Ular qanchalik tez o‘smoqda. Dunyoga mashhur IT kompaniyalar ishni nimadan boshlagan
11 min
01.08.2023
IT va muhandislik

Hozir bozordagi eng katta striming xizmatlarini koʻrsatuvchi kompaniya qachonlardir pochta orqali DVD-disklarni yuborgan, qisqa muddatli turar joy ijarasi bilan shugʻullanuvchi eng katta platforma esa mehmonxonada shishiriladigan matraslarda tunab qolishni taklif qilgan. Hamma narsa kichik qadamlardan boshlanadi, katta biznes ham istisno emas. Bizneslar uchun IT-infratuzilma hisoblangan rus kompaniyasi Selectel bilan birga nega boʻlajak IT-gigantlar IT bozorida yetakchilarga aylanib, odamlar qanday muloqot, sayohat, savdo qilishlari va dam olishlari haqidagi tushunchalarni oʻzgartirib yuborgani haqida gapiramiz.


Pasport oʻrnida elektron hisob

IPO (ilk ommaviy savdo)ga chiqish koʻplab ishtiyoqmand kompaniyalarga – hozirgi IT-sanoat gigantlariga bizneslarini kengaytirishga yordam bergan. 2012-yilda Facebook kompaniyasi eng muvaffaqiyatli IPOʻlardan birini amalga oshirishga muvaffaq boʻldi. Oʻshanda aksiyalarning ilk ommaviy savdosida kompaniya 18,4 milliard dollar ishlab olgan edi. Mabodo Devid Fincherning “Ijtimoiy tarmoq” filmini koʻrmagan boʻlsangiz, quyida Facebook kompaniyasi yaralishining qisqa hikoyasi.

Bu gʻoya Mark Tsukerbergga maktabligida, har yili chop etiladigan oʻquvchilarning ismlari, manzillari va fotografiyalari boʻlgan katalogini (soʻzma soʻz tarjima qilinsa “yuzlar kitobi” – Facebook) koʻrganda kelgan. Garvardga kirgach, Tsukerberg universitet maʼmuriyatiga shunga oʻxshash onlayn-platforma tuzish taklifini beradi. Ammo maʼmuriyat maxfiylik siyosatiga asoslanib, unga rad javobini beradi. Shunda u talaba qizlarning tashqi koʻrinishini baholaydigan Facemash saytini yaratadi. Koʻp oʻtmay, Tsukerbergni talaba qizlarning huquqlarini poymol qilishda ayblagan maʼmuriyat talabi bilan sayt yopiladi.

Ammo u Facemash yopilganidan soʻng ilk gʻoyasini tashlab qoʻymaydi va Facebook ustida ish boshlaydi. 2004-yilda yangi ijtimoiy tarmoq sayti yoʻlga qoʻyiladi. Yangi loyihaning dastlabki qatnashchilari Amerika va Kanada universitetlari talabalari boʻlishadi. 2006-yilda saytga kirish imkoni 13 yoshdan katta, elektron pochta manziliga ega boʻlgan shaxslarga ham beriladi. 2007-yilda Microsoft Facebook aksiyalarining 1,6 foizini 240 million dollarga sotib oladi va kompaniyani toʻlaligicha 15 milliard dollarga baholaydi. Shunday qilib Facebook Google va Amazondan keyin AQSHdagi eng katta internet kompaniyaga aylanadi.

Nihoyat, 2012-yilning 18-mayida Facebook IPO oʻtkazadi. Kompaniyaning muvaffaqiyatiga nima sabab boʻlgan? Kalit sabablar – internet va smartfonlarning tarqalishi edi, chunki ijtimoiy tarmoq ularga osongina moslasha olardi.

Uning ommalashishiga yana bir sabab qilib 2008-yilda yoʻlga qoʻyilgan Facebook Connect – ijtimoiy tarmoqning oʻziga hech qanday aloqasi boʻlmagan tashqi resurslar uchun maxsus yaratilgan APIʼning yangilangan versiyasini keltirish mumkin. Foydalanuvchilar oʻzlarining Facebookʼdagi hisob va parollaridan foydalanib boshqa mashhur saytlarda roʻyxatdan oʻtishlari mumkin edi. Qaysidir maʼnoda Tsukerberg tashqi manbalarda roʻyxatdan oʻtish jarayonini osonlashtirgan universal onlayn-pasportni yaratdi. Hozir boshqa tarmoqdagi hisob orqali roʻyxatdan oʻtish oddiy holga aylangan, ammo 2008-yilda bu sezilarli innovatsiya edi.


Yangicha mobillik

Smartfonlar va internet foydalanuvchilarining oʻsib borayotgan mobilligi yana kimga muvaffaqiyat qozonishga yordam berdi? Masalan, Uber kompaniyasiga, uning hikoyasi muayyan sinfdagi avtomobillarda sayohatga buyurtma beradigan mobil dastur ishlab chiqishdan boshlangan. 2012-yilda foydalanish osonroq boʻlgan UberX taksi formatlari paydo boʻlgach, kompaniya koʻplab davlatlarga ularning transport vositalari bozoriga ixtisoslashgan holda kirib bora oldi.

Braziliyada vertolyotda sayohatlar ishga tushdi, Turkiyada esa shaxsiy suv transporti xizmatlari (ammo, 2018-yilda Turkiya prezidenti davlatda Uberning faoliyatini taqiqlab qoʻydi), Indoneziyada esa avtomobilni uzoq muddatga ijaraga olish yoʻlga qoʻyildi. Uber shaxsiy avtomobil yoki jamoat transportining qatnov jadvaliga bogʻliq boʻlmagan shaxsiy mobillik tushunchasini ommalashtirdi.

2009-yilgacha AQSHda shaharning istalgan nuqtasidan turib mobil ilovadan taksiga buyurtma berishni tasavvur ham qilib boʻlmasdi, haydovchining harakat yoʻlini kuzatib turish va unga sayohat uchun baho berish haqida gapirmasa ham boʻladi. Uber tomonidan kiritilgan innovatsiyalar yoʻlovchi tashish bozorini butunlay oʻzgartirib yubordi. 2019-yilning 10-may kunida kompaniya IPO oʻtkazdi va har bir aksiyasini 45 dollar narxida baholadi.

Uber sababli odamlar yoki muassasalarning raqamli platformalar bilan almashtirilishini anglatuvchi “uberlashish” atamasi kundalik hayotimizga kirib keldi. Uberlashish aynan raqamli texnologiyalarning oʻsishi tufayli yuz berdi.

Qachon va nima sababdan kompaniyalar IPO oʻtkazishadi?

IPO yoki Initial Public Offering – biznesni rivojlantirish uchun kapital jalb qilish maqsadida kompaniya aksiyalarining ilk bor ommaviy savdoga qoʻyilishi. Odatda, aksiyalarni ilk ommaviy savdoga qoʻygan vaqtiga kelib biznes yetarlicha “voyaga yetgan” va yangi investitsiyalar hisobiga oldinga katta sakrash qilishga tayyor boʻladi. Kompaniyaning IPO oʻtkazishi – uning ishonchliligiga dalili boʻla olmaydi, ammo biznes ommaga ochiqlandi, demak, maksimal darajada shaffof va javobgar boʻladi, kompaniya esa xalqaro bozorda oʻz oʻrniga ega boʻladi.

Matrasda tunash

Uberizatsiya haqida gap ketganda mehmonxonalar bozorini tubdan oʻzgartirgan bron qilish xizmati – Airbnb haqida ham gapirish mumkin.

Maktabdosh doʻstlar Brayan Cheski va Jo Gebbia 2007-yilda birga San-Fransiskoga kelishadi. Yuqori ijara haqiga duch kelgach, 2008-yilning yozida ular oʻz mehmonxonalarini “yotoq va nonushta” tamoyilida ijaraga bera boshlashadi. Ijarachilarga shishiriladigan matraslarda yotib qolish taklif qilinardi. Doʻstlar birga sayt tuzishadi va tez orada koʻngillilarni ham topishadi: San-Fransiskodagi mehmonxonalar tez orada boʻladigan sanoat dizayni mavzusida oʻtadigan konferensiya tufayli toʻlib qolgandi. Shunda gʻoya salohiyatga egaligi ayon boʻldi. 2009-yilning martida airbedandbreakfast.com saytining nomi airbnb.comʼga oʻzgartiriladi. Natijada nafaqat mehmonxonada joy bron qilish, balki butun bir kvartira yoki uyni ham ijaraga olish mumkin edi.

Airbnb 2008-yildagi iqtisodiy inqirozdan soʻng koʻp oʻtmay paydo boʻldi. Loyiha ogʻir iqtisodiy ahvolda boʻlganlarga qoʻshimcha daromad qilish imkonini berdi va qimmat mehmonxonalarga pul sarflashni istamaganlarga tejab qolish yoʻliga aylandi.

Airbnb asoschilari nafaqat ishga tushish uchun toʻgʻri vaqt tanlashdi, balki sekinlik bilan platformaning muvaffaqiyatli oʻsishiga sabab boʻlgan funksiyalarni ham qoʻshib borishdi. Xizmat algoritmlari bir vaqtning oʻzida turar joy izlayotgan yoki ijaraga berayotganlar uchun bir qancha kalit omillarni hisobga oladi: sana, mehmonlar soni, turar joy turi, narx, xonalarning toʻlish darajasi, uy xoʻjaligi qulayliklari va bronni bir sutka davomida tasdiqlash imkoni. Shuningdek, turar joy tanlovi jarayonida foydalanuvchilarga iloji boricha mos joyni topib berish uchun qoʻllaridan kelganini qilishmoqda, birvarakayiga ijaraga beruvchilarning matnli tavsiflari, xona va uylarning rasmlarida tasvirlangan narsalarga mos tushish-tushmasligini tekshirib olishmoqda. Shunday qilib, masalan, agar uy egasi vannali uyning rasmini joylashtirsa-yu, ammo u haqida tavsifda aytishni unutsa, algoritm kvartiraning tavsifiga vannani qoʻshib qoʻyish haqida eslatadi.

2020-yilning dekabr oyida Airbnb Amerikaning NASDAQ fond birjasida IPO oʻtkazdi, aksiyalarning sotilishi natijasida kompaniya $3,5 milliard dollar qoʻlga kiritdi.


Kino oqimi 

Kishi breakfast & bedning oʻzi bilangina yashay olmaydi – netflix & chill haqida ham unutmaslik kerak.

Netflixʼning boʻlajak asoschisi Rid Hestings bir safar videoijarada olingan kassetani qaytarishni unutadi. Olti haftalik kechikishdan soʻng u 40 dollar miqdorida penya toʻlashga majbur boʻldi. 1997-yilda Hestingning doʻsti unga yangi DVD formati haqida aytadi, ular kassetalardan koʻra qulayroq va ixchamroq edi. Shunda Rid Hestingga ilhom keldi. U bir qancha disklarni sotib olib, pochta bilan uyiga yubordi. Ularni bir necha sutkadan soʻng qabul qilib oldi va disklarga hech qanday zarar yetmaganini koʻrib, pochta orqali filmlarni ijaraga berish gʻoyasi istiqbolli ekanini tushundi.

Eng boshida Hastingning 30 kishilik jamoasi va mijozlarga joʻnatish mumkin boʻlgan 925 filmdan iborat kolleksiya bor edi. 1998-yilda Netflix sayti ishga tushdi.

20002002-yillar davomida internetdan foydalanuvchi Amerikaliklar soni 56 foizga oshdi, bunga internet trafiklarining arzonlashishi va maʼlumot uzatish tezligining ortgani ham sabab boʻldi. DVD bozori ham tobora oʻsib borayotgandi: 2002-yilga kelib DVD-pleyerlar Amerika xonadonlarining uchdan birida mavjud edi. Shu sababli bor-yoʻgʻi ikki yil ichida Netflix obunachilari 600 mingga, filmlar soni esa 11 mingga yetdi. 2002-yilning bahoriga kelib Netflixʼning bir qancha aksiyalari investorlar tomonidan sotib olindi, 2002-yilning mayida esa kompaniya nihoyat IPO oʻtkazdi. Bunda 15 dollardan 5,5 millionta aksiya sotildi.

Video-ijara va onlayn-formatning oʻzaro muvofiqligi oʻz samaralarini bera boshladi, ammo 2000-yillarning oʻrtalariga kelib DVDning mashhurligi pasaya boshladi. Internet rivojlanishi tufayli odamlar kinolarni internetdan yuklab olish imkoniga ega boʻldi. Netflixʼning yangi mahsuloti filmlarni qonuniy ravishda yuklab olish imkonini beradigan qurilma boʻlishi kerak edi, ammo YouTubeʼning muvaffaqiyati bilan rejalarni oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Qurilmaning savdoga chiqishi bekor qilindi – buning oʻrniga Netflix rivojlanib borayotgan oqimli maʼlumot uzatish xizmatlari bozoriga qoʻshildi. Bu ishi xato boʻlib chiqmadi: 2010-yilda kompaniya xalqaro bozorga chiqdi.

Bugungi kunga kelib Netflix aksiyalari NASDAQ birjasida donasiga 540 dollar narxida sotiladi.

nplus1.ru

Oldin kitoblar, soʻngra bulutlar

Filmlarning onlayn ijarasi — yaxshi, albatta. Ammo “haqiqiy” mahsulotlar-chi?

1994-yilda yangi loyihalar izlab yurgan Jef Bezos onlayn-savdoga qiziqib qoladi va bir qancha mahsulotlar guruhidan tanlay turib, kitoblarda toʻxtashga qaror qiladi. Hatto bozorning eng katta oʻyinchilari ham omborxonalarda bir necha yuz mingdan koʻp mahsulotni saqlashga qurbi yetmasdi. Virtual kitob doʻkoni esa dunyodagi barcha mavjud kitoblar boʻlmasa-da, “hech boʻlmasa” bir necha million kitobni qoʻlga kiritish imkonini bera olardi.

Amazon.com nafaqat kitob doʻkoni, balki kitobsevarlar fikr almasha oladigan platforma qilinishi rejalashtirilayotgandi. Buning uchun qulay navigatsiya hamda avval sotib olingan kitoblar asosida qilinadigan avtomatik tavsiyalar qatoriga taqrizlar yozish imkoni ham qoʻshildi. Sayt 1995-yilda ishga tushdi. Boshlayotganda qoʻlida 1 million kitobi boʻlgan Amazon.com oʻzini “Yer yuzidagi eng katta kitob doʻkoni” deb atadi. Bezosgacha kitob bozorida hech kim bunday ish qilmagan. 

Amazon ishni boshlaganidan bor-yoʻgʻi 2 oʻy oʻtgach, odamlar kitoblarni AQSHning turli burchaklaridan sotib ola boshlashdi. 1997-yilning 15-may kuni Amazon IPO oʻtkazdi va har bir aksiyasini 18 dollardan savdoga qoʻydi. Birinchi kuni kompaniya 54 million dollar yigʻgan boʻlsa, toʻla kapitallashtirishdan 438 million dollarni qoʻlga kiritdi.

Oʻsha paytlar Amazon internetdagi boshqa saytlar foydalanadigan serverlardan foydalanardi. Biznesni mustahkamlash va tashqi yetkazib beruvchilarga tayanib qolmaslik uchun maʼmuriyat oʻz tizimlarini ishlab chiqishni rejalashtirdi. Shunday qilib, 2006-yili uchta mahsulot : bulutli fayl hostingi Amazon S3, navbatlar xizmati Amazon SQS va virtual xizmatlar ijarasi Amazon EC2 yuzaga keldi. 2007-yilning dekabrida ilk maʼlumotlar bazasini boshqarishning bulutli tizimi – SimpleDB ishga tushdi. Yana bir yildan soʻng kontent yetkazib berilishini optimallashtirish imkonini beradigan tarmoqli infrastruktura – Amazon Cloud Front ham yoʻlga qoʻyildi. 2020-yilning fevral oyi oxiriga kelib Amazonning bulutli xizmatlari soni 175 donaga yetdi. Bu esa kompaniya foydasining muhim koʻrsatkichi.

Amazonning kapitallashuvi oʻsib bormoqda, Jef Bezos esa — hali-hamon sayyoramizning eng boy odami. Bunchalar yaqqol muvaffaqiyatga innovatsiyalarni va IT-infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha ishlarni faol joriy qilmasdan turib erishish juda qiyin.

Biznes doim kengayish imkoniyatlarini izlaydi: talabalar uchun ishlab chiqilgan Facebook sayyoradagi eng katta ijtimoiy tarmoqqa aylandi, Uber butun dunyoga xush kelgan taklifni berdi, Netflix esa bozorda qolish uchun oʻsish jarayonida strategiyasini oʻzgartirib oldi. Selectel kompaniyasi oʻz biznesini maʼlumot markazlari va bulutli texnologiyalardan boshlagan, ammo hozirga kelib, oʻziga xos xizmatlarni koʻrsatuvchi ulkan ekosistemaga ega va Rossiya hududidagi eng katta IT-kompaniyalardan biri sifatida rivojlanib bormoqda.


Muallif: Dmitriy Levin. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Как быстро они растут. С чего начинали известные на весь мир IT-компании” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!