovlardan keyin bemor tanasidagi tovushlarni vrach qulogʻiga uzatib beradigan ilk stetoskop asbobini yasashga muvaffaq boʻldi. Ixtiro 1816-yilda dunyoga kelgan. Laennek stetoskopi yogʻochdan yasalgan boʻlib, oʻzbekcha kichik surnay koʻrinishida boʻlgan. Stetoskopning ogʻzi katta tarafini bemorning koʻkragiga qoʻyib, ingichka tarafini esa oʻz qulogʻiga tutib, Laennek oʻpkani va yurakni eshitishni yoʻlga qoʻydi. Bunda stetoskop naychasi ichidagi havo tebranishlari, bemor tanasidagi tovushlarni vrach qulogʻiga uzatib berar edi. Bu, ayniqsa, shardagi sanitariya holati yaxshi boʻlmagan, asosan, kambagʻallar yashaydigan mahallalarida bemorlarga tashxis qoʻyish uchun ayni muddao edi. Chunki bunday joylarda shifokorlar bemor tanasini eshitish asnosida oʻzlariga ham turli parazitlar — burga va bitlarning oʻtib qolishidan koʻp aziyat chekishardi. Laennek stetoskopi keyinchalik, asosan, shunday hududlar aholisiga tashxis qoʻyadigan vrachlardan biri tarafidan yanada takomillashtirildi. U stetoskop trubkasini uzunroq qilib, eshitish naychasiga ham tashqi shovqindan ihota qiluvchi maxsus qoplama oʻrnatgan. Laennekning oʻzi esa amaliyotdagi vrachlar uchun stetoskopdan foydalanish yoʻriqnomasi bilan birga stetoskop orqali eshitilgan turli tovushlarning qaysi kasallikka ishora qilishi haqidagi tavsiya-maslahat qoʻllanmasini ham yozib nashr ettirgan. Uning mazkur qoʻllanmasida stetoskop orqali pnevmoniya, sil, bronxit kabi kasalliklarga tashxis qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar mavjud edi va ushbu qoʻllanma butun XIX asr tibbiyotida ancha ommalashgan, mashhur manbalardan biri boʻlgan. Taqdirni qarangki, ixtirochi-vrach Rene Teofil Giatsint Laennekning oʻzi navqiron 45 yoshida aynan sil xastaligi sababli olamdan oʻtdi. Unga ushbu xastalikni oʻzi ixtiro qilgan stetoskop orqali oʻz shogirdlaridan biri (oʻz jiyani) tashxis qoʻygan edi. 1940-yillarga kelib mutaxassislar hozirda siz bilan biz “doʻxtir amaki”larning boʻynida koʻrishga koʻnikib qolgan ikkita quloqchinli stetoskoplarni tayyorlay boshlashgan. Oʻzini yaxshi tomonlama koʻrsatgan bunday stetoskoplar tez ommalashdi va tibbiyot sohasidagi standart elementlardan biriga aylandi. Endilikda stetoskopning bemor tanasiga tekkiziladigan tarafi maxsus voronka shaklida, akustika qonunlariga yaxshilab moslab tayyorlana boshladi. Unda eng past chastotali ichki ovozlarni ham payqash mumkin edi. Keyingi yillarda stetoskopning texnik imkoniyatlarini takomillashtirishga qaratilgan juda koʻp yangi-yangi oʻzgartirishlar kiritildi. Masalan, ovozni kuchaytiruvchi, tashqi xalaqit shovqinini toʻsuvchi texnik qulayliklar kiritildi. Stetoskop — fizikadagi oddiy qonuniyatlardan inson manfaati uchun foydalanish imkonini beradigan ajoyib muhim ixtiro sifatida tarixga kirdi va vrachlarning beminnat dastyoriga aylanib qoldi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Stetoskop
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.